$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

O’z-o’zini band qilish bizga nima beradi?

O

G’arb davlatlarida “self-employed” degan atamani ko’p eshitgan bo’lsak kerak. Bu o’z ishini yo’lga qo’yib shu orqali daromad topishni bildiradi. So’nggi yillarda O’zbekistonda ham “o’z-o’zini band qilgan shaxslar” tushunchasi ko’p uchrab turibdi. O’z-o’zini band qilish nima? Bu bizga nima beradi?

“Self-employed”lar kim?

O‘zini-o‘zi band qilgan shaxslar yoki “self-employed” — mehnat daromadi olishga yo‘naltirilgan, jismoniy va yuridik shaxslarga xizmatlar ko‘rsatish, ishlarni bajarish bo‘yicha shaxsiy mehnati bilan ishtirok etishga asoslangan faoliyatni mustaqil amalga oshiradigan, yakka tartibdagi tadbirkorlar sifatida ro‘yxatga olinmagan, mehnat staji hisobga olinishi va rag‘batlantiruvchi imtiyozlardan foydalanish huquqi bilan davlat soliq xizmati organlarida ro‘yxatdan o‘tkazilgan jismoniy shaxslar. 

Yakka tartibdagi tadbirkordan boshqa barcha o’z-o’zini band qilishi mumkin

Mehnatga layoqati bor har bir jismoniy shaxs, yakka tartibdagi tadbirkorlardan tashqari, o‘zini o‘zi band qila olishadi. Masalan, repetitorlar, enagalar, santexniklar, elektrchilar, sartaroshlar, kurerlar, avtomobil yuvuvchilari, hunarmandlar, farroshlar, tikuvchilar, dasturchilar va yana ko‘plab kasb egalari o‘zini o‘zi band qiluvchilar bo‘lishlari mumkin. 

O’z-o’zini band qilishning foydali tomonlari

O‘zini o‘zi band qilganlar uydan turib qonuniy ishlashi mumkin. Ular turli soliq tekshiruvlari, jarimalar hamda noqonuniy tadbirkorlik faoliyati bilan bog'liq muammolarga duch kelmaydi. O‘zini o‘zi band qilganlarga keksalikda pensiya berish kafolatlanadi. Iste’mol kreditlari, imtiyozli qarzlar olish va soliq imtiyozlaridan foydalanishlari mumkin.

Daromad solig‘i yoki boshqa yig‘imlar olinmaydi. Buning o'rniga 1 yilda BHMning 1 baravari miqdorida ijtimoiy soliq to‘lanadi. O‘zini o‘zi band qiluvchilar uchun mehnat shartnomasi, rahbar va qat’iy ish jadvali bo'lmaydi. Ular sevimli ishlari bilan xohlagan vaqtda shug‘ullanishi va bundan qonuniy daromad olish mumkin. O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar yuridik shaxslardan pul o‘tkazish yo‘li bilan to‘lovlarni qabul qilish uchun bankda osongina hisob ochishlari mumkin. Bundan tashqari, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganlik sheriklar orasida ishonchni uyg‘otadi. Daromad va xarajatlarni ixtiyoriy ravishda Soliq ilovasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuzatib borishlari mumkin.

2 xil usulda ro’yhatdan o’tiladi

O‘zini o‘zi band qilishda ro‘yxatdan o’tish bepul 2 xil usulda amalga oshiriladi:

1. Tuman soliq inspeksiyasiga murojaat qilinib anketa to‘ldiriladi.

2. Soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti yoki DSQning Soliq mobil ilovasi orqali masofadan turib mustaqil ravishda ro‘yxatdan o‘tiladi. 

Jarayon yakunlangandan so‘ng, o‘zini-o‘zi band qilish rasman ro‘yxatdan o‘tkazilganligini bildiruvchi QR-kodli guvohnoma beriladi. Shu vaqtning o'zidan plastik kartochkasi hisob raqami va amal qilish muddatini kiritish orqali ijtimoiy soliqni to'lash ham mumkin bo'ladi.

Pensiya hisoblanishi

O‘zini o‘zi band qilganlar uchun pensiya miqdori yakka tartibdagi tadbirkorlarniki kabi hisoblanadi. 2021-yildagi nizomga ko'ra, pensiya yoshiga yetgan vaqtda zarur ish staji mavjud bo‘lsa, pensiya minimal miqdorda — 565 ming so‘m bo‘ladi. Agarda ish staji yetarli bo‘lmasa, davlat har oyda 400 ming so’m miqdorida nafaqa to‘laydi.

Mehnat ta’tili yo’q

O‘zini o‘zi band qilganlar uchun davolanish va mehnat ta’tillari bo’lmaydi: kasal bo‘lib qolsa va ma’lum bir muddat ishlay olmasa, hech kim yo‘qotilgan pullarni to‘lab bermaydi. Mehnat faoliyatini uzoq muddatga to‘xtatish kerak bo‘lib qolsa, bu haqda soliq organini ogohlantirib ishlamagan vaqtlari uchun ijtimoiy soliqni to‘lamaydi. Bu vaqt davomida ish staji ham hisobga olinmaydi.

O’z-o’zini band qilishdan voz kechish mumkin

O‘zini o‘zi band qilish maqomidan istalgan vaqtda voz kechish va faoliyatni to‘xtatish mumkin. Buning uchun Soliq mobil ilovasi orqali faoliyatni to‘xtatgunga qadar soliq organini xabardor qilish kerak. Keyinroq soliq organlari xodimlari o‘zini o‘zi band qilish maqomini DSQ bazasidan o‘chirishadi. 

O’z-o’zini band qilganlar uchun ipoteka krediti shartlari

Xalq Banki:

• muddati – 240 oygacha;

• boshlang‘ich badal 30 foiz bo‘lsa – foiz stavkasi 17,5%;

• boshlang‘ich badal 40 foiz bo‘lsa – foiz stavkasi 17%;

• miqdori – 327,25 - 416,5 mln so‘mgacha;

 Turonbank

• muddati – 240 oygacha;

• boshlang‘ich badal 50 foiz bo‘lsa – foiz stavkasi 17,5%;

• boshlang‘ich badal 60 foiz bo‘lsa – foiz stavkasi 16,5%;

• boshlang‘ich badal 70 foiz bo‘lsa – foiz stavkasi 16%;• miqdori – 327,25 - 416,5 mln so‘mgacha;

 Ipoteka-bank

— birlamchi bozordan uy sotib olish uchun:

• muddati – 240 oygacha;

• boshlang‘ich badal – 26 foiz;

• foiz stavkasi – yillik 19%;

• miqdori – 327,25 - 416,5 mln so‘mgacha*;

— birlamchi va ikkilamchi bozordan uy-joy sotib olish uchun (#):

• muddati – 240 oygacha;

• boshlang‘ich badal – 26 foiz;

• foiz stavkasi – yillik 26,9%;

• miqdori – 1,7 mlrd so‘mgacha;

 Tenge Bank

• muddati – 10 yilgacha;

• boshlang‘ich badal – 50 foiz;

• foiz stavkasi – yillik 25,9%;

• miqdori – 620 mln so‘mgacha.

 Asia Alliance Bank 

• muddati – 144 oy (imtiyozli davr 12 oy);

• foizi stavkasi:

◦ boshlang‘ich to‘lov 30 foizdan 50 foizgacha bo‘lganda – yillik 27,99%;

◦ boshlang‘ich to‘lov 50 foiz va undan yuqori bo‘lganda – yillik 27,49 %;

• miqdori – 3200 BHM gacha (1,088 mlrd so‘m).

2023-yil yakuniga ko'ra O'zbekistonda o'zini o'zi band qilgan fuqarolar soni 2,5 mln nafarni tashkil etdi. Bu haqda Soliq qo'mitasi axborot xizmati rahbari Dildora Hoshimova xabar qildi.