Sun’iy intellekt tibbiyotda: Robot-jarroh o‘tkazgan murakkab o‘simta operatsiyasi muvaffaqiyatli yakunlandi
Yetakchi jarroh “shogird”ini 5 000 km masofadan boshqarib turgan.
1 daqiqa o‘qiladi

Kuni kecha xitoylik onkolog-xirurg bemordan 5000 kilometr uzoqlikda turib, o‘pkadagi xavfli o‘smani olib tashlash bo‘yicha murakkab operatsiyani muvaffaqiyatli bajardi.
Mahalliy shifoxonada mutaxassis yetishmagan
Sinszyan-Uyg‘ur avtonom rayonida yashovchi bemorda onkologik jarrohlik amaliyotini o‘tkazish zarurati tug‘ildi, ammo mahalliy shifoxonada yetarli malakaga ega mutaxassislar bo‘lmaganligi tufayli buning uchun Xitoyning "MEDBOT" kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan robot-jarrohdan foydalanishga qaror qilindi.
Yetakchi jarroh robot “shogird”ni masofadan boshqarib turgan
Operatsiya Shanxay shifoxonasi onkologiya bo‘limi ilmiy rahbari va yetakchi jarrohi Lo Sinsyuan tomonidan o‘tkazildi. Bemor va xirurgni 5 ming kilometr masofa ajratib turganiga qaramay, 5G aloqa tizimi orqali robotni boshqarish davomida signal uzatilishida uzilish yoki kechikishlar deyarli kuzatilmadi.
Robot jarrohligi qanchalik xavfsiz?
Robot jarrohligi — eng ilg‘or kam invaziv texnologiyalardan biri bo‘lib, uning yordamida bajariladigan operatsiyalar yuqori aniqlik va asoratlar xavfi minimalligi bilan ajralib turadi. Buning natijasida bemorlarning jarrohlik amaliyotidan keyingi tiklanishi tezroq kechadi, — dedi yetakchi jarroh Lo.



