$
 12190.57
18.39
 14303.20
-53.89
 157.48
0.03
weather
+26
Кечаси   +14°

“Tirik shahid”, “Zahhoki zamon”, bir qo‘lli rahnamo: Xomanaiy kim edi?

xomanaiy

 Eronning oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy 28-fevral kuni Tehronda AQSh va Isroilning havo zarbalari natijasida halok boʻldi. U 1981-yildan ikki muddatga prezident, 1989-yildan buyon Eron Islom Respublikasining oliy rahnamosi boʻlib kelgan edi. Qariyb 45 yillik rahbarlik davrida Xomanaiy mamlakatning ichki siyosat yoʻnalishi va tashqi strategiyasini belgilab kelgan. 

Uning boshqaruvi Eronning zamonaviy tarixida eng uzoq davom etgan davrga aylandi. Xomanaiy oʻzining siyosiy hamda diniy qarashlarini amalga oshirishi oqibatida koʻplab izlanishlar, xalqaro bahs-munozaralar mavzusi boʻlib keldi.

Xoʻsh, Oyatulloh Ali Xomanaiy qanday rahbar boʻlgan? U nimasi bilan yodda qoldi?

Bugungi Eron oʻziga xos davlatchilik tizimiga ega boʻlgan mamlakat boʻlib, bu yerda demokratiya va diniy hokimiyat bir-biri bilan uygʻunlashgan. Eronning siyosiy tizimida eng yuqori pogʻonada diniy rahbar, yaʼni oyatulloh turadi. 1979-yilgi inqilobdan soʻng monarxiya rejimi qulab, mamlakatni Ruhulloh Xumayniy va uning shogirdi Ali Xomanaiy kabi ikki taniqli rahbar boshqargan. Oʻtgan yillar davomida Ali Xomanaiy dastlab Eron prezidenti, Xumayniy vafotidan keyin esa oliy rahnamosi sifatida mamlakatni boshqarib keldi. Ammo AQSh—Isroil tomonidan berilgan havo zarbalari natijasida Xomanaiy halok boʻldi.

Xomanaiyning hayoti

Ali Xomanaiy 1939-yil 19-aprel kuni Eronning Mashhad shahrida dunyoga kelgan. U taqvodor, ammo qashshoq oilada ulgʻaygan. Oʻzi yozgan esdaliklarida, butun oilasi bir xonali uyda yashaganini va baʼzi kunlarda bolalar faqat non va choy bilan yotganini eslaydi. Xomanaiy 4 yoshida maktabga borishni boshlab, keyin Mashhaddagi diniy seminariyada tahsil oladi. 18 yoshida Iroqning Najaf shahrida shia olamining eng yirik ilmiy markazida taʼlim oldi.

1958-yilda Eronning diniy markazi boʻlgan Qum shahriga koʻchib, Xomanaiy shu yerda Ruhulloh Xumayniy bilan tanishdi va uning siyosiy qarashlaridan oziqlandi U Xumayniy bilan birgalikda 1979-yilgi inqilobning muhim ishtirokchisiga aylandi.

Siyosiy faoliyatidagi boshlangʻich qadamlar

Ali Xomanaiyning ilk siyosiy qadamlarida Ruhulloh Xumayniy 1964-yilda Eronning maxfiy politsiyasi SAVAK tomonidan taʼqib qilinib, mamlakatni tark etdi. Bu paytda Xomanaiy Ruhulloh bilan yaqindan tanish edi va uning shogirdi sifatida Eronni tark etgan ustozining faoliyatini davom ettirdi. Xomanaiy Ruhullohning maxfiy xatlarini tarqatgan va dindorlar orasida inqilob gʻoyalarini tarqatgan. Shu boisdan 1963–1978-yillar davomida u 6 marta hibsga olingan.

Ruhulloh Eronning oliy rahbari lavozimiga oʻtirganida Xomanaiy uning yordamchisi sifatida harbiy va siyosiy sohalarda faoliyat yuritdi. Keyinchalik Mudofaa vaziri oʻrinbosari, Islom inqilobi qoʻriqchilari korpusi tashkilotchisi, mudofaa vaziri, Tehron shahridagi juma namozlari imomi boʻldi.

Falajlik va “Tirik shahid” maqomi

1981-yilning 27-iyun kuni Ali Xomanaiyga qarshi sotsialist qarashdagi kuchlar tomonidan suiqasd uyushtirildi. Tehrondagi “Abu Zarr” masjidida bomba portlatildi, natijada Xomanaiy ogʻir jarohat olib, oʻng qoʻli falaj boʻldi. Portlashda Eron prezidenti Muhammad Ali Rajaiy va bosh vazir hayotdan koʻz yumdi. Bu voqea Xomanaiyni prezidentlikka daʼvogarga aylantirdi. Suiqasddan keyin jamoatchilik uni “tirik shahid” deb atay boshladi.

1981-yil oktyabrida Xomanaiy 95 foiz ovoz bilan Eronning 3-prezidenti etib saylandi. 1985-yilda esa prezidentlikka qayta saylandi. Uning boshqaruvi Eron—Iroq bilan urushga toʻgʻri keldi.

Eronning Oliy Rahnamosi sifatidagi yoʻli

1989-yil 3-iyun kuni inqilob rahbari Ruhulloh Xumayniy vafot etdi. U hayotining soʻnggi oylarida avval voris etib belgilagan Oyatulloh Muntaziriyni “valiahd” maqomidan chetlatgan edi. Shundan soʻng ulamolardan tashkil topgan Ekspertlar kengashi Ali Xomanaiy nomzodini Oliy rahbarlik lavozimiga tavsiya qildi.

Bu jarayonda Xumayniyning yana bir shogirdi — Hoshimiy Rafsanjoniy muhim rol oʻynadi. U parlament raisi hamda qurolli kuchlar oliy qoʻmondoni oʻrinbosari sifatida yaqin safdoshini qoʻllab-quvvatladi. Dastlab Ali Xomanaiy bunday katta masʼuliyatni zimmasiga olishga tayyor emasligini bildirib, Oliy rahbar boʻlishni rad etdi. Biroq kengash ushbu lavozimda diniy martabadan koʻra siyosiy tajriba muhimroq ekanini taʼkidlab, uni keyingi Oyatulloh darajasiga koʻtardi.

Yangi Oliy rahbar lavozimga kirishishi bilanoq Konstitutsiyaga sezilarli oʻzgartirishlar kiritildi. Shuningdek, boshqaruvi davrida qator yangilanishlarni amalga oshirdi:

·       Bosh vazirlik lavozimi tugatilib, prezident bevosita Oliy rahbarga boʻysundirildi. Infratuzilma va mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish orqali iqtisodiyot tiklandi. Bunda mamlakat iqtisodiyotining 30 foizini nazorat qiluvchi Islom inqilobi qoʻriqchilari korpusi (IIQK) asosiy tayanch vazifasini bajardi.

·       Davlat byudjetining 15–20 foizi taʼlimga, xususan, yadro fizikasi, kosmik tadqiqotlar va nanotexnologiyalarga yoʻnaltirildi. Buning natijasida aholi savodxonligi 36 foizdan 92,8 foizga koʻtarildi va talabalar soni oʻn barobar oshib, 4 million nafarga yetdi.

·       Eron Iroqdagi urushlar va “Arab bahori” kabi mintaqaviy jarayonlardan oʻz manfaati yoʻlida foydalandi. Livan (“Hizbulloh”), Suriya (Bashar Asad hukumati), Yaman (husiylar) va Falastindagi guruhlarni qoʻllab-quvvatlash orqali Isroil atrofida “Qarshilik oʻqi” deb nomlangan nodavlat kuchlar zanjirini shakllantirdi.

Ichki siyosiy kurash

Oliy rahbar Ali Xomanaiy faoliyatini faqat ijtimoiy-iqtisodiy yoki geosiyosiy masalalar bilan cheklab qoʻymadi. U mamlakat xavfsizligi uchun muhim boʻlgan ballistik raketa hamda yadroviy dasturlarni ham shaxsan nazorat qildi. Shunga qaramay, ichki va tashqi siyosatdagi yutuqlar uning hokimiyatini mutlaq daxlsiz qilib qoʻymagan edi. Xomanaiy va uning hokimiyatga kelishiga yordam bergan Hoshimiy Rafsanjoniy oʻrtasida gʻoyaviy qarama-qarshilik yuzaga keldi. Rafsanjoniy moʻtadil siyosat va cheklovlarni yumshatishni, Xomanaiy esa Gʻarbga qarshi keskin siyosatni yoqladi. 2009-yilgi namoyishlarda Rafsanjoniy norozilarni qoʻllagach, u muhim lavozimlardan, jumladan, Ekspertlar kengashi raisligidan chetlatildi, qizi hibsga olindi. Rafsanjoniy 2017-yilda vafot etdi. Ayrimlar buni hali ham Xomanaiy tomonidan amalga oshirilgan suiqasd deb baholaydi.

Rafsanjoniydan keyin prezidentlikka kelgan va Xomanaiy bilan yaqin boʻlgan prezident Ahmadinajod 2009-yildan soʻng mustaqil qarorlar qabul qilishga urindi. 2011-yilda u Razvedka vazirini ishdan oldi, ammo Xomanaiy vazirni oʻz oʻrniga tikladi. Ahmadinajodning 11 kunlik boykoti Oliy rahbarning qatʼiy ogohlantirishi bilan yakun topib, u boʻysunishga majbur boʻldi.

Xomanaiyning vafoti

2026-yil 28-fevral kuni Qoʻshma Shtatlar va Isroil Eron hududiga qarshi qoʻshma harbiy amaliyotni boshladi. Dastlabki zarbalar harbiy hamda muhim infratuzilma obyektlariga qaratildi, shuningdek Oliy rahnamoning qarorgohi ham hujum nishoniga aylandi. Keyinchalik eʼlon qilingan sunʼiy yoʻldosh tasvirlari majmua toʻliq vayron qilinganini koʻrsatdi. Rasmiy Tehron avvaliga Ali Xomanaiy xavfsiz joyga koʻchirilgani haqida maʼlumot bergan edi. Biroq kun yakunida uning halok boʻlganini rasman tasdiqlashga majbur boʻldi. Hujum oqibatida Oliy rahnamo bilan birga uning qizi, kuyovi hamda 14 oylik nabirasi hayotdan koʻz yumgan. Keyinroq uning ayoli olgan tan jarohatlari natijasida vafot etdi.

Ali Xomanaiy vafotidan soʻng uning vakolatlarini vaqtincha Ekspertlar kengashi aʼzosi Oyatulloh Orifiy zimmasiga oldi. Shunday qilib, qariyb 37 yil davom etgan davr oʻz nihoyasiga yetdi. Hozirda Eron AQSh hamda Isroil orasida harbiy toʻqnashuvlar hanuz davom etmoqda.

Теги :
Jamiyat