$
 11789.33
4.03
 13702.74
7.04
 136.48
0.35
weather
+26
Кечаси   +14°

“Turonbank” va “O‘zekspomarkaz” sotuvda: Xususiylashtirishning navbatdagi bosqichi boshlandi

Turonbank

O‘zbekistonda davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini kamaytirish va xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish doirasida davlat aktivlarini sotish tartibi o‘zgartirilmoqda. Yangi mexanizmlar investorlar va tadbirkorlar uchun aktivlarni xarid qilish shartlarini yengillashtirish, savdolar samaradorligini oshirish hamda xususiy sektor ishtirokini kengaytirishga qaratilgan.

Minglab aktiv va yer uchastkalari savdoga chiqariladi

O‘zbekiston Prezidenti tomonidan 2026-yil 28-avgustda imzolangan “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-177-son Farmonida xususiylashtirish bo‘yicha navbatdagi choralar belgilangan.

Unga ko‘ra, xususiylashtirish dasturi doirasida 84 ta xo‘jalik jamiyatidagi davlat ulushlari, 1 242 ta ko‘chmas mulk obyekti hamda tadbirkorlik va shaharsozlik maqsadlarida foydalanish uchun qariyb 8 ming gektar yer uchastkasi savdoga chiqariladi.

Mazkur vazifalar Prezidentimizning joriy yil avgust oyida tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan 6-ochiq muloqotida ham qayd etilgan.

Shuningdek, davlat ishtirokidagi 85 ta korxonani tugatish yoki qayta tashkil etish rejalashtirilgan.

Avvalgi savdolarda sotilmagan 84 ta aktiv esa boshlang‘ich narxi 1 million so‘m etib belgilanib, qayta auksionga chiqariladi.

Savdoga chiqariladigan barcha aktivlarning umumiy qiymati 100 trillion so‘mni tashkil etadi. Ularni realizatsiya qilish hisobidan yil yakunigacha kamida 14 trillion so‘m tushum olish kutilmoqda.

Xarid qilish shartlari yengillashtiriladi

Farmonda tadbirkorlarning takliflari asosida davlat aktivlarini sotishning yangi mexanizmlari belgilangan. Bu, avvalo, aktivlarni xarid qilish uchun zarur bo‘lgan dastlabki to‘lov va qolgan mablag‘ni to‘lash tartibiga taalluqli.

Endilikda xaridor aktiv qiymatining 15 foizini avans sifatida to‘laydi. Avvalgi tartibda bu ko‘rsatkich 35 foizni tashkil etgan.

Qolgan summa esa foiz hisoblanmagan holda bosqichma-bosqich to‘lanishi mumkin. Ilgari bunday to‘lovlarda o‘rtacha 14 foiz ustama qo‘llanilgan.

Yirik bitimlar uchun chegirma va uzoq muddatli to‘lov

Yirik aktivlarni xarid qiluvchilar uchun ham yangi to‘lov imkoniyatlari nazarda tutilgan.

Xususan, aktiv qiymatini olti oy ichida to‘liq to‘lagan xaridorga 25 foiz chegirma beriladi. Avvalgi tartibda esa to‘lov bir oy ichida to‘liq amalga oshirilganda 14 foiz chegirma taqdim etilgan.

Bundan tashqari, xaridor aktiv qiymatining 35 foizini uch oy ichida to‘lashi sharti bilan qolgan summani 5 yilgacha foiz hisoblanmagan holda bo‘lib to‘lashi mumkin.

Agar aktiv qiymatining 50 foizi olti oy ichida to‘langan bo‘lsa, qolgan mablag‘ni 7 yilgacha foizsiz bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi.

Sotilmagan aktivlar narxi bosqichma-bosqich tushiriladi

Davlat aktivlarini sotish jarayonining samaradorligini oshirish uchun auksionlarning yangi mexanizmlari ham joriy qilinadi.

Agar aktiv uch oy davomida xaridor topmagan bo‘lsa, uning narxini bosqichma-bosqich pasaytirish tartibi qo‘llanadi.

Ayrim aktivlar bo‘yicha “gibrid auksion” mexanizmidan foydalanish ham mumkin. Ushbu usul savdo davomida narxni avval pasaytirish, keyinchalik esa oshirish imkonini beradi.

Muhim jihati shundaki, Farmonda belgilangan yangi mexanizmlar va imtiyozlar davlat ishtirokidagi tijorat banklari balansida mavjud bo‘lgan aktivlarni realizatsiya qilishda ham qo‘llanishi mumkin.

Yerlar “tayyor paket” asosida sotiladi

Farmonda yer uchastkalarining investorlar uchun jozibadorligini oshirishga ham alohida e’tibor qaratilgan.

Endilikda yerlarni “tayyor paket” tamoyili asosida sotish mexanizmi joriy etiladi. Bunda yer uchastkasini xarid qilayotgan investor uchun muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish bo‘yicha texnik shartlar va zarur ruxsat beruvchi hujjatlar oldindan tayyorlab qo‘yiladi.

Bu tartib yer uchastkasini xarid qilgandan keyingi tashkiliy va texnik jarayonlarni soddalashtirishga qaratilgan.

OTM va tibbiyot markazlarini tijoratlashtirish imkoniyati

Farmonda yirik davlat oliy ta’lim muassasalari hamda ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarini bosqichma-bosqich tijoratlashtirish masalasi ham ko‘zda tutilgan.

Buning natijasida mazkur tashkilotlarga xususiy investorlarni hamda moliyaviy vositalarni jalb qilish imkoniyatlari yaratiladi.

Qator yirik davlat ulushlari sotuvga chiqariladi

Xususiylashtirishning ushbu bosqichida hukumat bir qator yirik tashkilotlardagi davlat ulushlarini ham sotuvga chiqaradi.

Jumladan, “Turonbank” AJdagi 98,9 foiz, “O‘zekspomarkaz” AJdagi 91,83 foiz hamda “Xalqaro hamkorlik markazi” AJdagi 79,27 foiz ulush savdoga qo‘yiladi.

Shu tariqa yangi tartib davlat aktivlarini sotishda nafaqat savdo mexanizmlarini o‘zgartirish, balki tadbirkorlar uchun to‘lov shartlarini yengillashtirish, yerlarni investitsiyaga tayyor holatda taklif etish va xususiy kapitalni davlat sektoriga kengroq jalb qilishni nazarda tutmoqda.

“Xususiylashtirishni davom ettirish kechiktirib bo‘lmaydigan chora”

Iqtisodchi Yuliy Yusupovning fikricha, davlat mulkini xususiylashtirishni davom ettirish O‘zbekiston uchun nihoyatda zarur va kechiktirib bo‘lmaydigan choralardan biridir.

Uning ta’kidlashicha, iqtisodiyotning raqobatga ochiq yo‘nalishlarida hanuz davlat tasarrufida yoki davlat ulushi mavjud bo‘lgan, aslida esa xususiy tijorat tashkiloti sifatida faoliyat yuritishi kerak bo‘lgan ko‘plab korxona va moliyaviy muassasalar mavjud.

Ekspert davlatning iqtisodiyotdagi ustun mavqei taraqqiyotga jiddiy to‘sqinlik qilayotganini qayd etadi. Uning fikricha, davlat samarali mulkdor yoki yaxshi boshqaruvchi bo‘la olmaydi. Ayniqsa, davlat korxonalarini boshqarayotgan amaldorlar faoliyati ustidan samarali jamoatchilik nazorati mavjud bo‘lmagan sharoitda bu muammo yanada yaqqol namoyon bo‘ladi.

Yusupovning fikricha, mulkning undan samarali foydalanish va uni ko‘paytirishdan manfaatdor bo‘lgan haqiqiy egasi bo‘lishi kerak.

Ekspert yana bir muhim jihatga e’tibor qaratadi: davlat kompaniyalarining mavjudligi raqobat saqlanib qolayotgan sohalarda sog‘lom bozor muhitining shakllanishiga to‘sqinlik qiladi. Bozor iqtisodiyotida esa aynan raqobat iqtisodiy o‘sish va raqobatbardoshlikni ta’minlovchi asosiy harakatlantiruvchi kuch hisoblanadi.

Shu sababli, Yusupov davlatning mulkchilik va xo‘jalik jarayonlaridagi ulushi keskin qisqartirilmas ekan, O‘zbekiston iqtisodiyotini to‘liq bozor iqtisodiyoti deb atash qiyinligini ta’kidlaydi.

Ekspert xususiylashtirish qoidalarini ham takomillashtirishni taklif qilmoqda

Yuliy Yusupov xususiylashtirish jarayonining o‘zini davom ettirish qanchalik muhim bo‘lsa, uning qoidalarini takomillashtirish ham shunchalik zarur, deb hisoblaydi.

Uning fikricha, taklif etilayotgan yangi mexanizmlar xarajatlarni kamaytiradi va potensial xaridorlarning savdolarda ishtirok etishini yengillashtiradi.

Biroq ekspert avvalgi tajribalarni, shuningdek, bundan ikki yil oldin o‘z maqolasida ko‘targan muammolarni hisobga olgan holda, ochiq savdolarni yanada shaffof va raqobatli qiladigan qo‘shimcha mexanizmlarni ham joriy etish zarur, deb hisoblaydi.

Xususan, u quyidagi qoidalarni joriy etishni taklif qilmoqda.

Birinchidan, savdo qoidalari oldindan aniq belgilanishi va savdo jarayoni davomida o‘zgartirilmasligi kerak.

Ikkinchidan, savdo g‘olibi faqat bitta mezon — taklif etilgan eng yuqori summa asosida aniqlanishi lozim.

Uchinchidan, xususiylashtirish jarayonida yangi mulkdor zimmasiga korrupsiya uchun manbaga aylanishi yoki keyinchalik savdo natijalarini qayta ko‘rib chiqishga asos bo‘lishi mumkin bo‘lgan investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlarni yuklashdan voz kechish kerak. Ekspert bu masalani bundan ikki yil oldin yozgan maqolasida ham batafsil ko‘targanini bildiradi.

To‘rtinchidan, xususiylashtirishning barcha bosqichlarida jamoatchilik nazorati ta’minlanishi lozim. Bu nazorat savdo qoidalarini ishlab chiqishdan boshlab, g‘oliblarni aniqlash, shuningdek, e’tiroz va apellyatsiyalarni ko‘rib chiqishgacha bo‘lgan jarayonlarni qamrab olishi kerak.

Yusupovning fikricha, bunda qonun chiqaruvchi hokimiyat, fuqarolik jamiyati, tadbirkorlar assotsiatsiyalari va ekspertlar hamjamiyati ishtiroki ta’minlanishi muhim.

Beshinchidan, xususiylashtirilayotgan kompaniyalardagi davlat ulushlarini ochiq savdolarsiz, “baholangan qiymat” asosida xususiy hissadorlarga sotish amaliyotini qayta ko‘rib chiqish zarur. Ekspert bunday amaliyotga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi haqida ham avvalgi maqolasida ta’kidlaganini qayd etadi.

Теги :
Jamiyat
Iqtisodiyot