O‘yindan o‘t chiqdi: to‘y kortejida haydovchilar 200 dollar uchun yo‘l talashib, bir-biri bilan to‘qnashdi
“Qahramonlar”ning mashinalari jarima maydoniga qo‘yilib, mayda bezorilik bo‘yicha ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan. Bu haqda Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV ma’lumot berdi.
2 daqiqa o‘qiladi

Ijtimoiy tarmoqlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kegeyli tumanida o‘tkazilgan to‘y marosimida haydovchilar yo‘l talashib, atayin bir nechta mashinalarni to‘qnashtirgani aks etgan videolavha tarqaldi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV matbuot xizmati holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.
Aybdor — kuyov
Qayd etilishicha, 12-iyun kuni Kegeyli tumanida yashovchi, 22 yoshli A.N.ning nikoh to‘yi o‘tkazilgan. Kuyov Nukus shahrida joylashgan “Karavan saray” to‘yxonasidan Mercedes mashinasida to‘y sayliga chiqqan. To‘y kortejida jami 9 ta mashina Nukus shahridan Kegeyli tumaniga qarab harakatlangan. Kuyov to‘y sayli boshlanishidan oldin kim u o‘tirgan mashina orqasidan birinchi bo‘lib yetib borsa, o‘sha haydovchiga 200 dollar berishini va’da qilgan. Saylda qatnashgan mashinalar haydovchilari kortej Kegeyli tumaniga yetib kelgach, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan buzib, tumanning Nurli quyosh ko‘chasida kuyov o‘tirgan Mercedes ortidan yo‘l talashib, bir-biri bilan to‘qnashgan.
Ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan
Holat bo‘yicha olib borilgan surishtiruv ishlari davomida tan jarohati olgan fuqarolar aniqlanmagan. To‘y saylida ishtirok etgan 9 ta mashina jarima maydoniga qo‘yilib, haydovchilarga ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan. Hozirda haydovchilarga nisbatan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilib, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) bo‘yicha ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan.
O‘xshash keyslar
Bundan oldin Qoraqalpog‘istondagi to‘yda tanasini mashinadan chiqarib tasvirga olgan operatorlar va haydovchi jarimaga tortilgan edi. Shuningdek, Andijonda 20 yoshli qiz mashinadan tanasini chiqarib harakatlangani, Samarqandda harakatlanayotgan Gentra’dan tanasini chiqarib, soxta dollar sochgan yigitlarga chora ko‘rilgani to‘g‘risida xabar berilgandi.



