$
 12198.28
-30.3
 14241.49
-41.49
 156.57
0.61
weather
+26
Кечаси   +14°

Hokimning jiyani odam urib qochdi(mi?)

raddiya

Qarshi tumanida yashovchi ayol qizi tuman hokimi Zoir Aliqulovning jiyani boshqaruvidagi mashinada urib ketilganini, ayni paytda farzandi shifoxonada ahvoli og‘ir holatda ekanini aytib, videochiqish qildi. Ko‘p o‘tmay ayol xato ma’lumot tarqatganini ma’lum qildi. Qarshi tumani hokimligi esa ayolning videochiqishiga raddiya bildirdi.

Aslida holat qanday bo‘lgan?

Qarshi tuman hokimligining ma’lum qilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan “Qarshi tumani hokimining jiyani fuqaroni urib, qochib ketdi” mazmunida e’lon qilingan xabarlar mutlaqo haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.

“Aslida joriy yil 15-avgust kuni taxminan soat 22:50 larda Mirishkor tumanida yashovchi fuqaro G‘.I. boshqaruvida bo‘lgan Gentra Qarshi—Beshkent—Kasbi—Mirishkor yo‘lidan harakatlanib kelib, Qarshi tumanida joylashgan “Avto Room” avtosaloni ro‘parasida yo‘lning chap tomonidan o‘ng tomoniga piyoda harakatlanib o‘tayotgan M. A.va M. O.ni urib yuborib, yo‘l-transport hodisasi sodir etgan. Natijada M.A hamda M.O.lar tan jarohati olib shifoxonaga tushgan”, –deyiladi hokimlik raddiyasida.

Holat noto‘g‘ri talqin qilingan

Hokimlikning tushuntirishicha, urib yuborilgan qizaloqning onasi tomonidan e’lon qilingan videolavha kuchli hayajon paytida tarqatilganligi ma’lum bo‘lgan. 

“Tuman hokimi o‘rinbosari fuqaro bilan suhbatlashganda tuman hokimi tomonidan ko‘rsatilgan yordam fuqaro tomonidan noto‘g‘ri talqin qilinganligini, shu bois ham ijtimoiy tarmoqlarda tuman hokimi jiyani talqini berilganligi ma’lum bo‘ldi”, – deyiladi raddiyada. 

Hokimlik axborot xizmati ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari va aholiga internetda asossiz va yolg‘on xabar tarqatish, qonun bilan javobgarlikka sabab bo‘lishini eslatdi. 

Tuman hokimi munosabati

Mazkur holat yuzasidan Qarshi tumani hokimi Zoir Aliqulov bilan bo‘lgan muloqotda quyidagilar ma’lum qilindi:

“Tuman hududida sodir bo‘lgan har qanday YTH e’tiborimdan chetda qolmaydi. Shu zahoti shifoxonaga yetib borib, har safar bemorlarga yordam ko‘rsatishga, imkon qadar hayotini saqlab qolishga o‘z hissamni qo‘shishga harakat qilaman. Kecha sodir bo‘lgan YTH ishtirokchilariga ham yordam berish maqsadida odatdagidek shifoxonaga borib, ko‘mak berishga uringanim boshqacha talqin qilinibdi.

Bu masalada bemor qizning onasi bilan suhbatlashib, men doimgidek o‘z ishimni qilganimni, YTH sodir etgan fuqaroning menga hech qanday aloqasi yo‘qligini aytib, tushuntirish berdim. O‘ylaymanki, ayol xatosini tushunib yetdi. Biz ham uning hayajonda farzandi uchun jon kuydirib, xato gapirib qo‘yganini kechirdik”, – deya vaziyatga izoh berdi Qarshi tumani hokimi Zoir Aliqulov.

Noto‘g‘ri axborot berish qanday javobgarlikka sabab bo‘ladi

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 202-2-moddasiga ko‘ra:

  • Shaxsning qadr-qimmati kamsitilishiga yoki uning obro‘sizlantirilishiga olib keladigan yolg‘on axborotni tarqatish, shu jumladan OAVda, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki internet tarmog‘ida tarqatish – BHMning 50 baravari (1 fevralgacha 11 mln 150 ming so‘m) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
  • Jamoat tartibiga yoki jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi yolg‘on axborotni tarqatish, shu jumladan OAVda, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki internet tarmog‘ida tarqatish – BHMning 50–100 baravari miqdorida (22 mln 300 ming so‘m) jarima solishga sabab bo‘ladi.

Jinoyat kodeksining 244-6-moddasiga ko‘ra:

  • shaxsning qadr-qimmati kamsitilishiga yoki uning obro‘sizlantirilishiga olib keladigan yolg‘on axborot tarqatganlik uchun ma'muriy javobgarlikka tortilgan shaxs ushbu huquqbuzarlikka takroran yo‘l qo‘ysa, BHMning 150 baravarigacha (33 mln 450 ming so‘m) miqdorida jarima yoki 240 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 2 yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi.
  • jamoat tartibiga yoki jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi yolg‘on axborotni tarqatish, shu jumladan OAVda, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki internet tarmog‘ida tarqatish, shunday harakatlar uchun ma'muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilsa, BHMning 200 baravarigacha (44 mln 600 ming so‘m) miqdorda jarima yoki 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 2 yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi.
  • Ushbu moddaning uchinchi va to‘rtinchi qismlarida yuqoridagi jinoyatlarni javobgarlikni og‘irlashtiradigan holatlarda sodir etganlik uchun yana ham og‘irroq jazo choralari (BHMning 400 baravarigacha (89 mln 200 ming so‘m) jarima yoki uch yilgacha ozodlikni cheklash) belgilangan.