$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

Chaqaloqlar ko‘p bezovtalanishi ham kasallik alomati

raxit

Tadqiqotlarga qaraganda kuz-qish faslida tug‘ilgan bolalarning ko‘pchiligi D vitamini yetishmovchiligi bilan tug‘iladi. Sababi bu fasllarda tug‘ilgan bola uchun quyosh nuri yetarli bo‘lmaydi. Xo‘sh, D vitamini yetishmovchiligi tibbiyotda nima deb ataladi? Uning belgilari qanday? Qanday davo usullari mavjud?

D vitamini yetishmovchiligi raxit kasalligini keltirib chiqaradi

Kichik yoshdagi bolalarda D vitaminining yetishmovchiligi bir umrlik asoratlar qoldiruvchi raxit kasalligini keltirib chiqaradi. Bolaning rivojlanishi hamda suyaklarning o‘sishi va mustahkam bo‘lishi uchun organizmga Ca va P elementlari kerak bo‘ladi. D vitamini esa organizmda kalsiy va fosfor so‘rilishi, ularning suyak, mushak va boshqa a’zolar to‘qimalariga yetib borishini ta’minlaydi. Agarda organizmga D vitamini yetishmasa, bolaning kalsiy va fosforga bo‘lgan ehtiyoji qondirilmaydi. Buning natijasida bolada raxit kasalligi yuzaga keladi.

Kasallik belgilari

Raxit bilan og‘rigan bolalarda ko‘p bezovtalanish kuzatiladi. Tez-tez injiqlik qilib, chiroq yoqilganda va kutilmagan tovushlar quloqqa chalinganda cho‘chib tushadigan bo‘ladi. Gavda tuzilishida ham nomutanosibliklar yuzaga keladi. Bolada bunday holatlar kuzatilganda, zudlik bilan pediatrga murojaat qilish lozim. 

Saqlanish uchun nimalar qilish kerak?

Quyoshli kunlarda ertalab soat 8:00 dan 11:00 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida ochiq havoda sayr qilish bolani chiniqtiradi va uning organizmida D vitamini ishlab chiqarilishiga yordam beradi. Homilador ayollarning ham shu vaqtlarda sayr qilishi farzandida D vitamini yetishmovchiligini oldini oladi. Bolaga mol go‘shti, baliq, tuxum hamda jigar kabi D vitaminiga boy bo‘lgan mahsulotlarni berish uning raxit kasalligiga chalinmasligini ta’minlaydi. Go‘dakka qo‘shimcha mahsulotlar berilmaydigan davrda ona sut va suv mahsulotlari, turshak, loviya, xurmo, ko‘k piyozlarni muntazam iste’mol qilsa, ushbu moddalar ona suti bilan birga bolaga o‘tib, bolaning sog‘lom bo‘lishiga zamin yaratadi.

Davolanish usullari

Bolada raxitning belgilari kuzatilsa birinchi navbatda shifokorga murojaat qilish kerak bo‘ladi. Sababi bu xastalikni davolash alohida muolajalarni talab etadi. Agar kasallik boshlang‘ich holatda bo‘lsa, D vitamini dorilari va boshqa kalsiyni ko‘paytiruvchi vositalarni iste’mol qilishning o‘zi yetarli bo‘ladi. Lekin kasallik zo‘rayishining oldini olish uchun zarur choralar ham ko‘rish lozim. Zarur hollarda shifokorning tavsiyasiga muvofiq massaj, davo gimnastikasi, kvars lampasi bilan nurlantirish amaliyotlari o‘tkaziladi. Davo choralari va maxsus dorilarni faqat mutaxassis tavsiyasi bilan iste’mol qilish mumkin. 

Qanday og‘ir oqibatlarga olib keladi?

Raxitga chalingan bolalarning immuniteti tushib ketadi, oqibatda yuqumli kasalliklarga ta’sirchan bo‘lib qoladi. Kasallik kamqonlik, suyaklar yumshashi, tishlar kech va bir tekis chiqmasligiga olib keladi. Shuningdek, ancha vaqtgacha boshi va gavdasini tuta olmasligi kabi og‘ir asoratlari ham kuzatiladi. Vaqtida davo choralari ko‘rilmasa, vaznining ortib borishi natijasida bolaning suyaklari qiyshayadi. O‘tkazib yuborilgan raxitda umurtqa pog‘onasining bukchayishi, oyoqning “X” yoki “O” shaklida qiyshayishi kuzatilishi mumkin. Shu bilan birga bolada yassioyoqlik rivojlanadi.

Ona suti raxit va boshqa kasalliklarni davolashda asosiy omil

Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bo‘lim boshlig‘i Dinara Do‘stmuhammedovaning ta’kidlashicha chaqaloqni ko‘krak suti bilan boqish erta yoshdagi bolalarda uchraydigan aksariyat kasalliklarning oldini olishda asosiy omillardan biri hisoblanadi. “Emizikli go’daklar 6 oylik bo’lguncha ozuqaga bo’lgan ehtiyojni ona suti hisobiga qoplaydi. U bu yoshdagi bolalarning rivojlanishini ta’minlovchi eng yaxshi ozuqa hisoblanadi”, - deydi mutaxassis.

Ona sutining xususiyatlari

Ona suti quyidagi xususiyatlarga ega: 

unga mikroblar tushish ehtimoli yo’q;

doimo yangi, harorati 36-37 darajada bo’lib, bola tanasi haroratiga yaqin;

oshqozonga asta-sekin va oz-ozdan tushadi va bola tanasiga taomning tarkibiy qismi to’la holda parchalanmay so’riladi. Bundan tashqari, ona sutida chaqaloqning dastlabki oylarida ayrim yuqumli kasalliklardan himoyalovchi, immun tanachalar hamda hazm jarayonini yaxshilovchi fermentlar mavjud.