$
 12198.28
-30.3
 14241.49
-41.49
 156.57
0.61
weather
+26
Кечаси   +14°

Joriy yilda 65 mingdan ziyod abituriyent test sinovlarida ishtirok etmadi

abituriyent abituriyent

AOKAda Bilim va malakalarni baholash agentligi rahbariyati ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida 2024/2025-o‘quv yili uchun ta’lim tashkilotlariga kirish test sinovlarining dastlabki yakunlari yuzasidan ma’lumot berildi.

65 336 nafar abituriyent imtihonga kelmagan

Hujjat topshirgan 805 688 nafar abituriyentning 740 352 nafari (91,9%) test sinovlarida ishtirok etdi, 65 336 nafar (8,1 %) abituriyent turli sabablarga ko‘ra qatnashmadi.

210 nafar abituriyent 189 va undan yuqori ball to‘pladi

Abituriyentlarning 210 nafari (2023-yilda 119 nafar) 189 va undan yuqori ball to‘pladi (shundan 91 nafari 189 dan yuqori ball to‘plagan “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyi bitiruvchilari hisoblanadi). Ular orasidagi eng yuqori ko‘rsatkich 217,4 ball to‘plagan imtihon topshirgan fanlar majmuasidagi asosiy fanlari tarix va chet tili bo‘lgan “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyi bitiruvchisida qayd etildi.

189 va undan yuqori ball to‘plagan 210 nafar abituriyentning:

77 nafari imtihon topshirgan fanlar majmuasidagi asosiy fanlari tarix va chet tili bo‘lgan;

43 nafari imtihon topshirgan fanlar majmuasidagi asosiy fanlari biologiya va kimyo bo‘lgan;

40 nafari imtihon topshirgan fanlar majmuasidagi asosiy fanlari ona tili va adabiyot hamda ingliz tili bo‘lgan;

21 nafari imtihon topshirgan fanlar majmuasidagi asosiy fanlari davlat huquq asoslari va chet tili bo‘lgan abituriyentlar hisoblanadi.

Joriy yilda sertifikat olganlar ko‘paygan

Shuningdek, test sinovlarida ishtirok etgan abituriyentlarning 43 677 nafari (2023-yilda 25 661 nafar) chet tili sertifikatiga ega bo‘lgan abituriyentlar bo‘lib, shundan 76 nafari maksimal (189,0) ball to‘plagan. Umumta’lim fanlaridan milliy sertifikatga ega bo‘lgan abituriyentlar esa 13 142 nafarni (2023-yilda 3 255 nafar) tashkil etgan holda, ulardan 118 nafari maksimal (189,0) ball olgan. Ham umumta’lim fanlaridan milliy sertifikatga, ham chet tili sertifikatiga ega bo‘lgan abituriyentlar soni 4 259 nafar (2023-yilda 355 nafar) bo‘lib, shundan 74 nafari maksimal (189,0) ball to‘plagan.

Qoidabuzar abituriyentlar

Test sinovlari davrida jami 159 nafar abituriyent tartib-qoidalarni buzganligi sababli test sinovlaridan chetlashtirildi. Jumladan, 62 nafar abituriyent hududga kirish joyida va 97 nafar abituriyent imtihon jarayonida test sinovlari tartib-qoidalarini buzganligi aniqlandi.

Akademik litseylar uchun test sinovlariga 11,8 % talabgor kelmadi.

Shuningdek, Bilimni baholash agentligi tomonidan 2024/2025 o‘quv yili uchun 25-27-iyul kunlari akademik litseylarga kirish test sinovlari ham o‘tkazildi. Bunda respublika oliy ta’lim muassasalari akademik litseylari, Ichki ishlar vazirligi tasarrufidagi akademik litseylar, Toshkent davlat yuridik universiteti qoshidagi akademik litseylar, “Temurbeklar maktabi”, “Yosh chegarachilar”, Jaloliddin Manguberdi nomidagi harbiy-akademik litseylarga kirish test sinovlarida jami qatnashishi kerak bo‘lgan 62 728 nafar talabgordan 55 301 nafari yoki 88,2 %i qatnashdi.

Ochiq, xolis, adolatli

Xulosa qilib aytganda, 2024/2025-o‘quv yilida oliy va professional ta’lim muassasalariga kirish test sinovlari 2024-yil 14-25-iyul kunlari “avval test, so‘ng tanlov” tamoyiliga muvofiq 73 ta katta sig‘imli binoda ochiq va xolis o‘tkazildi.

Jarayonni xavfsiz va betalafot o‘tkazish uchun 1 578 nafar ichki ishlar, 833 nafar Milliy gvardiya, 314 nafar Yong‘in xavfsizligi va 233 nafar Sog‘liqni saqlash tizimi xodimlari jalb etildi. Test sinovlari shaffofligini ta’minlash maqsadida, test sinovlari jarayonining onlayn translyatsiyasi televideniye orqali (“Viasat Explorer” telekanalida) uzatildi va test2024.uz veb-saytida to‘g‘ridan to‘g‘ri yoritildi. Test sinovlarini adolatli va shaffof o‘tkazish maqsadida keng jamoatchilik orasidan ochiq tanlov o‘tkazish orqali 3 000 nafarga yaqin guruh nazoratchisi, shuningdek, gapirish va eshitishda nuqsoni bo‘lgan abituriyentlarga amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida 120 nafar surdotarjimon jalb etildi.

Теги :
Jamiyat