$
 12957.01
-11.33
 13485.66
-6.6
 132.13
-0.19
weather
+26
Кечаси   +14°

Navoiy viloyatida ham imtihon markazi ochildi

avto

 Navoiy viloyatida haydovchilik guvohnomasini olish uchun imtihonlarni oʻtkazish boʻyicha “Navoiy viloyati imtihon markazi” innovatsion majmuasi oʻz faoliyatini boshladi.

Ochilish marosimida viloyat hokimi Normat Tursunov, viloyat sektor rahbarlari, faollar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Qancha nomzod qabul qila oladi?

Markaz har kuni nazariy imtihon topshirish boʻyicha 800 ga yaqin nomzodni, avtomobil boshqarish imtihoni boʻyicha esa 400 nafar nomzodni qabul qila oladi. Butun jarayon toʻliq avtomatlashtirilgan. Nomzod markazga kelganida oʻziga tegishli individual QR-kodini oladi, bunda u topshiradigan imtihonlarning har bir bosqichi belgilab qoʻyilgan boʻladi.

Nazariy imtihondan oʻtish uchun 20 ta savoldan kamida 18 tasiga toʻgʻri javob berish talab etiladi, bunga 25 daqiqa vaqt ajratiladi. Agar ushbu sinov bosqichidan muvaffaqiyatli oʻtsa, nomzod haydovchilik boʻyicha amaliy imtihonni topshirish huquqiga ega boʻladi. Kutish zalida unga zarur koʻrsatmalar beriladi, shuningdek, qaysi mashgʻulotlarni va qanday ketma-ketlikda bajarish kerakligi toʻliq aks ettirilgan video maʼlumotnoma namoyish etiladi. 99 jarima ball chegarasidan oshib ketilmasa, imtihon topshirilgan hisoblanadi. Agar nomzod amaliy imtihondan oʻta olmasa, u nazariy imtihonni muvaffaqiyatli topshirgan paytdan boshlab 2 oy ichida 7 kunlik interval bilan qayta topshirishi mumkin.

Avtomatlashtirilgan avtodrom 

Amaliy imtihonni topshirish uchun markazda uchta maydonga boʻlingan avtomatlashtirilgan avtodrom mavjud. Birinchisida “B”, “C” va “D” toifalari, yaʼni yengil avtomobil, yuk mashinasi va avtobusni boshqarish huquqini beruvchi haydovchilik guvohnomasini olishga daʼvogar nomzodlar imtihon topshiradi.

Ikkinchi maydonda esa “A” toifasi uchun – mototransport boshqarish huquqiga ega boʻlishni xohlovchilar amaliy koʻnikmalarini namoyish etadilar. Uchinchi maydon “BE”, “CE” va “DE” toifalari uchun, yaʼni tirkamali avtotransport vositalarini boshqarish boʻyicha imtihonlarga moʻljallangan.

Nazariy va amaliy imtihonlar boʻyicha qoʻshimcha tayyorgarlikka muhtoj nomzodlar uchun Markazda ekspress-kurslar mavjud.

Imtihonlarning ikkala bosqichi muvaffaqiyatli topshirilganidan soʻng, sertifikat beriladi, nomzodlar bu sertifikat bilan YHXBga murojaat qilishlari lozim. Sertifikat maʼlumotlar bazasida tekshirilganidan soʻng, ularga belgilangan tartibda haydovchilik guvohnomasi taqdim etiladi.

Теги :
Avto