$
 12822.98
13.93
 13823.17
57.28
 131.24
0.68
weather
+26
Кечаси   +14°

Germaniya ko‘ndirdi, navbat Niderlandiyaga(mi?)

Afg Foto: nltimes

Niderlandiya hukumati mamlakatda rad etilgan afg‘on qochqinlarini O‘zbekistonga yubormoqchi. Bu haqda “NL Times” xabar berdi.

Niderlandiya ham O‘zbekistondan umid qilmoqda

Nashrning yozishicha, yaqinda Germaniya O‘zbekistonni afg‘on qochqinlarini qabul qilishga ko‘ndirgan. Endi Niderlandiya ham shunga harakat qilmoqda.

“Ayni paytda hukumat O‘zbekiston bilan qanday kelishuvlarga erishish mumkinligini o‘rganmoqda”, – dedi mamlakat quyi palatasida Qochqinlar masalasi bo‘yicha vazir Marjoleyn Faber.

Ushbu jarayonni ochiqlashdan naf yo‘q

Qayd etilishicha, vazir bu borada boshqa tafsilotlarni ochiqlamagan, shuningdek, qachon ko‘proq ma’lumot berishi mumkinligi haqida ham gapirmagan. Faberning so‘zlariga ko‘ra, bular ilk bosqichdagi muzokaralar va shunchaki o‘rganishlar bo‘lib, ushbu jarayonni ochiqlashdan naf yo‘q.

Yevropa davlatlari afg‘onlarni qabul qilishga unchalik tayyor emas

Nashrga ko‘ra, chet elda barcha huquqiy himoya choralaridan, ayniqsa jinoyat bilan bog‘liq himoya choralaridan foydalanib bo‘lgan boshpana izlovchilar o‘z mamlakatlarida ko‘pincha qabul qilinmaydi. Niderlandiya va boshqa Yevropa davlatlari esa yillar davomida ularni qanday qilib vataniga qaytarish yo‘llarini topishga intilib kelmoqda. Bu davlatlar rad etilgan afg‘onlarni qabul qilishga unchalik tayyor emas, chunki ular “Tolibon” hukumatni egallab olganidan beri Afg‘oniston bilan rasmiy aloqaga ega emas.

Nashrga ko‘ra, shu sababli Germaniya afg‘on qochqinlarini O‘zbekiston orqali qaytarishni rejalashtirmoqda. Ikki davlat o‘tgan oyda o‘zbekistonlik mehnat migrantlarini qabul qilish va rivojlanish yordami kabi boshqa imtiyozlar evaziga buni kelishib oldi.

Germaniya “Tolibon” hukumati bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilishni xohlamagan

Bloomberg nashri may oyining oxirida Germaniya IIV vaziri Nensi Fezer buyrug‘i bilan Germaniya delegatsiyasi Toshkentga kelib, O‘zbekiston hukumati bilan tegishli reja yuzasidan muzokaralar o‘tkazganini ma’lum qilgandi.

“Nemis delegatsiyasi O‘zbekiston hukumatiga maxsus reja taklif qilgan bo‘lib, bu reja Germaniyaning Afg‘onistondan kelgan nomzodlarni charter reyslar yordamida Toshkentga yetkazish imkonini berishi mumkin. Bu Germaniyaning “Tolibon” hukumati bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot qilishini talab qilmaydi,” — deb yozgan nashr.

Germaniya delegatsiyasi Toshkentdan qaytib, muzokaralar samarali o‘tganini va O‘zbekiston hukumati yordam berishga va’da berganini ma’lum qilgan.

O‘zbekistonning qanday talab qo‘ygan?

O‘zbekiston mamlakatdan Germaniyaga malakali kadrlar borishini tartibga soluvchi rasmiy migratsiya kelishuvini imzolashni ilgari surgan. Bunday kelishuv ustida bir necha oylardan beri ish olib borilmoqda.

Birinchi deportatsiyaga Qatar hamkorlik qildi

30-avgust kuni ilk marta Germaniya hukumati bir guruh afg‘onistonliklarni o‘z vataniga qaytardi. Germaniya hukumati rasmiy vakili Shteffen Hebeshtrayt Afg‘onistonga qaytarilgan shaxslar jinoyatchilar ekani va ular Germaniyada qolishga haqli emasligini aytgan.

Afg‘onistonliklar Leypsig aeroportidan Qatar Airways shirkati samolyoti orqali deport qilingan. Berlin hukumati “Tolibon” ma’muriyati bilan rasmiy aloqaga ega emasligi sabab jarayonga Qatar davlati ko‘mak bergan va vositachilik qilgan. Germaniyadan deportatsiya qilingan dastlabki guruh 28 nafar afg‘onistonlikdan iborat.

Теги :
Jamiyat