$
 12102.39
-33.37
 13990.36
-77.41
 153.08
-0.32
weather
+26
Кечаси   +14°

Kuba: Energiya va oziq-ovqat inqirozi fonida ommaviy norozilik namoyishlari bo‘lmoqda

Kuba

2026-yil 14-mart Kubaning Morón shahri, Ciego de Ávila provinsiyasida so‘nggi yillardagi eng keskin norozilik namoyishlaridan biri sodir bo‘ldi. Tinch boshlangan miting zo‘ravonlikka aylandi. Namoyishchilar mahalliy Kommunistik partiya binosiga hujum qilib, derazalarni sindirdi, mebellarni ko‘chaga chiqarib, ularga o‘t qo‘ydi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda olov va “Libertad!” (Ozodlik!), “Patria y Vida” hamda “Abajo el comunismo” (Kommunizmga qarshi) hayqiriqlari aniq ko‘rinadi. Voqea 13-mart kechasi boshlangan va 14-mart tongiga qadar davom etgan. Namoyishchilar asosan El Vaquerito mahallasidan chiqqan, ular elektr energiyasi uzilishlari, oziq-ovqat tanqisligi va yoqilg‘i yetishmovchiligiga qarshi chiqishgan. Bir necha soat davom etgan namoyishda politsiya bilan to‘qnashuvlar bo‘lgan va ba’zi videolarda o‘q ovozlari ham eshitilgan. Mustaqil manbalar (CiberCuba, Cubanet) politsiya o‘q uzganini aytgan bo‘lsa-da, rasmiy kubalik OAV buni rad etdi va “hech kim otib yaralanmagan, faqat bir kishi mast holda yiqilib kasalxonaga tushgan” deb bayonot berdi. Hukumat namoyishchilardan 5 kishini hibsga olgan.

Sabablar: Energiya va oziq-ovqat inqirozi

Kuba hukumati tan olganidek, 3 oydan beri hech qanday neft yetkazib berilmayapti. Bu AQShning “neft blokadasi” Trump ma’muriyati Venesuela neft ta’minotini to‘xtatishi va boshqa manbalarni cheklashi natijasidir.  Natijada elektr stansiyalari to‘xtab, mamlakatning ko‘p qismida kuniga 12–20 soat elektrda uzilishlari bo’lmoqda. Shuningdek  suv ta’minoti, transport, oziq-ovqat saqlash va hatto kasalxona operatsiyalari ham to’xtatilgan. Prezident Miguel Díaz-Canel 13-mart kuni chiqib, neft kirmaganini tan oldi va AQSh bilan muzokaralar boshlanganini e’lon qildi. Bu voqea 2021-yil 11-iyuldagi katta noroziliklardan keyingi eng jiddiy holat hisoblanadi va birinchi marta Kommunistik partiya binosi to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoqib yuborildi. Namoyishchilar endi faqat elektr va oziq-ovqat tanqisligiga emas, balki “kommunizmni yo‘q qilish” talabini ham ilgari surmoqda. Hukumat buni “manipulyatsiya qilingan vandallik” deb atab, internetni cheklab qo’ydi. Agar AQSh bilan muzokaralar muvaffaqiyatsiz bo‘lsa, namoyishlar butun mamlakatga tarqalishi mumkin. AQSh tomoni esa “Kuba halokat yoqasida” deb bosimni kuchaytirmoqda.

                                                           Zebuniso Abdusalimzoda,

UZ24.uz uchun tayyorlandi

Теги :
Siyosat