Behzod Musayev: 126 ming nafar oliy ta'lim bitiruvchisi hali ishsiz
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yigʻilishida Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musayev 2023-2024-yilgi oliy ta'lim bitiruvchilariga oid hisobotni taqdim qildi.
2 daqiqa o‘qiladi

Bu yil oliy ta'limni tamomlagan bitiruvchilar soni 214 ming nafarga yetgan. Shuning 88 ming nafari shartnoma asosida korxona va tashkilotlarda rasman ishlamoqda. Qolgani ishga joylashganicha yoʻq. Bandlik vaziri Behzod Musayevning aytishicha, 95 ming nafar bitiruvchining ish masalasi hal qilinadi.
Oliy ta'lim bitiruvchilariga oid hisobot
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yigʻilishida Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musaev 2023-2024-yilgi oliy ta'lim bitiruvchilariga oid hisobotni taqdim qildi.
Unga koʻra, oʻtgan oʻquv yilini tugatgan 214 ming nafar bitiruvchining toʻliq roʻyxati Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligidan olingan va bandlikka oid ma'lumotlar bazasi bilan solishtirilgan.
Shuning 41 foizi, ya'ni 88 ming nafari hozirgi kunda korxona va tashkilotlar tomonidan yagona milliy mehnat tizimi orqali mehnat shartnomasi asosida qabul qilingani aniqlangan. Qolgan 59 foizi, 126 ming nafar bitiruvchi hali ish topmagani ma'lum boʻlgan.
Bitiruvchilarni 102 mingta boʻsh ish oʻrinlariga ishga joylashtirish imkoniyati
Vazirga koʻra, ishga joylashmagan yoshlarning muammosini hal qilish uchun avgust-sentyabr oylarida tizim tashkilotlari bilan ish olib boriladi.
“Bugungi kunda milliy vakansiyalar bazasida 358 ming boʻsh ish oʻrinlaridan oliy ma'lumot talab qilinadigan boʻsh ish oʻrinlari 112 mingtani tashkil etmoqda. Ishsiz bitiruvchilarning tamomlagan soha-yoʻnalishlari boʻyicha boʻsh ish oʻrinlariga mos kelishini solishtirib chiqdik, tahlil qildik.
Shunga koʻra, 95 ming nafar bitiruvchilarni 102 mingta boʻsh ish oʻrinlariga ishga joylashtirish imkoniyati borligi aniqlangan. Hozirgi kunda biz har bir bitiruvchini tuman, shahar kesimida oʻzi turadigan joyiga qarab, avgust oyida ularni ishga joylashtirish boʻyicha nomma-nom ish olib boramiz”, – dedi u.
Korxona va tashkilotlardagi 358 mingta boʻsh ish joyi
Musayevning aytishicha, bugungi kunda yagona milliy mehnat tizimi orqali vakansiyalar bazasida 139 ming korxona va tashkilotlarning 358 mingta boʻsh ish joyi haqidagi ma'lumot joylashtirilgan. Shundan 81 mingtasi davlat tashkilotlari, 277 mingtasi esa xususiy sektor hissasiga toʻgʻri keladi.
Boʻsh ish oʻrinlarining asosiy qismi xizmat koʻrsatish sohasiga toʻgʻri keladi
Boʻsh ish oʻrinlarining 96 mingtasi xizmat koʻrsatish, 56 mingtasi ta'lim, 57 mingtasi sanoat va ishlab chiqarish, 48 mingtasi qishloq xoʻjaligi, 26 mingtasi sogʻliqni saqlash, 32 mingtasi qurilish, 5 mingtasi moliya va sugʻurta, 7 mingtasi aloqa va axborot texnologiyalari, 4 mingtasi madaniyat va boshqa sohalarga toʻgʻri keladi.



