Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markaziga nisbatan ish qo‘zg‘atildi
Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan tashkilot o‘tkazgan tender bo‘yicha o‘rganish ishlari amalga oshirildi.
2 daqiqa o‘qiladi

Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi o‘tkazgan tender bo‘yicha ish qo‘zg‘atdi.
102 ming dollarlik tender
Bundan bir muddat oldin Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi “qadriyatim.uz”, “tanlov.manaviyat.uz” sayti va mobil ilovasini yaratish xizmati uchun 1,3 milliard so‘mlik (102 ming dollar) tender o‘tkazgan edi.
Keyinroq markaz sayt hamda mobil ilova yaratilishi haqidagi xabarga munosabat bildirib, tanlovlarni o‘tkazishda ochiqlik va shaffoflik, raqobat va xolislik, korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik prinsiplariga amal qilinganini maʼlum qilgandi.
Raqobat qo‘mitasiga tanqidiy murojaat kelgan
Shundan so‘ng, ijtimoiy tarmoqlar orqali qo‘mitaga Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan boshlang‘ich qiymati 1,4 mlrd. so‘mdan ortiq bo‘lgan “qadriyatim,uz”, “tanlov,manaviyat,uz” sayti va mobil ilovasini hamda markazning rasmiy veb-portalini yaratish xizmati bo‘yicha tanlov savdolari yuzasidan tanqidiy murojaatlar qoldirilgan.
Ushbu holatga tezkorlik bilan aniqlik kiritish maqsadida, Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan tanlov savdolari bo‘yicha o‘rganish ishlari amalga oshirildi.
O‘rganish natijalari bo‘yicha “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning 29-moddasi talablariga rioya qilinmagani alomatlari yuzasidan Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markaziga nisbatan ish qo‘zg‘atildi va belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.
Tender maqsadi nima edi?
Etender.uzex.uz saytiga joylangan maʼlumotda loyihaning to‘liq nomi “Milliy qadriyatlar atlasi” veb-sayti va mobil ilovasi ekani yozilgan. Sayt va mobil ilova yaratishda 2024-yil 21-fevral kungi prezident farmonining “jamiyatda zamonaviy bilimlarni oshirishga qaratilgan qiziqarli test savollarini o‘z ichiga olgan yutuqli o‘yin va viktorinalarning maxsus tizimini, ularning mobil ilovasini yaratish” bandi asos qilib olingan. Shu bilan birga, davlat rahbarining 2023-yil 22-dekabrda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashi kengaytirilgan yig‘ilishida bergan topshiriqlari asos sifatida keltirilgan.
Qayd etilishicha, loyiha maqsadi — o‘zbek milliy urf-odatlari, marosimlari, bayramlari, xalq o‘yinlari kabi qadriyatlar to‘g‘risida to‘liq maʼlumot berish hamda ularni ommalashtirish. Sayt va ilovaga jamiyatda zamonaviy bilimlarni oshirishga qaratilgan qiziqarli test (tarixiy, maʼnaviy, ijtimoiy, siyosiy va h.k.) savollarini o‘z ichiga olgan yutuqli o‘yin va viktorinalar joylanishi belgilangan edi.



