$
 12158.59
-39.69
 14238.92
-2.57
 157.88
1.31
weather
+26
Кечаси   +14°

Bishkek havosini Toshkentdan o‘rnak olib tozalash taklif etildi

Toshkent havosi yil davomida eng og‘ir ekologik muammolar bilan kurashayotgan bir paytda, Qirg‘iziston deputatlari uning tajribasidan o‘rganishni taklif qilmoqda. Ammo haqiqatda poytaxtimiz bu borada qanchalik namuna bo‘la oladi?

Qirg‘iziston deputatining tashabbusi

Qirg‘iziston Jogorku Kenesh deputati Marat Murataliyev Bishkekdagi havo ifloslanishi muammosini hal qilish uchun Energetika vazirligiga takliflar berdi. Bu haqda Sputnik Qirgiziston xabar bermoqda.

Deputatning fikricha, har bir uyga quyosh panellari o‘rnatish va fuqarolarga 15 yilga qadar foizsiz kredit ajratish orqali muammoni kamaytirish mumkin.

Shuningdek, Toshkent tajribasidan foydalanish – hatto rezina yoqilganda ham tutun chiqarmaydigan maxsus filtrlarga ega qozonxonalar qurish taklif etilgan. Deputat bu chora-tadbirlar orqali Bishkek havosini yaxshilash mumkinligini ta’kidlagan.

Toshkentdagi vaziyat aslida qanday?

Toshkentda havo sifati jiddiy muammo bo‘lib qolmoqda. 2-fevral holatiga AQI (Havo sifat indeksi) bo‘yicha poytaxt dunyoning eng ifloslangan 7-shahriga aylangan. Bugun esa Toshkentda AQI 196 darajaga yetib, “zararli” deb baholandi.

PM2.5 zarrachalari – asosiy ifloslantiruvchi moddalar – 120 µg/m³ darajaga chiqqan. Bu inson salomatligi uchun xavfli bo‘lib, ayniqsa bolalar, keksalar va astma kabi kasalliklarga moyil kishilar uchun zararli hisoblanadi.

Bishkekka qanday o‘rnak bo‘la olamiz?

Deputat Murataliyevning taklifida jon bor – hozircha O‘zbekistonda quyosh panellari joriy etish, mazut yoqishni cheklash, AI-80 benzini taqiqlash kabi qaror va loyihalar bilan ifloslanishga qarshi kurash olib borilmoqda.

Biroq bu chora-tadbirlar hozircha sezilarli natija bergani yo‘q. Shahar havosi hanuz yomonlashishda davom etmoqda. Yirik qurilish loyihalari, avtomobillarning ortib borishi, issiqxona gazlarining nazoratdan chiqishi va sanoat korxonalarining chiqindi gazlari buning asosiy sababi bo‘lib qolmoqda.

Shunday qilib, amalda Toshkentning o‘zi bu borada katta yutuqlarga erishmoqda, deb aytish qiyin. Toshkentning o‘zi hali ham havo sifatini yaxshilash uchun samarali yechimlarni izlashda davom etarkan, Bishkek Toshkent tajribasidan nimani o‘rganishi mumkin?

Теги :
Jamiyat
Salomatlik