$
 12015.96
-26.53
 14051.46
-96.06
 160.30
-0.25
weather
+26
Кечаси   +14°

Chernobil: KGB yashirgan 40 yillik sir

chernobil

2026-yilning 26-aprelida insoniyat tarixidagi eng yirik texnogen halokat — Chernobil atom elektr stansiyasidagi fojiaga roppa-rosa 40 yil toʻldi. Oradan shuncha vaqt o‘tgan boʻlsa-da, bu voqea hamon atom energetikasi xavfsizligi va ekologik barqarorlik masalalarida eng katta dars boʻlib qolmoqda. Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (IAEA) hamda BMT xulosalariga ko‘ra, Chernobil avariyasi yadroviy energetika sohasida “texnologik intizom” va “axborot shaffofligi” naqadar muhim fundamental prinsiplar ekanligini tasdiqlab berdi.

Mash’um tun: Fojia qanday sodir bo‘ldi?

1986-yil 26-aprel kuni tungi soat 01:23 dan 58 soniya o‘tganda, Belarus chegarasi yaqinida joylashgan Chernobil AESning 4-quvvat bo‘linmasida qator portlashlar yuz berdi va reaktor binosi vayronaga aylandi.

Barchasi 25-aprel kuni olib borilayotgan rejalashtirilgan texnik sinovdan boshlangan edi. Maqsad — elektr ta’minoti uzilgan taqdirda, turbinalar inersiya hisobiga qisqa vaqt sovitish nasoslarini ishlata olish-olmasligini tekshirish bo‘lgan. Biroq sinov jarayonida ayrim avtomatik xavfsizlik tizimlari o‘chirib qo‘yildi va reaktor beqaror rejimda ishlay boshladi. Operatorlar xavfni sezib reaktorni to‘xtatishga uringanda, konstruksiyadagi kamchilik sabab boshqaruv sterjenlari tushirilayotgan paytda quvvat keskin oshib ketdi. Bosimning tez ko‘tarilishi oqibatida ketma-ket ikki marta portlash sodir bo‘ldi va atrof-muhitga ulkan miqdorda radioaktiv modda tarqaldi.

Vaziyat shunchalik dahshatli ediki, portlashdan so‘ng qisqa vaqt ichida yaqin atrofdagi o‘rmon daraxtlari yuqori radiatsiya ta’siridan to‘q sariq va qizil rangga kirgan. Dastlabki soniyalarda ikki kishi halok bo‘ldi, biroq keyingi oylarda o‘tkir nurlanish kasalligi tufayli qurbonlar soni keskin ortib ketdi. Garchi rasmiy ma’lumotlarda dastlab 31 kishi halok bo‘lgani aytilsa-da, mutaxassislar umumiy qurbonlar soni minglab kishiga yetganini ta’kidlashadi.

Sukut siyosati va vahimadan qochish xatosi

Avariyadan so‘ng sovet rahbariyati fojia ko‘lamini o‘z fuqarolaridan va xalqaro hamjamiyatdan qasddan yashirdi. SSSR hukumati faqatgina 28-aprel kuni kechqurun, ya’ni Shvetsiya stansiyalari atmosferada radiatsiya darajasi oshganini aniqlab, bong urgandan keyingina qisqa rasmiy bayonot berishga majbur bo‘ldi.

“Vahima uyg‘otmaslik” bahonasi minglab insonlar hayotiga zomin bo‘ldi. Masalan, radiatsiya darajasi o‘ta yuqori bo‘lishiga qaramay, 1-may kuni Kiyev va Minsk shaharlarida o‘n minglab odamlar (jumladan bolalar) bayram namoyishlariga olib chiqilgan. Buning oqibatida minglab bolalar va kattalar keyinchalik qalqonsimon bez saratoni kabi og‘ir kasalliklarga chalinishdi.

Buni Belarus Fanlar akademiyasi Yadro energetikasi institutining sobiq direktori Vasiliy Nesterenkoning so‘zlari ham tasdiqlaydi: “…odatiy yod: bolalarga yarim stakan kiselga ikki-uch tomchi tomizib beriladi, kattalarga – uch-to‘rt tomchi. Reaktor o‘n kun yondi, o‘n kun shu ishni qilish kerak edi. Lekin bizni hech kim tinglamadi!”.

SBU ochgan KGB sirlari

Ukraina Xavfsizlik xizmati (SBU) e’lon qilingan arxiv ma’lumotlariga ko‘ra, sovet rahbariyati Chernobilning xavfli ekanini ancha oldin bilgan. Buni quyidagi faktlar tasdiqlaydi:

• 1982-yil: Stansiyada radiatsiya chiqishi yuz bergan, ammo bu holat ommadan sir tutilgan.

• 1983-yil: Moskva rahbariyatiga xavfsizlik uskunalari yetarli emasligi sababli Chernobil AES “SSSRdagi eng xavfli atom stansiyalaridan biri” ekani haqida xabar qilingan.

• 1984-yil: Stansiyada navbatdagi favqulodda vaziyatlar sodir bo‘lgan.

• 1987-yil: Fransuz jurnalisti hududdan suv va tuproq namunalarini olganda, KGB xodimlari haqiqiy ahvolni yashirish maqsadida ularni soxta namunalar bilan almashtirib qo‘ygan.

Robotlar o‘rnini bosgan insonlar va mo‘jizaviy g‘avvoslar

Fojia oqibatlarini bartaraf etishda inson omili hal qiluvchi rol o‘ynadi. Tomdagi radioaktiv grafitni tozalash uchun Germaniya va Yaponiyadan keltirilgan robotlarning elektronika tizimi radiatsiya ta’sirida bir necha daqiqadayoq ishdan chiqqan.

Natijada bu vazifani “biorobotlar” — insonlar bajarishiga to‘g‘ri keldi; har bir ishchi tomda faqat 40 – 90 soniya ishlashi mumkin edi xolos.

Eng dahshatli xavflardan biri reaktor ostidagi suv havzasi edi. Agar u bo‘shatilmasa, ikkinchi portlash yuz berib, butun Yevropa vayron bo‘lishi mumkin edi. Shu lahzada uch nafar ko‘ngilli g‘avvos — Aleksey Ananenko, Valeriy Bezpalov va Boris Baranov o‘limga tik qarab, radioaktiv suv ostiga tushib klapanlarni ochishga muvaffaq bo‘lishdi. Mo‘jiza tufayli ularning hammasi uzoq umr ko‘rgan.

Chernobil atrofidagi hudud hozirda ham dunyodagi eng radioaktiv joylardan biri bo‘lib qolmoqda. Bu fojia insoniyatga bitta juda og‘riqli, ammo aniq saboq qoldirdi: eng katta xavf reaktorning o‘zida emas, balki uni boshqarayotgan hamda haqiqatni yashirishga uringan noshaffof tizimda edi.

Теги :
Jamiyat