$
 12198.28
-30.3
 14241.49
-41.49
 156.57
0.61
weather
+26
Кечаси   +14°

Doniyor G‘aniyev deputatlik faoliyatini yakunlaganini ma’lum qildi

Doniyor G‘aniyev

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev deputatlik mandatini tugatishga, yangi saylovlarda nomzodini ilgari surmaslikka qaror qildi. U bu haqda o‘zining Telegram kanalida yozib qoldirdi.

Deputatlik faoliyatiga bir nazar

Deputat Doniyor G‘aniyev jamoatchilikka bir qancha muhim muhokamalar sababli keng tanilgan. Unga oid e’tiborga molik holatlar quyidagilar:

2022-yil 19-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi yig‘ilishida davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartirishlar kiritish haqidagi qonun loyihasi ko‘rib chiqilgan va qabul qilingan edi. Majlisda deputat Doniyor G‘aniyev Moliya vazirligidan budjetdan avtomobil korxonalari utilizatsiya yig‘imlarini qoplab berish uchun 225 milliard so‘m qo‘shimcha subsidiya berilishi qanchalik mantiqli ekani haqida so‘ragan edi. Boshqa xarajatlarni qisqartirayotgan paytda, to‘g‘ridan to‘g‘ri monopol korxonalarni xorijdagi mijozi sotib oladigan mashina arzon bo‘lishi uchun 225 milliard so‘m qo‘shimcha subsidiya berishimiz qanchalik mantiqli?”, – deya savol bergan deputat. Bunga javoban, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov bu masala noto‘g‘ri talqin qilinayotganini aytgan.

“Hokimning jiyani ekanim menga qandaydir imtiyoz bermagan”

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev amakisi – Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev haqida fikr bildirdi. D.G‘aniyev Farg‘ona viloyati hokimining jiyani (akasining o‘g‘li) ekaniga oid gap-so‘zlar rost ekanini ta’kidlab, amakisi haqiqatda ziddiyatli shaxs bo‘lib, jamoatchilikda u haqda yaxshi tasavvur shakllanmaganini ochiq e’tirof etgan edi. Biroq uning o‘ta mehnatkash, talabchan, yurtiga va davlat rahbariga sadoqati borasida hatto shubhaga o‘rin yo‘qligini alohida qayd etgan. Shuningdek, Doniyor G‘aniyev mahalliy boshqaruv organiga ishga joylashib, xizmat pog‘onalarida tezda ko‘tarilgani, shuningdek, nomzodi deputatlikka ko‘rsatilishida amakisining ta’siri bo‘lganini inkor qilmaydi. Biroq hozirgacha nimaga erishgan bo‘lsa, o‘z mehnati va harakati natijasi ekanini ta’kidlagan.

O‘zbekistonda muammolarni hal qilishda kuzatilayotgan eng katta xatolar

«Toshkent Besh tashabbus harakati» yoshlar festivalida so‘zga chiqqan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev O‘zbekistonda muammolarni hal qilishda kuzatilayotgan eng katta xatolar haqida gapirib o‘tgan. «Xalq ta’limi, oliy ta’lim deymiz, monopoliya deymiz. Bularning hammasiga yagona yechim — bu qonun ustuvorligi. Iqtisodda raqobatni vujudga keltirish. Iqtisodda raqobat bo‘lsa, korrupsiya ham yo‘qoladi, ta’lim sifati ham oshadi. Monopoliya ham yo‘qoladi. Hamma muammolar bir-biriga bog‘liq ravishda barham topadi. Masalan, bitta muammoni alohida hal qilish deyapmiz, Pastdarg‘om tumani haqida gapiryapsiz. Pastdarg‘omdagi bitta muammoni hal qilish — bu ko‘rpani tortishdek gap-da. Ko‘rpani tortsak, Shohimardon ochilib qolyapti, ular uchun ko‘rpani tortsak, Pastdarg‘omda ochilib qolyapti. Bu vaqtinchalik choralar. Tizimli hal qilinmas ekan, bu baribir vaqtinchalik bo‘lib qolaveradi. Qonun ustuvor, iqtisodda raqobat bo‘lishi kerak», — degan edi deputat.

Dok-1 Maks ishi

Deputat Doniyor G‘aniyev Dok-1 Maks” siropi bilan bog‘liq voqeadan keyin mas’ullarga nisbatan siyosiy javobgarlik belgilanishi va vazirlik qanday xulosa qilganligi haqida so‘ragan edi. Tizimdagi bitta korrupsiya — dorini tegishli tartibda sertifikatsiya qilmaslik oqibatida 65 oila farzandidan judo bo‘ldi. Sudni kuzatish jarayonida, jabrdiyda ota-onalarning g‘amini, qayg‘usini ko‘rib o‘zim ham yig‘ladim. Negaki mening ham ikki nafar farzandim aynan mana shu yoshda. Vafot etgan bolalarning bittasi meni ham farzandim bo‘lishi mumkin edi.

O‘tgan ishdan keyin vazirlik qanday xulosa chiqardi? Bizga shu kabi qo‘pol xato qayta takrorlanmasligiga va’da bera olasizlarmi? Yuqoridagi xatoni yetkazmoqchi bo‘lgan pastki tizimdagi xodimning jazolanmasligiga, bo‘layotgan hodisalar haqida axborot birinchi rahbarga o‘z vaqtida yetib borishi va unga o‘z vaqtida chora ko‘rilishiga va’da bera olasizlarmi yoki bu holat yana davom etaveradimi?”, — degan Doniyor G‘aniyev. Bunga javoban esa vazir Amrillo Inoyatov deputatning e’tirozlarini 100 foiz qabul qilishi va biror bahona qilishga asosi yo‘qligini aytib o‘tgan edi.

Alisher Qodirov bilan dahanaki jang

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari, “Milliy tiklanish” partiyasi raisi Alisher Qodirov 22-iyul kuni Telegramdagi kanalida kambag‘allik mavzusida post yozgan edi. Uning o‘ylashicha, kambag‘allik — mag‘lubiyatga rozilik degani. “O‘zbekistonda kambag‘allik yo‘q deb, uzoq yillar o‘zimizni aldab keldik. 7 yil avval, xalqaro mezonlarga ko‘ra, O‘zbekistonda 34 foiz aholi kambag‘al edi, 2023-yilda bu ko‘rsatkich 14 foizgacha qisqaribdi. Xalqaro mezonlar o‘z yo‘liga, kambag‘allik — mag‘lubiyatga rozilik, deb o‘ylayman”, — deb yozgan u. Shundan so‘ng Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev Twitter’dagi sahifasida Nobel sovrindorlari fikrlarini yozib qoldirgan. “Nobel sovrindorlari Abxijit Banerji va Ester Dyufloning („Poor economics“) fikricha, odamlar mehnat qilmagani uchun emas, balki ko‘p hollarda „kambag‘allik qopqoni“ (ochlik, kasallik, ishsizlik, ta’lim ololmaslik) ga tushib qolishi ortidan qashshoqlikdan chiqolmaydi”, — deb yozgan parlament deputati. Alisher Qodirov o‘z Telegram kanalida yozuvchi Mark Tvenning quyidagi so‘zlarini keltirib o‘tdi: “Hech qachon ahmoqlar bilan tortishmang. Ular o‘z darajalarida tajribalari hisobiga sizni ezib tashlaydilar”. Parlament deputati Doniyor G‘aniyev esa Twitterda “To‘g‘ri, ilmi, hunari yo‘q, dangasa odam kambag‘al bo‘lishi mumkin. Lekin bu hamma kambag‘al shunday degani emas. Xuddi ahmoq odamlar ham deputat bo‘lishi mumkin, lekin bu hamma deputat ahmoqligini anglatmagandek”, — deya tvit yozdi. Shundan so‘ng Doniyor G‘aniyev Telegram kanalida bahsli mavzuga oid post qoldirgan. Uning yozishicha, kambag‘allarga nisbatan diskriminatsiya emas, hamdardlik va qo‘llov kerak. Doniyor G‘aniyevning yuqoridagi faoliyati va tanqidiy chiqishlari uni jamoatchilik orasida keng tanilgan shaxsga aylantirgan. 

“Fuqarolarga yordam bera olish imkoniyati men uchun deputatlikning eng katta sharafi bo‘ldi”

“Saylovchilar bildirgan ishonchni oqlash, ularning dard-u tashvishlarini, muammo va xohishlarini parlament minbariga olib chiqish, qabul qilingan qonunlarni adolatli va insonparvar bo‘lishiga hissa qo‘shish, murojaat qilgan fuqarolarga yordam bera olish imkoniyati men uchun deputatlikning eng katta sharafi bo‘ldi. Bunday imkoniyat va baxt menga nasib qilganidan har doim faxrlanaman” - deb yozadi Doniyor G‘aniyev. Deputatning ta’kidlashicha, inson atrofidagi o‘zgarishlar, reallik bilan hisoblashishi hamda o‘z imkoniyat va qobiliyatlarini to‘g‘ri baholay olishi kerak. “Garchi deputat sifatida samarali faoliyat olib bordim, deb o‘ylasam-da, bu faoliyatda davom etish o‘zim uchun ham, saylovchilar uchun ham manfaatli bo‘lmasligini tushunib yetdim. Menimcha, hayotimda o‘zgarishlar qilish, yangi chellenj va imkoniyatlarni qarshi olishning ayni vaqti”, deya qayd etadi u. Shu sababli Doniyor G‘aniyev deputatlik mandatini tugatishga, yangi saylovlarda nomzodini ilgari surmaslikka qaror qilgan. Bundan keyingi faoliyatini u Vazirlar Mahkamasida investitsiya yo‘nalishida mas’ul xodim sifatida davom ettiradi. G‘aniyev deputatlikdan avval ham shu yo‘nalishda faoliyat yuritgan. Menga o‘z vakilligini ishongan Marg‘ilon okrugi saylovchilariga, faoliyatimni e’tirof etib, qo‘llab-quvvatlagan jamoatchilik faollari, OAV vakillari va ko‘plab bloger do‘stlarimizga bildirilgan ishonch va qo‘llov uchun minnatdorchilik bildiraman.

Shu bilan birga, parlament yig‘ilishlarida har doim o‘z fikrimni aytishga imkoniyat yaratgan Qonunchilik palatasi spikeriga, yalpi va fraksiya yig‘ilishlarida qo‘llab-quvvatlagan hamkasb deputatlarga hamda qonun loyihalarini takomillashtirishda kerak bo‘lsa deputatlardan ham ko‘proq mehnat qiladigan palata devoni xodimlariga ham alohida rahmat aytaman, deydi Doniyor G‘aniyev.

Теги :
Jamiyat