$
 12927.17
36.74
 14717.58
-3.29
 155.73
-0.31
weather
+26
Кечаси   +14°
textileads

O‘zbekiston xalqaro logistika samaradorligi bo‘yicha 140-o‘rindan 74-o‘ringa ko‘tarildi

bojxona

So‘nggi yillarda O‘zbekiston bojxona tizimida sezilarli islohotlar amalga oshirilmoqda. Davlat byudjetiga tushum 9 baravarga oshib, 63 trillion so‘mdan oshdi, yuklarni rasmiylashtirish muddati esa keskin qisqardi. Xalqaro logistika reytingida bojxona samaradorligi bo‘yicha O‘zbekiston 140-o‘rindan 74-o‘ringa ko‘tarildi. Endi esa jarayonlarni yanada tezlashtirish va avtomatlashtirish maqsadida sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish, oldindan ma’lumot olish tizimini joriy etish va bojxona punktlarini modernizatsiya qilish rejalashtirilmoqda. 

Bojxona jarayonlari yanada tezlashadi

Chegara postlarida navbatlarni kamaytirish va bojxona jarayonlarini soddalashtirish maqsadida xalqaro avtobus qatnovlarida yo‘lovchilar haqidagi ma’lumotlarni oldindan olish tizimi joriy etiladi. Bu orqali yo‘lovchilarning shaxsiy ma’lumotlari va yo‘nalishlari bojxona va chegara xizmatlariga oldindan yuboriladi, natijada hujjatlarni rasmiylashtirish jarayoni ikki baravarga qisqaradi. 

Shuningdek, avtomobillar va avtobuslar uchun yirik bojxona postlarida “qizil” va “yashil” yo‘laklar sinov tariqasida ishga tushiriladi. 

 “Yashil yo‘lak” – hech qanday deklaratsiya talab etilmaydigan yuklar bilan harakatlanayotgan yo‘lovchilar va haydovchilar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, tezkor o‘tish imkonini beradi. 

 “Qizil yo‘lak” – deklaratsiya talab qilinadigan yoki tekshiruvdan o‘tishi kerak bo‘lgan yuklarni olib o‘tayotgan yo‘lovchilar uchun ajratiladi. 

Sun’iy intellekt bojxona nazoratida

Bojxona jarayonlarini yanada samarali qilish uchun sun’iy intellekt texnologiyalaridan keng foydalaniladi. Jahon banki ekspertlari bilan hamkorlikda tadbirkorlarning ishonchliligini 122 mezon bo‘yicha baholovchi risk-tahlil tizimi joriy etiladi. Unda kompaniyalarning moliyaviy barqarorligi, soliq qarzlari va savdo tarixi inobatga olinadi. 

Shuningdek, yuklarning rentgen tasvirlari sun’iy intellekt yordamida avtomatik tahlil qilinib, xavfli yoki deklaratsiya qilinmagan mahsulotlarni aniqlash imkoniyati yaratiladi. Bu esa qo‘lda tekshirish jarayonini qisqartirib, bojxona nazoratining samaradorligini oshiradi. 

Tadbirkorlar va yo‘lovchilar uchun qulayliklar kengayadi

Bojxona tizimidagi ushbu islohotlar eksport va import jarayonlarini tezlashtirish, chegarada ortiqcha navbatlarni oldini olish va tadbirkorlar uchun qulay muhit yaratishga xizmat qiladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev mazkur takliflarni ma’qullab, tadbirkorlar va sayyohlar uchun bojxona jarayonlarini yanada qulaylashtirish, xizmatlarni tezkorlashtirish hamda O‘zbekistonning Jahon Savdo Tashkilotiga qo‘shilish jarayoni doirasida bojxona qonunchiligini xalqaro standartlarga to‘liq moslashtirish bo‘yicha topshiriqlar berdi. 

Shuningdek, bojxona sohasida kadrlar tayyorlash tizimini kuchaytirish, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar bo‘yicha mutaxassislar yetishtirish hamda amaliyot tizimini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi. 

Mazkur o‘zgarishlar O‘zbekistonning xalqaro savdoda ishonchli hamkor sifatida o‘rnini mustahkamlashiga xizmat qilishi kutilmoqda.

Теги :
Jamiyat