Sirdaryoda 21 tup qayragʻochni noqonuniy kesganlar ozodlikdan mahrum qilindi
Ekologiya vazirligining ma’lumot berishicha, daraxtlar kesilishi natijasida tabiatga 1 459 144 milliard soʻm zarar yetkazilgan.
1 daqiqa o‘qiladi

Sirdaryoda 21 tup qayrag‘och daraxtini kesib, sotib yuborgan fuqarolar ozodlikdan mahrum qilindi. Bu haqida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi ma’lum qildi.
Qayragʻoch savdosi
Unga koʻra, Sirdaryo viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi tomonidan fermer xoʻjaligi rahbari M.A. sheriklari bilan oldindan til biriktirib, 2023-yilning dekabr va 2024-yilning yanvar oylarida oʻziga qarashli boʻlgan dala maydoni chetida koʻkarib turgan jami 21 tup qayragʻoch daraxtlarini qonunga xilof ravishda kesib, sotib yuborganligi aniqlangan.
Tabiatga yetkazilgan zarar
Ularga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 198-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan edi.
Daraxtlar kesilishi natijasida tabiatga 1 milliard 459 million 144 ming soʻm zarar yetkazilgan.
Qilmish qidirmish
Sudda M.A, A.A. va K.Z. ning 21 tup qayragʻoch daraxtini qonunga xilof ravishda kesib, sotib yuborganligi oʻz isbotini topdi. Sud qarori bilan daraxt kushandalaridan tabiatga yetkazilgan zarar undirilishi belgilandi. Shuningdek, har bir sudlanuvchiga 2 yildan ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.



