$
 12171.61
-24.39
 14117.85
-23.41
 149.80
-1.94
weather
+26
Кечаси   +14°

Internetga qaramlikni qanday kamaytirish mumkin?

internetga qaramlik

Statistik malumotlarga qaraganda, dunyo bo‘ylab taxminan 210 million kishi onlayn qaramlikdan aziyat chekadi. Ijtimoiy tarmoqlar, video o‘yinlar, onlayn xaridlar yoki uzluksiz kontent tomosha qilishga haddan tashqari berilish natijasida yuzaga keladigan internetga qaramlikdan xalos bo‘lishning yo‘li topildi. Xitoyning Guansi universiteti olimlari 760 nafar ishtirokchi bilan o‘tkazgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, jismoniy faollik bu muammoning samarali yechimlaridan biri ekani aniqlandi.

Jismoniy faollik qanday yordam berishi mumkin?

Tadqiqotchilar internetga qaramlik tashxisi qo‘yilgan 760 nafar talaba ishtirokidagi 14 ta ilmiy tadqiqot natijalarini tahlil qilishdi. Ushbu tadqiqotlar Xitoyda o‘tkazilgan bo‘lib, talabalar har xil jismoniy mashqlarni bajargan.

Ushbu tadqiqotlar doirasidagi jismoniy faollik uch xil harakat ko‘nikmasini o‘z ichiga olgan: ochiq harakat ko‘nikmalarini rivojlantiruvchi mashqlar, yopiq harakat ko‘nikmalarini shakllantiruvchi mashqlar va ularning kombinatsiyasi. Ochiq harakat ko‘nikmalari o‘zgaruvchan muhitda jismoniy faollikni talab qiladi va unda tashqi ta’sirlarga javob berish kerak bo‘ladi. Basketbol yoki futbol kabi jamoaviy sport turlari bunga misol. Yopiq harakat ko‘nikmalari esa, aksincha, barqaror muhitda takrorlanadigan harakatlarni nazarda tutadi — yugurish, suzish yoki mushak mashqlarini bajarish kabi.

Dasturlar davomiyligi to‘rt haftadan o‘n sakkiz haftagacha bo‘lib, haftasiga ikki martadan besh martagacha mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Har bir mashg‘ulot 50 daqiqadan 120 daqiqagacha bajarildi. Alohida nazorat guruhidagi talabalar esa hech qanday jismoniy yuklamalar olmadi va odatdagi turmush tarzini davom ettirdi.

Natijalar

Natijalardan ma’lum bo‘lishicha, jismoniy faollik internetga haddan tashqari berilish alomatlarini kamaytirishda muhim rol o‘ynaydi. Sport bilan shug‘ullangan talabalar orasida nafaqat internetdan foydalanish odatlari o‘zgargan, balki ularning umumiy ruhiy salomatligi ham yaxshilangan. Ayniqsa, jamoaviy sport turlari yoki muhit ta’sirida o‘zgaradigan harakatlar bilan bog‘liq mashg‘ulotlar ancha samarali natija bergan.

Qaramlikning ildizi

Tadqiqotchilarning fikricha, internetga qaramlik miyada dofamin ajralishini keltirib chiqarib, insonni shu holatni yana va yana takrorlashga undaydi. Shu sababdan uni nazorat qilish oson emas.

Ma’lum bo‘lishicha, muntazam jismoniy faollik internetga qaramlik alomatlarini kamaytirishga, stress va xavotirni yengishga, shuningdek, ruhiy salomatlikni yaxshilashga yordam beradi.

Bu faqat talabalar uchun aktualmi?

Ishonchli natijalarga qaramasdan, tadqiqot ma’lum kamchiliklarga ega. Birinchidan, barcha tajribalar faqat Xitoyda o‘tkazilgani sababli, xulosalarni boshqa mamlakatlar va madaniyatlarda qo‘llash cheklanishi mumkin.

Ikkinchidan, tadqiqotda faqat talabalar ishtirok etgan, boshqa yosh guruhlarida jismoniy mashqlarning internetga qaramlikka ta’siri o‘rganilmagan. Shunga qaramay, olingan ma’lumotlar jismoniy faollikning internetga qaramlikning oldini olish va davolashdagi ahamiyatini ko‘rsatadi. Ular sohada yangi terapevtik strategiyalarni ishlab chiqish uchun asos bo‘lishi mumkin.

Теги :
Jamiyat
Salomatlik