$
 12739.95
7.39
 14191.03
9.5
 139.14
-0.23
weather
+26
Кечаси   +14°

Davlat xizmatchilari ishdan tashqari qanday haq to‘lanadigan faoliyatlar bilan shug‘ullanishi mumkin?

davlat-xizmatchilari

Davlat xizmatchilari tadbirkorlik bilan shug‘ullana olmaydi. Lekin haq to‘lanadigan boshqa ishlar bilan-chi? Masalan, reklamaga suratga tushish? Huquqshunos, kolumnist Murodjon Najmiddinov mazkur masalaga mehnat, reklama, intellektual mulk, davlat fuqarolik xizmatiga oid qonunchilik hamda davlat xizmatchilarining odob-axloq qoidalariga asosan javob berdi.

Reklama qonunchiligi: davlat xizmatchisi reklamada tushishi, umuman, reklama bilan bog‘liq munosabatlarga kirishishi mumkinmi?

So‘z boshida, ta’kidlash lozimki, "Reklama to‘g‘risida"gi qonunda davlat xizmatchisi reklamada tushishi, umuman, reklama bilan bog‘liq munosabatlarga kirishishiga oid aniq va qat’iy taqiq yo‘q.

Shunga qaramay, qonun davlat xizmatchisiga reklamaga tushishni taqiqlamasa, reklama beruvchiga ulardan foydalanishni taqiqlaydi. Xususan, "Reklama to‘g‘risida"gi qonunning 16-moddasiga asosan reklamada tovar (yoki xizmat) davlat xizmatchisi tomonidan ma’qullanganligini ko‘rsatish taqiqlanadi.

Masalan, tovar reklamasida Ozodbek Nazarbekov ishtirok etgan holatda ham Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tegishli tartibda ish qo‘zg‘atib, korxona yuqorida keltirilgan reklama talablariga buzgan deb topgan. Qo‘mitaga ko‘ra, ushbu korxonaga nisbatan belgilangan tartibda moliyaviy jarima qo‘llash haqida qaror qabul qilindi va qonunbuzilishi holatini bartaraf etish va kelgusida takrorlamaslik yuzasidan ko‘rsatma berilgan.

Davlat fuqarolik xizmatiga oid qonunchilik: asosiy ishidan tashqari boshqa faoliyat bilan shug‘ullana oladimi?

"Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida"gi qonunda davlat fuqarolik xizmatini o‘tash bilan bog‘liq ayrim cheklovlar belgilangan. Jumladan, qonunning 13-moddasiga ko‘ra, davlat fuqarolik xizmatchisi tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishga haqli emas.

Xo‘sh, tadbirkorlik faoliyati deganda aynan nimani tushunishimiz kerak? "Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida"gi qonunga asosan tadbirkorlik faoliyati deganda tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladigan, o‘zi tavakkal qilib va o‘z mulkiy javobgarligi ostida daromad (foyda) olishga qaratilgan tashabbuskorlik faoliyati tushuniladi.

Tadbirkorlik subyektlari esa davlat ro‘yxatidan o‘tgan hamda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan yuridik va jismoniy shaxslar hisoblanadi. Qonunga ko‘ra, davlat organlari, ularning mansabdor shaxslari tadbirkorlik subyekti bo‘lishi mumkin emas.

Axir reklama roligida ishtirok etish tadbirkorlik faoliyati emas-ku?

Shunga qaramay, aytish kerakki, reklama roligida ishtirok etish tadbirkorlik faoliyati emas. Xo‘sh, bunga qonunan qanday baho berish mumkin?

"Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida"gi qonun davlat xizmatchisiga pedagogik, ilmiy va ijodiy faoliyatdan tashqari haq to‘lanadigan boshqa faoliyat bilan shug‘ullanishni taqiqlaydi.

Reklama roligigida ishtirok etish bularning qay biriga kiradi? Shubhasiz, pedagogik va ilmiy faoliyat emas. Bizda birgina variant – ijodiy faoliyat qolmoqda.

Pul to‘lanmasa mumkin

"Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida"gi qonunga asosan fan, adabiyot va san’at asarlari ijodiy faoliyat natijasi hisoblanadi. Bunda ularning qanday maqsadda yaratilganligini umuman ahamiyati yo‘q – ma’naviy ruhiy ehtiyojni qondirish yoki shunchaki pul topish.

Reklama roligi, o‘z navbatida, audiovizual asar sifatida mualliflik huquqi obyekti sanaladi.

Bundan kelib chiqadiki, reklama roligida tushish – ijodiy faoliyat va davlat xizmatchisiga bu orqali pul topish taqiqlanmagan. Qonun bo‘yicha shunday, ammo masalaning yana bir nozik jihati bor – hamma reklama roliklari ham badiiy qiymatga ega bo‘lmasligi mumkin. Aytaylik, syujet, dialoglar oddiy "ko‘cha gaplari", ijro ham haminqadar, qisqacha aytganda, reklama roligi mualliflik huquqi obyekti emas.

Bu holatda davlat xizmatchisi reklamaga tushishi mumkin emasmi? Javob – reklamaga tushishi mumkin, agarda buning uchun davlat xizmatchisiga pul to‘lanmasa. Agar davlat xizmatchisi reklamaga tushsa va buning uchun pul olmasa, unda hech qanday ta’qiq yo‘q.

Istisnolar bormi?

Birinchidan, qonun va Prezident qarorlari bilan davlat xizmatchisi shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari belgilanishi mumkin.

Ikkinchidan, qonunga asosan davlat xizmatchisi shug‘ullanishi mumkin bo‘lmagan haq to‘lanadigan faoliyat turlari ro‘yxati korrupsiyaga qarshi kurashish va davlat fuqarolik xizmati bo‘yicha maxsus vakolatli davlat organlari tomonidan belgilanadi.

Ya’ni ro‘yxatga kiritilmagan istalgan faoliyat bilan shug‘ullanish mumkin. Ammo hozircha bunday ro‘yxatning o‘zi yo‘q.

Qonun jihatidan to‘g‘ri, ammo kasbiy madaniyatga zid

Davlat xizmatchisi pul olmaslik sharti bilan istalgan tovar (xizmat)ning reklamasida ishtirok etaveradimi? Yuqorida tahlil qilingandek, qonun bunga yo‘l qo‘yadi. Ammo qonuniy jihatdan to‘g‘ri bo‘lganligi bilan bu yerda yana bir nozik masala – davlat xizmatchilarining odob-axloq qoidalarini inobatga olish kerak.

Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 14-oktyabrdagi 595-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat fuqarolik xizmatchilari odob-axloqining namunaviy qoidalarida xodimning xulq-atvoriga nisbatan talablar belgilangan.

Masalan, davlat xizmatchilari ish davomida va ishdan tashqari vaqtida davlat xizmatining obro‘siga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan xatti-harakatlardan tiyilish, axloq normalariga doimiy rioya qilishi shart.

Davlat xizmatchisi o‘zining xatti-harakati va axloqi tufayli jamoatchilikning tanqidiga uchramaslik choralarini ko‘rishi, tanqid uchun ta’qibga yo‘l qo‘ymasligi lozim.

Shuningdek, o‘zi faoliyat yuritgan davlat organlari va tashkilotlari hamda davlat xizmatiga dog‘ tushiruvchi xatti-harakatlardan tiyilishi shart.

Odob-axloq qoidalariga rioya etmaganlik holati uladavlat ishchilariga nisbatan axloqiy va intizomiy ta’sir choralarini qo‘llash uchun asos bo‘la oladimi?

Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, odob-axloq qoidalari har bir davlat organining o‘zi tomonidan ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi. Odob-axloq qoidalariga rioya etilishi ustidan nazorat davlat organlari va tashkilotlarining inson resurslarini boshqarish bo‘linmalari yoki Odob-axloq komissiyalari, shuningdek maxsus vakolatli davlat organi tomonidan amalga oshiriladi.

Davlat xizmatchilari tomonidan Odob-axloq qoidalariga rioya etmaganlik holati ularga nisbatan axloqiy va intizomiy ta’sir choralarini qo‘llash uchun asos bo‘lishi mumkin.

Odob-axloq qoidalariga rioya etilishini nazorat qiluvchi tarkibiy bo‘linma tashkilot rahbarining xatti-harakatiga baho berishda qay darajada xolislikni ta’minlay oladi – bunisi alohida masala.

Теги :
Жамият