$
 11970.68
36.04
 13902.75
6.06
 163.18
-0.96
weather
+26
Кечаси   +14°

Aholi advokatlik xizmatlaridan qanday foydalanmoqda?

Advokat advokat

Aholining yuridik yordamga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash uchun advokatura sohasini rivojlantirishga e’tibor qaratilmoqda. Advokatlar sonini ko‘paytirish maqsadida sohaga ishga kirishdagi ayrim to‘siqlar olib tashlandi. 

Jumladan, faoliyat bilan shug‘ullanish huquqi uchun litsenziya berish “Litsenziya” axborot tizimi orqali amalga oshirilishi yo‘lga qo‘yildi.

Amaliyotda aholi advokatlar xizmatlaridan qanday foydalanyapti?

Amaliyotda aholi advokatlar xizmatlaridan qanday foydalanayotgani va soha vakillariga aholida ishonch uyg‘onayotgani haqida Shayxontohur tumanlararo sudi sudyasi Gulruh Mamaraimova gapirib o‘tdi. Unga ko‘ra, advokatlar xizmatlaridan foydalanish tobora kengayib bormoqda, ayniqsa, aholida soha vakillariga bo‘lgan ishonch shakllanmoqda. Aytib o‘tish kerakki, advokatlarning fuqarolik va iqtisodiy sud ishlarida tarafning vakili sifatida ishtirok etishiga orderning o‘zi yetarli hisoblanadi. Lekin ko‘p hollarda advokatga uni vakil qilgan taraf ishonchnoma bermagan bo‘lsa, u faqat ishda advokat sifatida ishtirok etadi, degan biroz yanglish tushunchalar yoxud taraf nomidan ishonchnomasi bo‘lmagan advokat tushuntirish yoki qarshi tarafga savol berishga haqqi yo‘q degan e’tirozlar ko‘p bo‘lyapti.  

Ishonchnomasiz advokat sudda vakil bo‘la oladimi?

Bunda, ishda ishtirok etuvchi shaxs tomonidan berilgan ishonchnomasi bor advokat vakil-u, ishonchnoma berilmagan advokat vakil emasmi, degan o‘rinli savol paydo bo‘ladi. Tegishli kodekslarga ko‘ra, advokat fuqarolik va iqtisodiy sud ishlarini yuritishda vakillik qilishi mumkin bo‘lgan subyektlardan biri hisoblanadi. Xususan, protsessual kodekslar advokat, qarindosh va boshqa shaxslarning sudda vakillik qilish imkoniyatini belgilaydi. Unga ko‘ra, advokat, qarindosh va boshqalar sudda vakillik qilishi mumkin. Shu nuqtai nazardan advokatning fuqarolik va iqtisodiy sud ishlarini yuritishdagi maqomi vakil hisoblanadi. 

Advokat uni vakil qilgan shaxsning barcha protsessual huquqlaridan foydalanishi mumkinmi? 

Iqtisodiy protsessual kodeks (IPK)ning 63-moddasida sudda ish yuritish vakolatlari vakilga uni vakil qilgan shaxs nomidan barcha protsessual harakatlarni amalga oshirish huquqini berishi belgilangan. 

Shunga o‘xshash mazmundagi norma Fuqarolik protsessual kodeksining 69-moddasi birinchi qismida, ya’ni sudda ish yuritish vakolatlari vakilga barcha protsessual harakatlarni vakolat beruvchi nomidan amalga oshirish huquqini berishi belgilangan. 

Ishonchnomasiz advokat sudda vakil bo‘la oladimi?

IPKning 62-moddasida hamda FPKning 68-moddasida advokatning vakolatlari qonunchilikda belgilangan tartibda tasdiqlanishi qayd qilingan bo‘lib, mazkur norma advokatning vakolatini rasmiylashtirishni maxsus qonunlarga havola qilgan. Bundan xulosa qilish mumkinki, O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, advokat sudda ishonchnomasiz ham vakil bo‘la oladi.

“Advokatlik faoliyatining kafolatlari va advokatlarning ijtimoiy himoyasi to‘g‘risida”gi qonunning 4-moddasida muayyan ishni olib borishga advokatning vakolatli ekani order bilan tasdiqlanishi nazarda tutilgan. Demak, advokat fuqarolik va iqtisodiy sud ishlarini yuritishda taraf vakili bo‘lib, u advokatlik orderi bilan tarafning barcha huquqlaridan, jumladan, tushuntirish va savollar berish huquqidan foydalanishi mumkin. 

Advokatning suddagi vakolatlari

Advokatlarning sudda vakil sifatida ishtirok etishi ijobiy holat bo‘lsa-da, ayrim maxsus protsessual huquqlar uchun maxsus ishonchnoma talab qilinadi. Masalan, da’vo arizasini imzolash, kelishuv bitimi tuzish, yoki da’vodan voz kechish kabi huquqlarni amalga oshirish uchun alohida ishonchnoma kerak. Advokat ishtirok etgan sud jarayonlarida da’vogarlar talablarini to‘g‘ri qo‘yadi, javobgarlar esa o‘z e’tirozlarini aniq bildiradi va dalillarni o‘z vaqtida taqdim etadi, bu esa ishlarning qonunda belgilangan muddatlarda ko‘rib chiqilishiga imkon yaratadi.

“Mehnat nizolari bo‘yicha ishtirok etayotgan advokatlar faoliyati samarali kechmoqda. Ularning yutug‘i bir jamoaga birlashgani va bir xil yondashuvni barchalari qo‘llab-quvvatlashida. Shuningdek, ularning bilim va malakalari ham alohida e’tirofga loyiq”, deydi soha mutaxassisi.

Теги :
Jamiyat