$
 11913.35
14.26
€
 13328.66
30.24
₽
 142.39
0.86
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekistonda 3 million gektardan ortiq yaylov tiklanadi: chorvadorlar uchun yangi imkoniyatlar yaratiladi

Yaylov

Yil oxirigacha 620 ming gektar yaylovning holatini yaxshilash, 470 ta mahallaga 627 ming gektar yerni 49 yilga bepul ijaraga berish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, yaylovlarda quduqlar qazish, sug‘orish inshootlari qurish va chorvachilik komplekslarini tashkil etish choralari belgilandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev yaylovlarning yaroqsiz holga kelishining oldini olish, ularni suv bilan ta’minlash va mavjud yer resurslaridan samarali foydalanish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.

O‘zbekistonda jami 21 million 255 ming gektar yaylov bor. Biroq hozir ularning atigi 40 foizidan samarali foydalanilmoqda. Davlat rahbari ushbu yerlarning imkoniyatlarini to‘liq ishga solish mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

Yaylovlarning degradatsiyasi qisqartiriladi

Yaqinda yaylovlardan samarali foydalanishga qaratilgan Prezident qarori qabul qilingan edi. Taqdimotda ushbu hujjat ijrosini ta’minlash bo‘yicha vazifalar belgilandi.

Hokimlar zimmasiga joriy yil oxirigacha 620 ming gektar, 2027-yilda esa 3 million 700 ming gektar yaylovni tiklash va hosildorligini oshirish vazifasi yuklatildi.

Hudud rahbarlari Chorvachilik va yaylov xo‘jaligini rivojlantirish agentligi bilan birgalikda bir oy muddatda kompleks dasturlarni tasdiqlashi kerak. Ushbu dasturlarda degradatsiyaga uchragan yaylovlar maydonini 2026-yilda 10 foizga, kelgusi yilda esa 20 foizga qisqartirish choralari nazarda tutiladi.

Navoiy va Qashqadaryoda sug‘orish tizimlari kengaytiriladi

Navoiy viloyatida mahalliy budjetdan ajratilgan 30 milliard so‘m hisobidan “Kengsoy” nasos stansiyasi rekonstruksiya qilinmoqda. Bu orqali 20 ming gektar yaylovni o‘zlashtirish imkoniyati yaratilmoqda.

Mazkur hududda 11 ta tadbirkor suv havzalarini qurish va yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyalarini joriy etishga kirishgan. Natijada 60 ming bosh qoramol uchun yiliga 250 ming tonna ozuqa yetishtirish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Qashqadaryo viloyatining Nishon tumanidagi 1 ming 332 gektar yaylovda pivot sug‘orish tizimi joriy etilib, mahalliy iqlim va tuproq sharoitiga mos yangi ozuqabop o‘simliklar ekilmoqda.

Ushbu tajribani Muborak va Dehqonobod tumanlarida ham yo‘lga qo‘yish topshirildi. Shuningdek, bir yil ichida jami 9,4 ming gektar urug‘chilik maydonini tashkil etish belgilandi.

Yangi quduqlar qazilib, sug‘orish inshootlari quriladi

Yaylovlarni suv bilan ta’minlash uchun qo‘shimcha moliyaviy manbalar belgilanmoqda. Jumladan, yaylovlarni ijaraga berishdan tushadigan mablag‘lar hududiy yaylov xo‘jaliklari ixtiyorida qoldiriladi.

Ushbu mablag‘lar hisobidan yana 448 ta quduq qaziladi. Bu orqali 2027-yilda 1,5 million gektar yaylovning suv ta’minotini yaxshilash rejalashtirilgan. Bundan tashqari, joriy yil oxirigacha 1 ming 600 ta quduq ta’mirlanadi.

Sug‘orish infratuzilmasini rivojlantirish uchun budjetdan 100 milliard so‘m ajratilgan. Ushbu mablag‘ hisobidan 2026-yilda 161 ta, 2027 va 2028-yillarda esa 81 tadan sug‘orish inshooti quriladi. Natijada jami 323 ta inshoot barpo etilib, 969 ming gektar yaylovni tiklash imkoniyati yaratiladi.

Chorvadorlarning yaylovdan foydalanish huquqi rasmiylashtiriladi

Yaylovlardan uzoq yillardan buyon foydalanib kelayotgan chorvadorlarning huquqlarini qonuniy rasmiylashtirish masalasi ham ko‘rib chiqildi.

Hozirda 623 ming gektar yaylovda 260 ming bosh chorva boqilmoqda. Ushbu yerlarni amaldagi foydalanuvchilar nomiga rasmiylashtirish uchun tegishli komissiya vakolati joriy yil oxirigacha uzaytiriladi.

Olis hududlarda yashovchi aholi xonadonlaridagi chorvani o‘tlatishi uchun jamoat yaylovlari ham tashkil etiladi. Yil yakunigacha 470 ta mahallaga jami 627 ming gektar yaylov 49 yil muddatga bepul ijaraga beriladi. Ushbu yerlar soliqdan ham ozod etiladi.

Yaylovlarda chorvachilik komplekslari qurishga ruxsat beriladi

Yangi tartibga ko‘ra, yaylov yerlarining toifasini o‘zgartirmasdan, ularda chorvachilik komplekslarini qurish mumkin bo‘ladi.

Bunda yer uchastkalarining boshlang‘ich narxi va yer solig‘i qishloq xo‘jaligi yerlari uchun belgilangan tartib asosida hisoblanadi.

Navoiy, Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida jami 130 gektar maydonda 15 ta chorvachilik kompleksini qurish rejalashtirilgan. Ular 55 ming boshdan ortiq chorva saqlashga mo‘ljallanadi.

Bu chorvachilikni rivojlantirish bilan birga, yaylovlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Yaylovlardan boshqa yo‘nalishlarda ham foydalanish mumkin bo‘ladi

Taqdimotda yaylovlardan faqat chorva boqish uchun foydalanish bilan cheklanib qolmaslik kerakligi ham qayd etildi.

Endilikda ushbu yerlarni ekoturizm, asalarichilik, dorivor o‘simliklar yetishtirish, ko‘chatchilik, ovchilik va pillachilik faoliyati uchun ham ijaraga berishga ruxsat etiladi.

Biroq bunday loyihalarni amalga oshirishda yaylovlarning tabiiy holatini saqlash va ularning qayta tiklanishini ta’minlash asosiy talablardan biri bo‘lib qoladi.

Yig‘ilish yakunida mas’ul idoralar va hududiy rahbarlarga yaylovlarni tiklash, ularning suv hamda ozuqa bazasini mustahkamlash, shuningdek, aholi va tadbirkorlar uchun yaratilgan yangi imkoniyatlarni joylarda amalga oshirish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.

Теги :
Jamiyat