$
 12741.76
26.69
 14035.05
-6.2
 139.85
0.14
weather
+26
Кечаси   +14°

Urganch xalqaro aeroportini DXSh asosida modernizatsiya qilish va boshqarish boʻyicha tender eʼlon qilindi

Urganch xalqaro aeroporti

O‘zbekiston Respublikasi Hukumati “Uzbekistan Airports” AJ, Transport vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda Urganch xalqaro aeroportini modernizatsiya qilish va boshqarish bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik (“DXSh”) loyihasini amalga oshirishni rejalashtirmoqda.

Urganch aeroporti turizm uchun muhim nuqta hisoblanadi

O‘zbekiston Respublikasining Xorazm viloyati Urganch shahriga yaqin joyda joylashgan Urganch xalqaro aeroporti mintaqa uchun strategik ahamiyatga ega transport markazi bo‘lib, ichki va xalqaro reyslarga xizmat ko‘rsatadi, yo‘lovchilarni O‘zbekiston va xorijdagi manzillarga bog‘laydi. Turizmni rivojlantirish va savdoni osonlashtirish uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan Urganch xalqaro aeroporti mahalliy aholi va tashrif buyuruvchilar uchun muhim havo aloqasini ta’minlaydi. Aeroport YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan tarixiy Xiva shahriga yaqin joylashgani sababli turizmni rivojlantirish uchun ham muhim nuqta hisoblanadi.

Aeroport umumiy hisobda 48 ta aviakompaniyaga xizmat ko‘rsatadi

Urganch xalqaro aeroporti muntazam ravishda 8 ta aviakompaniyaga va Yevrosiyo bo‘ylab charter reyslari bo‘yicha 40 ga yaqin aviakompaniyaga xizmat ko‘rsatadi. 2023-yilda aeroport 590 ming yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatgan bo‘lsa, 2024-yilda yo‘lovchi tashish hajmi 17 foizga oshishi kutilmoqda. Dastlabki prognozlarga ko‘ra, DXSh davrida yo‘lovchi tashish hajmi har yili o‘rtacha 7,5 foizga o‘sishi kutilmoqda.

“O‘zbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan iqtisodiyotning turli tarmoqlarida, jumladan, transport infratuzilmasida davlat sektori investitsiyalari va xizmatlar ko‘rsatish mexanizmlari samaradorligini oshirishga qaratilgan islohotlar dasturi amalga oshirilmoqda. Ushbu dastur doirasida Hukumat dunyo mamlakatlari bilan aloqani yaxshilash, shuningdek, xalqaro avia yo‘nalishlarga kirish imkoniyatini oshirish, turizm, savdo va ish o‘rinlari yaratishni rag‘batlantirish maqsadida transport infratuzilmasida DXShlarni rivojlantirish niyatida”, — deyiladi tender e’lonida.

 

“UzAirports” “Urganch xalqaro aeroportini qurish, undan foydalanish, topshirish (BOT) modelidan foydalangan holda modernizatsiya va boshqarish” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha tenderning birinchi bosqichi (talabgorlarga dastlabki malaka hujjatlari) haqida e’lon qiladi. Shu kabi loyihalarni amalga oshirish tajribasiga ega barcha manfaatdor tomonlar ushbu loyihada ishtirok etishga taklif etiladi.

“UzAirports” kompaniyasi “PricewaterhouseCoopers (PwC)” va “White&Case (W&C)” kompaniyalarini tanlov savdolari orqali xususiy sherik tanlashda yordam berish uchun ixtisoslashgan maslahatchilar sifatida jalb qildi.

Loyiha quyidagi modernizatsiya ishlarini o‘z ichiga oladi:

- 3500 m uzunlikdagi yangi uchish-qo‘nish yo‘lagini qurish;

- asosiy burilish yo‘lagini qurish;

- 2 bosqichli burilish yo‘laklarini qurish;

- 2 ta tutashuvchi burilish yo‘laklarini qurish;

- mavjud apronni rekonstruksiya qilish;

- yangi ma’muriy terminal qurish;

- yangi yuk terminalini qurish;

- maxsus jihozlar binosini qurish;

- yangi umumiy ovqatlanish majmuasini qurish;

- maydoni 39 000 m² bo‘lgan xalqaro reyslar uchun soatiga 1000 yo‘lovchiga (ham jo‘nash, ham qo‘nish) va ichki reyslar uchun soatiga 300 yo‘lovchiga (ham jo‘nash, ham kelish) xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan yangi yo‘lovchi terminalini qurish.

Теги :
Жамият