$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

Surxondaryo viloyatidagi Uchqizil suv omboriga 4 dona 20 metrlik okeanik qafaslar oʻrnatilmoqda

baliq

Bu haqda AOKAda oʻtkazilgan brifingda "Oʻzbekbaliqsanoat"uyushmasi axborot xizmati rahbari Zilola Roʻziyeva ma'lum qildi.

 Joriy yilda baliqchilik sohasini yanada rivojlantirishga qaratilgan, umumiy qiymati 870 mlrd.soʻm boʻlgan 234 ta loyihalar shakllantirildi. Brifingda oʻtgan 9 oy davomida Toshkent, Namangan, Samarqand, Fargʻona, Surxondaryo hamda Xorazm viloyatlarida namunali tarzda amalga oshirilib kelinayotgan loyihalar haqida maʼlumot berildi.

“Xorrot Fish Xaus” unitar korxonasidagi ishlar

 Toshkent viloyati Yangiyoʻl tumanida davlat xususiy sheriklik asosida tashkil etilgan “Xorrot Fish Xaus” unitar korxonasi tomonidan umumiy qiymati 60 mlrd.soʻm boʻlgan loyiha doirasida quyidagi ishlar amalga oshirildi;

264 gektar maydondagi 45 ta sun'iy suv havzalari qayta rekonstruksiya qilinib, aerator moslamalari oʻrnatilishi hisobiga intensivlashtirildi; 

- 3,5 gektar maydondagi sun'iy suv havzasiga Xitoy texnologiyasi boʻlgan “Fayberglaz” uskunasi oʻrnatilib, 80 tonna baliq etishtirish imkoniyatlari yaratildi;

- Eron texnologiyasi asosida 300 dona intensiv basseynlar oʻrnatilib, 

osyotr baliqlarini etishtirish quvvatlari ishga tushirildi;

- 12 nafar xorijiy mutaxassislar jalb etildi;

- 5 gektar maydonda Ekoturizm ob'ekti tashkil etildi;

- 105 ta yangi ish oʻrinlari yaratildi.

"Sharq baligʻi" mas'uliyati cheklangan jamiyati

Boʻstonliq tumanida joylashgan "Sharq baligʻi" mas'uliyati cheklangan jamiyati tomonidan umumiy qiymati 2 mln. dollar boʻlgan intensiv usulda sovuq suv baliqlarini yetishtirish loyihasi ishga tushirildi. Bunda, Eron texnologiyasi asosida Yopiq suv aylanma tizimi (UZV)da forel baliqlarini yetishtirish ishlari tashkil etildi hamda 30 ta yangi ish oʻrinlari yaratildi.

Namangan viloyatidagi baliq yetishtirish loyihalari

 Shuningdek, Namangan viloyati Uchqoʻrgʻon tumanida aholini baliqchilik sohasiga jalb qilib, bandlikni ta'minlagan holda daromadlarni oshirishga qaratilgan bir qator ishlar amalga oshirildi. Xususan “Biloliddin sofdil savdo”, “Roʻzmatov Shokirjon”, “Uch fish siti” hamda “Uchqoʻrgʻon yoʻlovchi tashish” mas'uliyati cheklangan jamiyatlari tomonidan Farovon mahallasidan oqib oʻtuvchi ariqning 630 metr qismida baliq yetishtirish loyihasi ishga tushirilib, 83 ta aholining bandligi ta'minlandi. 

Tumandagi “Grand Fish Uchkoʻrgʻon”, mas'uliyati cheklangan jamiyati tomonidan Guliston mahalla fuqarolar yigʻini hududidan oqib oʻtuvchi Fargʻona kanaliga 10 ta qafas moslamalari oʻrnatildi. Hozirda ushbu moslamalarda forel baliqlari yetishtirilmoqda. 

 Mazkur hududdagi "Diyorbek Rustam" mas'uliyati cheklangan jamiyati tomonidan Sloveniya metodi asosida umumiy qiymati 1 mlrd. soʻm boʻlgan intensiv usulda sovuq suv baliqlarini etishtirish loyihasi ishga tushirilib, quvvati 30 tonna boʻlgan 10 ta basseyn barpo etildi. 10 ta doimiy yangi ish oʻrinlari yaratildi. 

Mingbuloq va Norin tumanlari

Shu bilan birga, Mingbuloq tumanidagi “Gurtepa oltin baliq” xususiy korxonasi tomonidan 0,84 gektar maydonda quvvati 100 tonna boʻlgan beton hovuzlarda intensiv usulda afrika laqqasini etishtirish hamda yopiq suv aylanma tizimi (UZV)da karp baliqlarini yetishtirish loyihasi amalga oshirilishi orqali 25 ta aholining bandligi ta'minlandi.

 Bundan tashqari Norin tumanida joylashgan “Fishville Norin” mas'uliyati cheklangan jamiyati tomonidan meliorativ quduqlardan olinayotgan suv manbaidan samarali foydalangan holda davlat xususiy sherikchilik asosida 5 ta meleorativ quduq atrofida 2-3 sotix yer maydonida intensiv usulda forel baliqlarini yetishtirish loyihasi ishga tushirildi. Hozirda viloyatdagi qolgan meleorativ quduq atrofida ham forel baliqlarini etishtirish boʻyicha tadbirkorlarga biriktirish ishlari amalga oshirilmoqda.

"Drujba korm" qoʻshma korxonasi 

Shuningdek, Surxondaryo viloyati Termiz tumanidagi “Norhamid bobo” mas'uliyati cheklangan jamiyati tomonidan hosildorligi yuqori boʻlgan slavyan metodi asosida 20 ta intensiv basseynlar qurilib, baliq yetishtirish ishlari tashkil etildi. 

 Baliqlarni yuqori oqsilga boy, zamonaviy granulalangan ozuqalar bilan ta'minlash maqsadida Namangan viloyati Toshbuloq tumanida "Drujba korm" qoʻshma korxonasi tashkil etildi. Ushbu baliq ozuqasini ishlab chiqaruvchi korxonaning yillik ishlab chiqarish quvvati 5 ming tonnaga teng.  

Pastdargʻom tumanida joylashgan "Ayisha AR" MChJ

 Samarqand viloyati Pastdargʻom tumanida joylashgan "Ayisha AR" mas'uliyati cheklangan jamiyati tomonidan intensiv usulda sovuq suv baliqlarini etishtirish maqsadida yillik ishlab chiqarish quvvati 480 tonna boʻlgan 32 dona intensiv basseynlar barpo etilib, 10 ta yangi ish oʻrinlari yaratildi.

Resurstejamkor usullardan sanalgan intensiv basseynlarda baliq yetishtirish loyihalari Fargʻona viloyatida ham sezilarli tarzda oshib bormoqda. Xususan, Fargʻona shaxridagi "Status Soft" mas'uliyati cheklangan jamiyati tomonidan yillik ishlab chiqarish quvvati 100 tonna boʻlgan 32 dona intensiv basseynlar barpo etilib, 5 ta yangi ish oʻrinlari tashkil etildi.

Diametri 22 metr boʻlgan 34 dona okeanik qafas moslamalari oʻrnatildi

 Bugungi kunda respublikadagi mavjud tabiiy suv havza resurslaridan yanada samarali foydalanish maqsadida, qafas (sadok) moslamalarini ushbu havzalarga oʻrnatish orqali 1 metr kub suv hajmida 15-20 kilogramm baliq yetishtirish ishlari tashkil etilmoqda.

 Xususan, Xorazm viloyati Tuproqqal'a tumanida joylashgan “Chegara” tabiiy suv havzasiga “Baqra Aquatech” mas'uliyati cheklangan jamiyati tomonidan diametri 22 metr boʻlgan 34 dona okeanik qafas moslamalari oʻrnatilib, karp baliqlari yetishtirilmoqda.

Xuddi shunday, Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi Qarateren koʻligi 20 dona hamda Surxondaryo viloyatidagi Uchqizil suv omboriga 4 dona 20 metrlik okeanik qafaslar oʻrnatilmoqda.