$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekistonda YTHlarning 57 foiziga yo‘l infratuzilmasidagi kamchiliklar sabab bo‘lgan

YTH

Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi majlisida avtomobil yo‘llarida inson xavfsizligini ishonchli taʼminlash va o‘lim holatlarini keskin kamaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar holati tahlil qilindi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.

Asosiy sabab — yo‘l infratuzilmasidagi kamchiliklar

Maʼlum qilinishicha, hodisalarning kelib chiqish sabablari tahlil qilinganda, ularning 57 foizi yo‘l infratuzilmasidagi kamchiliklar hamda 43 foizi haydovchi tomonidan yo‘l harakati qoidalariga rioya qilmaslik oqibatida sodir etilgani maʼlum bo‘lgan.

Sodir bo‘layotgan yo‘l-transport hodisalarining 53,7 foizi piyoda va velosipedchilar bilan bog‘liq holatlar hissasiga to‘g‘ri kelgan.

9 548 ta maktab xavfli hududlarda

Bundan tashqari, umumiy o‘rta taʼlim maktablarining 9 548 tasi transport qatnovi ko‘p hududlarda joylashgan va aksariyat maktablar oldida piyodalar uchun yo‘laklar mavjud emas, tegishli svetoforlar o‘rnatilmagan.

65 nafar qurbon

Oqibatda 2024-yilning 5 oyi davomida jami 359 nafar o‘quvchi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi sodir etilgan va 65 nafar o‘quvchi halok bo‘lgan, 294 nafar o‘quvchi esa turli darajada tan jarohatlari olgan.

Yo‘llarning 27 foizi ta'mirtalab ahvolda

2024-yil 1-yanvar holatiga respublikadagi jami 209,3 ming km avtomobil yo‘llarining 56,1 ming km qismi yoki 27 foizi taʼmirtalab holatda.

2023-yil va 2024-yilning 5 oy davomida Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining masʼul xodimlari tomonidan yo‘l infratuzilmasi bilan bog‘liq qariyb 11 ming kamchiliklar aniqlangan bo‘lib, ularni bartaraf etish yuzasidan avtomobil yo‘llari egalariga jami 5 yarim mingta yozma ko‘rsatma va taqdimnomalar kiritilgan.

16 milliondan ortiq qoidabuzarlik

Avtomobil yo‘llarida yo‘lovchilar xavfsizligini taʼminlash yuzasidan taʼsirchan nazorat to‘liq va samarali o‘rnatilmaganligi sababli 2023-yilda jami 16 milliondan ortiq qoidabuzarlik qayd etilgan.

Sodir etilgan 9 839 ta yo‘l-transport hodisasi oqibatida 9 209 nafar fuqaro jarohatlangan va 2 282 nafar fuqaro halok bo‘lgan.

2023-yilda bolalar bilan bog‘liq 1 794 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilib, ularda 1 568 nafar bola jarohatlangan va 263 nafar bola halok bo‘lgan.

Hududlar kesimida

2024-yilning 5 oyida esa mamlakat bo‘yicha sodir bo‘lgan umumiy yo‘l-transport hodisalarining soni har 100 ming aholiga 7,2 tani tashkil etgan bir paytda ushbu salbiy ko‘rsatkich Toshkent shahrida 12,8 tani, Toshkent viloyatida 12,2 taga, Namangan viloyatida 9,1 taga va Farg‘ona viloyatida 8,4 taga yetgan.

O‘lim bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalarining salmog‘i Samarqand, Toshkent (80 tadan), Farg‘ona (69 ta), Qashqadaryo va Surxondaryo (53 tadan) viloyatlarida hamon yuqoriligicha qolmoqda.

Теги :
Jamiyat
Avto