$
 12964.43
-30.16
 14744.45
-17.4
 158.28
0.6
weather
+26
Кечаси   +14°

“Jamiyatni bunday xavfli jinoyatchilardan himoya qilish lozim” – jamoatchilik Jahongir Otajanov voqeasi haqida qanday fikrda?

Jahongir Otajanov

Oʻzbekistonda har kuni yoʻllardagi daxshatli avtohalokatlar haqida eshitamiz. Yuqori tezlik, qizilda toʻxtamay oʻtish kabi qoidabuzarliklar sabab kuniga kamida 5-6 odam koʻz yumadi. Qurbonlar orasida yosh bolalar borligi esa juda ham achinarlidir.

Mana shunday keskin vaziyatlarda qoidabuzarliklarni koʻz-koʻz qilib, ijtimoiy tarmoqlarga joylayotgan taniqli shaxslarni koʻrib, beixtiyor oʻylab qolasan kishi: nahotki qonunchilik shu qadar ojiz?

Bir necha kunlardan buyon ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent-Samarqand yo‘lida avtomobilini yuqori tezlikda boshqarib, uni telefonida tasvirga olgan Jahongir Otajonov mavzusi muhokamalarga sabab boʻlmoqda.

Qonunbuzar jazolanmadi emas, unga tegishli choralar koʻrildi. Ammo savol tugʻiladi, bu chora qanchalik taʼsirchan? Bu javobgarlik videoni koʻrib, ertaga men ham shu tezlikda harakatlanib koʻraman, katta boʻlib, mashina olsam, men ham shunday video olaman, degan kishilarning fikrini oʻzgartira oladimi? Negaki, Otajonov ijtimoiy tarmoqlarda ham yaxshigina mashhur, milliondan ortiq auditoriyaga ega.

Jarima – 4,5 million, 15 kunda toʻlansa, 50 foiz chegirma

Maʼlum qilinishicha, Jahongir Otajonovga nisbatan 2 ta qoidabuzarlik bo‘yicha jami 4,5 million so‘m jarimaga tortilgan. U Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128/3-moddasiga muvofiq BHMning 9 baravari (3 mln. 375 ming so‘m) miqdorida, shuningdek, kodeksning 128/1-moddasiga ko‘ra, yo‘lda telefondan foydalanib holatni videoga olgani uchun esa BHMning 3 baravari miqdorida (1 mln. 125 ming so‘m) jarima tayinlangan.

Agar u jarimani 15 kun ichida to‘lasa, 50 foizlik chegirma qo‘llaniladi. Bu degani u 2 million soʻmdan biroz ortiqroq pul toʻlaydi. Koʻpchilikka maʼlumki, u hatto birrovga chiqqanda ham bu puldan 10 barobar koʻproq topadi. Endi oʻylab koʻraylik, bu chora qonunbuzar uchun qanchalik taʼsirchan

Jamoatchilik qanday fikrda?

Shahnoza Soatova, bloger:

“Sal avval Olimpiya chempionimiz shunday qilgan edi. Yo‘lda xavfli manyovrlar qilib videoga olib, tarmoqqa joylagani yetmaganidek, tartib posbonlariga hurmatsizlik qilganlar ham bemalol yuribdi til uchida uzrini so‘rab.
Yo‘llardagi avtohalokatlarda mana shu “targ‘ibotchi”larning aybi bor, o‘zlari buni anglaydimi-yo‘qmi, haqiqat shu. Ular odamlarning hayotini xavfga qo‘yish evaziga erishiladigan oniy “kayf”ni targ‘ib qilar ekan, avtoterroristlar tegirmoniga suv quyib, bilvosita qotillikka undashyapti. Chora esa arzimas jarima va uzr bo‘lib qolyapti – bu chora emas, bu huquqbuzarlarni tarbiyalamaydi, beta’sir amal xolos.
Yana qancha bola o‘lishi kerak bundaylarga qarshi jiddiy choralar joriy etilishi uchun? Yoki ularning “avtoriteti” qo‘rqityaptimi? Qo‘rqitmasin, begunoh o‘lib ketayotganlarning oh-nolalari qo‘rqitsin. Pravasi olib qo‘yilsin, ulovi musodara qilinsin, xullas, zararsizlantirilsin. Ular o‘zi xavfli manbaga aylanib boryapti tobora”.

“U hammaning ustidan kulyapti”

Muhrim Aʼzamxoʻjayev, jurnalist:

Mashinasi soatiga 195 kilometr tezlikda ham yura olishini, bir qo‘li rulda-yu bir qo‘li telefonda bo‘lgani holda ko‘z-ko‘z qilganidan keyin ashulachi Jahongir Otajonovning kayfiyati yaxshi. Chunki unga nari borsa 300 dollar atrofida jarima tayinlanadi (jarima tayinlanayotganida ham shunday hiring-hiring).
U keyingi videosida hammaning — uning bu qilmishini qoralaganlarning ham, bunday qo‘pol qoidabuzarlik uchun shunday kulgili jazo belgilaganlarning ham, yo‘llarda tartibni kuchaytirish uchun jur’at qilolmayotganlarning ham ustidan kulyapti.
Qoidani nafaqat qo‘pol ravishda buzish va buni ko‘z-ko‘z qilish, keyin hammaning ustidan mana bunday kulish ham mumkinligini va bu unga qimmatga tushmasligini bildiryapti.
Aslida esa qimmatga tushishi kerak. Masalan, tezlik rejimini bu qadar buzgan haydovchi shunchaki qoidabuzar emas, balki xavfli jinoyatchi sifatida sud qilinishi kerak. Tezlik cheklovini naq 95 kilometrga buzgan shaxs – jamiyat uchun xavf. Jamiyatni bunday xavfli jinoyatchidan himoya qilish lozim”.

Haydovchilik huquqidan mahrum qilish shunchalik qiyin ishmi?

Xushnudbek Xudoyberdiyev, huquqshunos:

“Jarayonni o‘zi telefonga suratga olgan va rulni bir qo‘li bilan boshqargan. Unga qanday jazo beriladi? Shunchaki qanchadir arzimagan jarima to‘lattiriladi va nari borsa videoda uzr so‘rattirishadi. Lekin oxirgi paytlar uzrni ham eplab bo‘lmayapti, Olimpiada chempioni va instablogerlar quloqsizlik qilishyapti.
Va eng kulgilisi, 15 kun ichida to‘lasa, yana davlat mehribonlik qilib 50% chegirma ham beradi. Nima bu bozormi savdo qiladigan, hayronman. 50 foizlik chegirma qo‘llanmaydigan qoidabuzarliklar ro‘yxatini kengaytirish kerak va belgilangandan 20 km/soatdan oshirilgan tezlik uchun ham chegirma qo‘llanmaydigan qilish shart.
Qoidabuzarligini maqtanib internetga video joylayotganlarni haydovchilik huquqidan mahrum qilish shunchalik qiyin ishmi? Nimadan bunchalik qo‘rqasizlar? Norozilikdanmi? Kimlarning? Huquqbuzar va qonunlarni bir tiyinga olmaydigan fuqarolarning noroziligidanmi? Yo‘llarda o‘lib ketayotgan bolalar, otalar va onalarchi? Ular O‘zbekiston fuqarosi emasmi? O‘lganlarning nolasi eshitilmaydimi yoki?”


 


Теги :
Jamiyat