$
 12855.93
11.93
 13570.72
20.3
 128.16
-0.14
weather
+26
Кечаси   +14°

Noodatiy xotira yo‘qolishi: Keng tarqalgan infeksiyalar demensiyaga chalinish xavfini oshiradi

demensiya

Olimlar tez-tez uchraydigan infeksiyalar, miyaning xotira uchun muhim bo‘lgan qismlariga ta’sir qilish orqali demensiya rivojlanish xavfini oshirishi mumkinligini aniqlashdi. Jahonda har yili demensiyaning 10 millionga yaqin yangi holatlari qayd etiladi. Agarda insonlar salomatlikka yetarli e’tibor qaratishmasa, ushbu kasallikka chalinganlarning umumiy soni 2050-yilga kelib, 152 million bo‘lishi taxmin qilinmoqda.

Demensiya nima?

Ma’lum qilinishicha, 60 yoshdan oshgan odamlarda xotira, diqqat va nutqning biroz darajada buzilishi keng tarqalgan. Bu yoshga bog‘liq tabiiy o‘zgarishlarga monand, odatda, oddiy turmush tarziga ulkan to‘siq bo‘lmaydi. Ammo ba’zi hollarda bu buzilishlar demensiyaga aylanadi. Kasallikning nomi lotincha de (“dan”) va mens (“aql”, “idrok”) degan ma’noni anglatib, so‘zma-so‘z “o‘z ongidan ajralish holati” sifatida tarjima qilinishi mumkin.

“Demensiya bilan kognitiv faollik pasayadi, bilim va ko‘nikmalarning bir qismi yo‘qoladi”,— deydi nevrolog Igor Matsokin. “Bu mustaqil kasallik emas, balki Altsgeymer, Parkinson, Binsvanger kasallari va boshqa kasallik alomatlari majmuasidir. Bundan tashqari, demensiya organizmning boshqa patologiyalarining natijasi bo‘lishi mumkin, bu esa asab tizimiga ikkinchi darajali ta’sir qiladi”.

“Surunkali demensiya bilan og‘rigan keksa bemorlarning aksariyati (taxminan 60-80 foizi) Altsgeymer kasalligiga chalingan. Bu bemorlarning ko‘pchiligi gipertoniya, qandli diabet, ateroskleroz fonida miyaning qon tomir kasalliklaridan aziyat chekadi”, deb qo‘shimcha qiladi nevrolog, parkinsonolog Natalya Orishich. “Shuning uchun, klinik amaliyotda demensiyaning aralash shakli eng keng tarqalgan”.

Kasallikka chalingan bemor farzandlarini ota-onasi deb qabul qiladi

Miya faoliyatidagi qaytarilmas buzilishlar inson hayotini va uning shaxsiyatini butunlay o‘zgartiradi. U yangi ma’lumotni eslay olmaydi, eski bilimlaridan mahrum bo‘ladi va mantiqiy fikrlash qobiliyatini yo‘qotadi, yaqinlarini tanimaydi yoki chalkashtiradi. Masalan, u o‘z bolalarini uzoq yillar oldin vafot etgan ota-onasi sifatida qabul qiladi. Bunday bemorlarga odatda kecha-yu kunduz parvarish talab qilinadi.

Dunyoda har yili demensiyaning 10 millionga yaqin yangi holatlari qayd etiladi. Ushbu kasallikka chalinganlarning umumiy soni 2030-yilda 82 million, 2050-yilda esa 152 million bo‘lishi taxmin qilinmoqda.

Gripp, teri va virusli infeksiyalar demensiyani keltirib chiqaradi

Demensiya bilan bog’liq tadqiqotda qatnashgan 982 ishtirokchining ma’lumotlarini tahlil qilinib, ishtirokchilarning miya hajmi va infeksiyalar tarixini kuzatildi. Jarayonda oltita infeksiya katta miya hajmini yo‘qotish bilan bog‘liqligi aniqlandi.

Ushbu kasalliklarga gripp, gerpes viruslari, yuqori va pastki nafas yo‘llarining infeksiyalari, teri infeksiyalari va turli virusli infeksiyalar kiradi. Bundan tashqari, gripp va gerpes infeksiyalari miyaning xotira uchun juda muhim bo‘lgan qismlarining hajmining kichrayishiga sabab bo‘ladi.

Olimlarning fikriga qaraganda, bu natijalar infeksiyalarning demensiya ehtimoliga ta’sirini tasdiqlaydi va miya faoliyatidagi buzilishlarning rivojlanishini chuqur o‘rganish uchun yangi imkoniyatlar ochadi.