$
 12047.45
26.55
 14099.13
110.41
 151.90
-3.59
weather
+26
Кечаси   +14°

Voyaga yetmagan bolalarning huquqlari qay darajada kafolatlangan?

Law for children Law for children

Hozirgi kunga kelib dunyo aholisi 8 milliarddan oshib ketdi va shundan 34 foizini 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar tashkil qiladi. Xo‘sh, voyaga yetmagan bolalar huquqlari qay darajada kafolatlangan?

Huquqiy kafolat nima o‘zi?

Odatda, huquq kafolati haqida so‘z borganda, amaldagi qonun hujjatlari, ularning mazmuniga singdirilgan huquqiy normalarning mazmuni tushuniladi. Shuni ham ta’kidlash lozimki, huquqiy normalar ideal holatda mavjud bo‘lar ekan, undan biron-bir kamchilik topish mushkul.

Masalan, “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunning 8-moddasiga ko‘ra, “Yashash huquqi har bir bolaning uzviy huquqidir. Bola hayotiga suiqasd qilish eng og‘ir jinoyatdir”, deb belgilangan. Bu o‘rinda qonun chiqaruvchi bolaning yashash huquqlari kafolatlarini normalagan.

Qonunchilikda bola huquqlari kafolatlangan, ammo...

Xuddi shunday tarzda bolaning har bir huquqi mulkiy, shaxsiy nomulkiy huquqlari qonun normalari mazmuniga singdirilib, uning alohida huquqiy mexanizmlari qonun hujjatlarida o‘z ifodasini topadi.

Bolaning oilada yashash va tarbiyalanish huquqi, o‘z fikrini erkin ifoda etish huquqi, ota-ona va qarindoshlari bilan ko‘rishish huquqi hamda boshqa muhim huquqlari nazarda tutilgan. Shunday bo‘lsa-da, bolaning yashash joyini belgilash, uning fikrini inobatga olishga doir huquqlar qonunchilikda aniq ifodalanishi zarur.

Bola huquqlariga kelganda qonun qay darajada ishlaydi?

Ba’zida ijtimoiy tarmoqlarda bolalarga nisbatan zo‘ravonlik ishlatilayotganligi holatlari ko‘rsatilmoqda. Bu garchi salbiy holat bo‘lsa-da, unga nisbatan muayyan huquqiy choralarning qo‘llanilishi kelgusida bola huquqlari buzilishining oldini olish bilan birga, kafolatlar qay darajada amalda ishlashini ham ko‘rsatadi.

Masalan, AQShning “Politsiya to‘g‘risida”gi qonunining 29 a-bandiga ko‘ra, zo‘ravonlik ishlatgan oila boshlig‘ining uyga kirishi, xotini va bolalari bilan ikki hafta davomida har qanday aloqa qilishi taqiqlanadi. AQSHning ko‘plab shtatlarida o‘tgan asrning 60-yillari oxirida fuqarolar bolalarga nisbatan zo‘ravonlikda gumon qilingan taqdirda har bir holat bo‘yicha rasmiylarga hisobot berishga majbur qiladigan qonunlar qabul qilingan.

Bola qachon ota-onaga qarshi da’vo qo‘zg‘ay oladi?

Agar bola oilaviy ahvolidan norozi bo‘lsa va sudga murojaat qilsa, unga ota-onasi yoki vasiylariga sudga kelishlari shartligi to‘g‘risida xabar berish kifoya. Ota-onalariga qarshi da’vo qo‘zg‘atish uchun bola kamida 14 yoshda bo‘lishi kerak. Bola, shuningdek, o‘z daromadi borligini va o‘zi haqida o‘zi g‘amxo‘rlik qilishi mumkinligini isbotlashi kerak.

Xalqaro qonunlarda bola huquqlari

Bolalar va o‘smirlar huquqlarining tengligi va ularga nisbatan kamsitishni taqiqlash to‘g‘risidagi normalar 1948-yildagi Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida va 1966-yildagi ikkala Paktda ham mustahkamlangan. Xususan, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 2-moddasida irqi, terisining rangi, jinsi, tili, dini, siyosiy yoki boshqa e’tiqodlari, milliy yoki ijtimoiy kelib chiqishi, mulki, tuzilishi yoki boshqa maqomidan qat’i nazar, har kim ushbu deklaratsiya tomonidan e’lon qilingan barcha huquq va erkinliklarga ega bo‘lishi kerakligi belgilangan.

Mutaxassisdan takliflar

So‘nggi yillarda bolalar va o‘smirlar dunyosida katta o‘zgarishlar ro‘y berdi, ko‘plab texnik yangiliklar paydo bo‘lmoqda va ularning bo‘sh vaqtlarida mustahkam o‘rin egalladi (shaxsiy kompyuter, internet, elektron o‘yinlar, mobil telefon va boshqalar). Professor, huquqshunos Bahromjon Topildiyevga ko‘ra, ushbu yangiliklardan foydalanish ko‘pincha yoshlar uchun yangi xavflarni keltirib chiqaradi, bu holat, albatta, bola huquqlari kafolatlari to‘g‘risidagi qonunchilikda inobatga olinmog‘i zarur. Germaniyada yoshlarni himoya qilish to‘g‘risidagi amaldagi qonun ommaviy axborot vositalariga tegishli taqiqlovchi qoidalarni ko‘rsatadi. Har bir yosh o‘z rivojlanishi va tarbiyasida davlat tomonidan yordam olish huquqiga ega bo‘lganligi sababli, ushbu qonun mumkin bo‘lgan xavf-xatarlardan qochish uchun ularning muayyan xizmatlar, sport va ko‘ngilochar takliflari bo‘yicha vakolatlari to‘g‘risidagi qoidalarni mustahkamlaydi. Qonunda shuningdek, o‘z iqtisodiy manfaatlarini bolalar va o‘smirlar himoyasidan ustun qo‘ygan tadbir tashkilotchilariga hamda u yoki bu faoliyat bilan shug‘ullanuvchi shaxslarga nisbatan sanksiyalar nazarda tutilgan. Qonun qoidalari ota-onalar, murabbiylar, o‘qituvchilar va boshqa pedagog xodimlarni yoshlar o‘rtasida ta’lim olish ishlarida qo‘llab-quvvatlashi lozim.

Bola o‘z fikrini ifoda qilishga haqli

Sud jarayoni voyaga yetmaganlarning qonuniy manfaatlariga ta’sir ko‘rsatadigan oilaviy-huquqiy nizolar va ziddiyatlarni hal qilishning asosiy shakli bo‘lib qolmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 68-moddasiga ko‘ra, oilada bolaning manfaatlariga taalluqli har qanday masala hal qilinayotganda bola o‘z fikrini ifoda qilishga, shuningdek, har qanday sud muhokamasi yoki ma’muriy muhokama davrida so‘zlashga haqlidir. Bunda qaror qabul qilishga vakolatli bo‘lgan organlar va mansabdor shaxslar bolaning manfaatlariga taalluqli masalalarni hal qilishda bolaning fikrini, uning yoshidan qat’i nazar, ko‘rib chiqishi hamda bolaning eng ustun manfaatlaridan kelib chiqqan holda qarorlar qabul qilishi kerak.

Bolaning ota-ona bilan ko‘rishi huquqi

Bolaning huquqlariga doir masala sud tomonidan ko‘rilganda, faqat o‘n yoshga to‘lgan bolaning roziligi bilan qaror qabul qilinishi mumkin. Bunday holatlarning ro‘yxati qat’iy va yopiq bo‘lib, keng talqin qilinmaydi.

Nikohdan turli sabablarga ko‘ra ajrashgan fuqarolar, ayniqsa, otalar o‘z farzandlari bilan ko‘rishish uchun sudga murojaat qiladi. Sud esa bola bilan, odatda, dam olish kunlari 1 yoki 2 soat uchrashish vaqtini belgilab beradi. Tabiiyki, bu jarayonlarda sud ijrochisi ishtirok etadi. Keyin esa ushbu sudning qarori qay darajada ijrosi ta’minlanishi noaniq. Bu esa bolaning ota-ona bilan ko‘rishi huquqining ma’lum darajada buzilishiga olib kelishi mumkin.

Huquqiy kafolatni qanday ta’minlash mumkin?

Bola huquqlarining kafolatlarini belgilashda ularning otasi yoki onasi, shuningdek, qarindoshlari bilan ko‘rishib turishini ta’minlashning huquqiy asoslarini kuchaytirish zarur. Bunda muloqotni kengaytirish, ya’ni agar ota-ona yoki boshqa qarindoshlar bola bilan ko‘rishish va muloqot qilishni davom ettirishda qiyinchilikka duch kelsa, aloqa vaqtini uzaytirish yoki telefon qo‘ng‘iroqlari, video qo‘ng‘iroqlar yoki xatlar kabi qo‘shimcha kontaktlarni kiritish zarur.

Теги :
Jamiyat