UzNADA: o‘zbekistonlik og‘ir atletikachi sportdan 4 yilga diskvalifikatsiya qilindi
Sportchidan musobaqa davrida olingan doping sinamasida sportda taqiqlangan “Klenbuterol” moddasi borligi aniqlangan.
2 daqiqa o‘qiladi

Og‘ir atletika sport turi bo‘yicha o‘zbekistonlik sportchi Sardor Lapasov Butunjahon antidoping kodeksining 2.1-moddasida ko‘rsatilgan antidoping qoidabuzarligini sodir etganligi sababli 4 yil muddatga diskvalifikatsiya qilindi. Bu haqda O‘zbekiston milliy antidoping agentligi Matbuot xizmati xabar berdi.
2024-yilgi ro‘yxatga kiritilgan modda
Unga ko‘ra, sportchidan musobaqa davrida olingan doping sinamasida sportda taqiqlangan “Klenbuterol” moddasi borligi aniqlangan. “Klenbuterol” moddasi 2024-yilgi taqiqlangan moddalar ro‘yxatiga kiritilgan.
Sportchiga umrbod diskvalifikatsiya muddati qo‘llanilishi mumkin
Diskvalifikatsiya jazo muddatini o‘tayotgan shaxs (sportchi, murabbiy v.x.k) diskvalifikatsiya muddati tugaganga qadar xalqaro va milliy toifadagi musobaqalar va o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida ishtirok etishi taqiqlanadi.
Agar yuqoridagi talablar bajarilmagan taqdirda ushbu sportchiga umrbod diskvalifikatsiya muddati qo‘llanilishi mumkin. Shuningdek, kodeksda sport federatsiyasi yoki assosiatsiyasiga nisbatan ham jazo chorasi qo‘llash mumkinligi belgilangan.
So‘ngi yillarda diskvalifikatsiya qilingan mashhur o‘zbekistonlik sportchilar
Diskvalifikatsiya qilingan sportchilar ko‘proq og‘ir atletika, dzyudo, va kurash sport turlarida uchrab turadi va bunga asosiy sabab sportchida taqiqlangan moddalar borligi. Lekin sportchilar har doim ham dpoing ortidan diskvalifikatsiya qilinmaydi, kelishilgan o‘yinlar ham sportchining sportdan chetlatilishiga sabab bo‘lishi mumkin. O‘zbekistonda so‘ngi 5 yil ichida eng ko‘p diskvalifikatsiya 2021-yilda bo‘lgan. Unga ko‘ra, 15 ta sportchimiz, 10 ta erkak, 5 ta ayol sport o‘yinlaridan turli xil muddatga chetlatilgan.
Ulardan biri mashhur suv polosi sportchisi Danil Yakovlev. U uning doping sinamasida taqiqlangan “Meldonium” moddasi aniqlanib, 3 yil muddatga diskvalifikatsiya qilingan.
Shuningdek, o‘tgan yili o‘zbekistonlik mashhur tennischi Sanjar Fayziyev kelishilgan o‘yinlarda beshta ayblov bo‘yicha aybdor deb topilgan. U 3,5 yilga diskvalifikatsiya qilinib, unga nisbatan 15 ming dollar jarima belgilangan.



