$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

Davlat byudjeti: ajratilgan mablag‘lar maqsadli sarflanyaptimi?

byudjet

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi barcha siyosiy partiyalar fraksiyalarining navbatdagi yig‘ilishlari bo‘lib o‘tdi. Ularda Davlat ybudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2024-yil birinchi yarim yillikdagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobot atroflicha ko‘rib chiqildi.

Qaysi sohalarda davlat xarajatlari oshdi?

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida jahon iqtisodiyotida o‘zgaruvchanlik va noaniqlikning saqlanishi sharoitida joriy yilning I yarmida mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti 567,4 trln. so‘mni tashkil etib, 6,4 foizga oshgani alohida qayd etildi.

Hisobot davrida tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tizimli islohotlar natijasida faoliyat ko‘rsatayotgan yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlik subyektlar soni o‘tgan yilga nisbatan qariyb 21,5 minga oshib, 833 mingtaga yetgani e’tirof etildi. Davlat byudjeti daromadlari esa 121,0 trln. so‘mni tashkil etib, 2023-yilning mos davriga nisbatan 18,7 trln. so‘mga ko‘p bo‘lgani deputatlar tomonidan ijobiy baholandi.

O‘tgan davrda sog‘liqni saqlash, ta’lim, inson kapitalini rivojlantirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, aholini uy-joy bilan ta’minlash va atrof-muhitni yaxshilash uchun ajratiladigan davlat xarajatlari miqdori o‘tgan yilga nisbatan sezilarli darajada oshgani aytib o‘tildi. Shu bilan birga, hududlarning iqtisodiy o‘quv nuqtalari bo‘lgan sohalarni qo‘llab-quvvatlashni moliyalashtirishni to‘liq va muddatli amalga oshirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar bildirildi.

Ta’limga e’tibor qay darajada?

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida ma’lum qilinganidek, hisobot davrida ijtimoiy soha xarajatlari uchun davlat byudjetidan 74,1 trln. so‘m ajratilgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 9,1 trln. so‘m ko‘p. Ta’lim sohasining barcha bosqichlarini zamonaviy talablar asosida tashkil etish borasida islohotlar davom ettirilishi tufayli ijtimoiy soha xarajatlarining asosiy qismini, ya’ni 50,3 foizini ta’lim tizimi muassasalarini saqlash va rivojlantirish xarajatlari tashkil qildi.

Maktabgacha ta’lim tizimini isloh qilish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida tizimda davlat-xususiy sherikligini rivojlantirish faol qo‘llab-quvvatlanmoqda. Masalan, maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni 2022-yilda 29 257 tani tashkil qilgan bo‘lsa, joriy yilning birinchi yarim yilliga kelib 8 247 taga ortib, 37 504 taga yetdi.

 2022-yilda respublika bo‘yicha umumta’lim maktablari soni 10 104 tani tashkil etgan bo‘lsa, olib borilayotgan sa’y-harakatlar natijasida bu ko‘rsatkich 56 taga oshib, 10 160 tani tashkil qilmoqda.

Sog‘liqni saqlash sohasiga 16 529,6 mlrd.

“Adolat” sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida qayd etilganidek, mamlakatimizda sog‘liqni saqlash sohasini takomillashtirish, tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati va samaradorligini oshirish, sohaga yangi boshqaruv usullarini joriy etish, jamiyatda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Ushbu islohotlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida sog‘liqni saqlash sohasiga 2024-yilning I yarim yilligida davlat byudjetidan 16 529,6 mlrd. so‘m yoki 2023-yilning mos davriga nisbatan 996,3 mlrd. so‘mga ko‘p mablag‘lar ajratilgan.

Hisobot davrida bolalarni vaksinatsiya qilish bilan bog‘liq xarajatlariga 214,4 mlrd. so‘m mablag‘lar o‘zlashtirilgan. Onkologiya yordamini takomillashtirish va onkologiya xizmatini yanada rivojlantirish xarajatlariga joriy yilning 6 oyi davomida 12,5 mlrd. so‘m byudjet mablag‘lari yo‘naltirilgan. Shuningdek, otorinolaringologiya xizmatini rivojlantirish xarajatlarini moliyalashtirish uchun 2024-yil I yarim yilligida 4,1 mlrd. so‘m ajratilgan.

Ijtimoiy soha

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a’zolari ijtimoiy soha xarajatlari uchun davlat byudjetidan 74,1 trln. so‘m yoki o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 9,1 trln. so‘m ko‘p mablag‘ ajratilganiga alohida e’tibor qaratdi.

Jahonda iqtisodiy tanglik va ziddiyatlar davom etayotgan bir paytda mamlakatimizda yuqori ijobiy o‘sish sur’atlari kuzatilib, davlatimiz tomonidan aholini ijtimoiy himoya qilish, iqtisodiy faollikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilishi, ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashga xizmat qilayotgani qayd etildi.

Ekologiya uchun ajratilgan mablag‘lar maqsadli sarflanyaptimi?

O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida deputatlar hisobot davrida davlat byudjetidan ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, chiqindilarni yig‘ish va ularni qayta ishlash tadbirlariga ajratilgan mablag‘larning natijadorligiga alohida e’tibor qaratdi.

Ta’kidlanganidek, hisobot davrida ekologiya, atrof muhit muhofazasi hamda iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurash va unga moslashish borasidagi tadbirlar uchun davlat budjetidan 2,4 trln. so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirilgan.

Ushbu mablag‘lar hisobidan Orol dengizining qurigan tubi va Orolbo‘yi aholi punktlarida qum ko‘chishi hamda atmosfera havosiga tuz-chang ko‘tarilishini bartaraf etish maqsadida 220 ming gektar maydonda “yashil qoplamalar” barpo etilgan. Cho‘l va boshqa tuproq-iqlim sharoitiga mos daraxt turlari yetishtirish uchun 318 gektar niholxonalar, 350 gektar ko‘chatxonalar tashkil etilgan. Joriy yil bahor mavsumida esa “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 12,3 mln. tup daraxt va buta ko‘chatlari ekilgan.

Muhokamalar davomida aholi punktlarini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash va oqova suv tizimlarini yaxshilash tadbirlariga 551,9 mlrd. so‘m mablag‘ yo‘naltirilgani, 589,2 ming gektar maydonda suvni tejaydigan texnologiyalar joriy etilishi natijasida 1,5 mlrd. kub metr suv resurslari iqtisod qilishga erishilgani fraksiya a’zolari tomonidan e’tirof etildi.

 

Теги :
Iqtisodiyot