Atmosferaga chiqariladigan uglerodni kamaytirishga erishildi
Bunda yangi texnologiya asosida sanoat chiqindilarini qayta ishlash evaziga atmosferaga chiqariladigan uglerodni 15-20 foizgacha kamaytirishga erishilgan.
2 daqiqa o‘qiladi

Sement ishlab chiqarishda qo‘llangan yangi texnologiya yaxshi samara berdi.
Katta tadqiqot
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti tadqiqotchisi Farhod Yo‘ldoshev Institut qoshidagi Ilmiy kengashda Texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori ilmiy darajasini olish uchun “Texnogen chiqindilardan sementga faol mineral qo‘shimcha va uni tayyorlash usuli” mavzusidagi tadqiqot ishini dissertatsiyasiz, Intellektual mulk agentligidan olingan patent asosida himoya qilgan.
Ushbu tadqiqotning maqsadi atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan sanoat chiqindilarni avtoklavda qayta ishlab, sementga faol mineral qo‘shimcha olish texnologiyasini ishlab chiqishdan iborat.
Tadqiqot obyekti sifatida katta miqdorda hosil bo‘ladigan, ekstraksion fosfor kislota ishlab chiqarish jarayoni chiqindisi – fosfogips (hozirgi kunda 70-80 mln tonna yig‘ilib qolgan va bir necha o‘n gektar maydonni egallab yotibdi) bilan Angren issiqlik stansiyasi kul-shlaklarini avtoklavda qayta ishlab, sementga faol mineral qo‘shimcha va qo‘shimchali sement o‘rganilgan.
“Fosfozol” texnologiyasi va 350 milliard so‘mlik samara
Sement ishlab chiqarishda texnogen chiqindilardan foydalanib (fosfogips, kul-shlak), yangi turdagi sementga faol mineral qo‘shimcha — “fosfozol” olish texnologiyasi yaratilgan. Atrof-muhitni ifloslantiruvchi texnogen chiqindilarni qayta ishlab olingan “fosfozol”ni sementga 20 foiz qo‘shish orqali GOST talablariga javob beradigan 400 markali sement olingan.
Yaratilgan texnologiya asosida 500 ming tonnadan ortiq sanoat chiqindilari utilizatsiya qilingan, GOST talablariga javob beradigan 3 000 000 tonnadan ortiq qo‘shimchali sement ishlab chiqarilgan va iqtisodiy samaradorlik qariyb 350 milliard so‘mni tashkil etgan.
Tejalgan tabiiy gaz va atmosfera
Sanoat chiqindilaridan ikkilamchi xom-ashyo sifatida foydalanish hisobiga an’anaviy usulda sement ishlab chiqarishda 5 foiz miqdorda qo‘shiladigan 150 ming tonna gips tejab qolingan. Yangi texnologiya bo‘yicha sement ishlab chiqarishda sarflanadigan tabiiy gaz 20 foizgacha tejalib, atmosferaga chiqariladigan uglerod emissiyasini 15-20 foizgacha kamaytirishga erishilgan.



