$
 12778.12
78.98
 14931.23
83.4
 164.01
1.85
weather
+26
Кечаси   +14°
oguads

Chet tili o‘qituvchilariga til sertifikati olishlari uchun yana bir yil muddat beriladi

Til sertifikati

O‘zbekiston maktablarida chet tili o‘qituvchilari kamida B2 sertifikatiga ega bo‘lishi lozimligi to‘g‘risidagi talab muddati uzaytirildi. Bu haqda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi maʼlum qildi.

Xorijiy tillar o‘qituvchilari kamida B2 darajadagi sertifikatga ega bo‘lishi haqidagi qaror

Hukumatning 2021-yil 19-maydagi qarori bilan 2024/2025-o‘quv yiligacha O‘zbekistondagi maktab, o‘rta maxsus va professional taʼlim muassasalarining xorijiy tillar o‘qituvchilari kamida B2 darajadagi sertifikatga ega bo‘lishi lozimligi belgilangan. Yaʼni mazkur talabni bajara olmagan o‘qituvchilar bilan mehnat shartnomasi bekor qilinishi yoki B2 sertifikati mavjud bo‘lmagan xorijiy til o‘qituvchilari ishga qabul qilinmasligi ko‘rsatilgan.

Xorijiy til o‘qituvchilari bilan tuzilgan mehnat shartnomalarini bekor qilinmaydi

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Usmon Sharifxo‘jayev tomonidan imzolangan xatda maʼlum qilinishicha, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan xorijiy til o‘qituvchilari kamida B2 darajadagi milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘lishi talabi 2025/2026-o‘quv yiliga qadar uzaytirilmoqda. Mazkur holatni inobatga olib, 2024/2025-o‘quv yili oldidan B2 darajadagi sertifikatga ega bo‘lmagan maktablarda amalda ishlab turgan xorijiy til o‘qituvchilari bilan tuzilgan mehnat shartnomalarini bekor qilmaslik so‘ralgan.

Pedagoglar o‘quv yili oxirigacha sertifikat olishlari lozim

Shu bilan birga, tegishli darajaga ega bo‘lmagan, hozirda faoliyat olib borayotgan xorijiy til o‘qituvchilari tomonidan belgilangan sertifikatlar 2024/2025-o‘quv yili yakuniga qadar olinishi hududiy boshqarmalar tomonidan nazoratga olinishi talab etilgan. Qayd etilishicha, 2024/2025-o‘quv yilida mazkur turdagi sertifikati bo‘lmagan pedagoglarga o‘quv yili oxirigacha sertifikat olish talabi qo‘yildi. Bu bo‘yicha barcha chet tili o‘qituvchilari ogohlantiriladi.

Til sertifikati talabining qoʻyilish sababi

Avvalroq vazirlik boshqarma boshlig‘i Erkin Murodov “Daryo”ga bergan intervyusida aslida bunday talab qo‘yilishiga sabab sifatli taʼlimga erishish ekanini aytgandi. “Xorijiy tilda dars beruvchi o‘qituvchi chet tilini eng kamida B2 — oliy taʼlimni bitirganda bakalavrga qo‘yilgan darajada bilishi kerak. Bu xorijiy tillarni o‘rgatishda sifatga erishish uchun qo‘yilgan talab va maqsadlardan hisoblanadi”, degan mutaxassis.