Shanba, 17-oktabr, 2026
Havo 85 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +14° kechasi +10°

Nega yirik shaharlar aholisi saratonga chalinishga ko‘proq moyil?

Statistikaga ko‘ra, har beshinchi inson hayoti davomida saratonga chalinadi. Har o‘n birinchi odamdan biri esa bu kasallik tufayli vafot etadi. So‘nggi tadqiqotlarga qaraganda, saratonning aksariyat ulushi shaharlarga toʻgʻri kelmoqda.

2 daqiqa o‘qiladi

Nega yirik shaharlar aholisi saratonga chalinishga ko‘proq moyil?

Yirik shaharlarda atmosferaga ajraladigan sanoat yoki transport chiqindilari tarkibidagi moddalar onkologik kasalliklar, ayniqsa o‘pka saratoni ko‘payishiga sabab bo‘lmoqda. AQShdagi olimlarning xulosasida ta’kidlanishicha, havo ifloslanishi shaharda yashovchi aholi orasida o‘pka saratoni, astma va nafas yo‘llari infeksiyalari bilan kasallanish ko‘rsatkichlarini oshiradi, shuningdek, insult xavfini ham kuchaytiradi.

Shahar aholisida saratonga chalinish ehtimoli kattaroq

Avvalgi tadqiqotlar kasallikning ijtimoiy omillariga e’tibor qaratgan bo‘lsa, endi olimlar yirik shaharlar aholisini saraton xavfiga eng ko‘p duch keladigan guruh deb ta’riflamoqda. Saraton xavfi bo‘yicha eng yuqori baholangan statistik hududlar shaharlarda joylashgan bo‘lib, bu hududlardagi irqiy ko‘rsatkichlar daromad yoki ta’lim darajasiga qaraganda kuchliroq farqlarga ega.

Tadqiqotning asosiy maqsadi onkologik kasalliklarning ekologik va ijtimoiy omillarga bog‘liqligini aniqlash, deb tushuntirdi loyihaga rahbarlik qilgan epidemiolog Patrik Hurbeyn.

Yiliga 8 millionga yaqin odam havo ifloslanishidan kelib chiqadigan kasalliklardan vafot etadi

Tadqiqot davomida olimlar AQSh Atrof-muhitni muhofaza qilish agentligining 2011-2019 yillar oralig‘idagi ma’lumotlarini tahlil qildi. Natijada, saraton kasalligiga eng moyil aholi guruhlari sifatida yirik shaharlar aholisi, kam ta’minlangan ijtimoiy qatlamlar va irqiy ozchilik vakillari qayd etildi.

Olimlarning aniqlashicha, shaharda yashovchi afro-amerikalik va lotin amerikalik aholi vakillari saraton xavfiga ko‘proq moyil. Ular ko‘pincha ekologik jihatdan eng noqulay hududlarda yashaydi.

Tadqiqotchilar odamlarni ifloslanish xavflari haqida xabardor qilish, ekologik jihatdan xavfsiz yashash joylarini yaratish va iqtisodiy tengsizlikni kamaytirish bo‘yicha dasturlarni ishlab chiqishni taklif qilishmoqda.

Ma’lumot uchun, dunyoda har 10 kishidan to‘qqiz nafari iflos havodan nafas oladi. Ifloslantiruvchi moddalar o‘z tarkibi, salomatlikka ta’siri va kelib chiqish manbalari bo‘yicha nihoyatda xilma-xil.

Qo‘shimcha ma’lumotlarga ko‘ra, har yili havoning ifloslanishi dunyo bo‘ylab 7 milliondan ortiq odamning hayotiga zomin bo‘ladi.