$
 12910.15
-14.77
 14660.77
40.1
 159.78
-0.16
weather
+26
Кечаси   +14°
textileads

Mehnat va qat’iyat bilan yaratilgan muvaffaqiyat – “Merci Elegant” asoschisi Rustamjon Iskanderov hikoyasi

r1

Ba’zi insonlar muvaffaqiyatni meros sifatida emas, balki tinimsiz mehnat, mashaqqat va izlanishlar bilan qo‘lga kiritadi. Ular hayot sinovlaridan qo‘rqmaydi, aksincha, har bir qiyinchilikni yangi imkoniyat sifatida ko‘radi. Rustamjon Iskanderov ana shunday insonlardan. Bugungi kunda u O‘zbekistonning muvaffaqiyatli tadbirkorlaridan biri bo‘lib, uning brendi nafaqat mamlakatimizda, balki xalqaro bozorda ham o‘z o‘rnini topib bormoqda.

Rustamjon Iskanderov 1979-yil 18-noyabr kuni Toshkent shahrida tug‘ilgan. Bolaligidan qiziquvchan va harakatchan bo‘lib, turli sohalarga bo‘lgan ishtiyoqi uni tengdoshlaridan ajratib turardi. Maktab yillaridayoq u milliy o‘ymakorlik to‘garagiga qatnasha boshlagan. O‘zining aytishicha, aynan shu davrdan unda mebelsozlikka qiziqish boshlangan.

Rustamjon maktabni tamomlagach, Toshkent davlat Iqtisodiyot universiteti qoshidagi 90-sonli akademik litseyda o‘qidi. Bu yillar O‘zbekiston endigina mustaqillikka erishib,  bozor iqtisodiyotiga o‘tayotgan murakkab davrga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa-da, u bunda tadbirkorlik imkoniyatlarini ko‘ra bildi. Rustamjon oliy ta’limni biroz kechiktirib bo‘lsa ham, o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishga qaror qildi. Xitoy, Turkiya davlatlariga safar qilib, u yerdagi tadbirkorlik tajribasini o‘rgana boshladi.

Ilk biznes va muvaffaqiyat sari yo‘l

O‘zbekistonga qaytgach, Rustamjon Toshkent shahridagi “Otchopar” savdo markazida o‘zining ilk do‘konini ochdi. Bu biznes unga tadbirkorlik asoslarini o‘rganish, bozordagi talab va mijozlarning xohish-istaklarini tushunish imkoniyatini berdi. Ammo shaxsiy rivojlanish va oliy ta’limni davom ettirish istagi unga tinchlik bermasdi. Nihoyat, 2003-yilda Toshkent arxitektura-qurilish institutining muhandislik fakultetiga o‘qishga kirdi.

Rustamjon institutdagi ustozlaridan ko‘p narsa o‘rgandi, muntazam ularning maslahatini olib turdi. Talabalik yillaridayoq u qurilish sanoatidagi bozor talabini o‘rganib bordi va aluminiy rom va eshiklar ishlab chiqaradigan kichik korxona tashkil etdi. Boshlanishiga faqat xonadonlarga xizmat ko‘rsatgan korxona tez orada yirik loyihalarda ham qatnasha boshladi. 2014-yilda esa u anchadan buyon reja qilib yurgan shaxsiy brendi – “Merci Elegant” mebel ishlab chiqarish korxonasiga asos soldi.

Rustamjon o‘z yo‘nalishida raqobatchilaridan ajralib turish uchun bozorga yangilik olib kirish zarurligini yaxshi tushunardi. Shu maqsadda u “hi-tech” uslubidagi mebellar ishlab chiqarish orqali mijozlarga zamonaviy dizayn va sifatli mahsulotlar taqdim eta boshladi. Tez orada uning mahsulotlariga talab oshdi va u o‘zining shaxsiy brendining bozordagi o‘rni mustahkamlanib bordi. Yuzlab mijozlar, yirik savdo markazlari va loyihalar bilan ishlash uning korxonasini tobora kengayishiga olib keldi.

Rustamjon biznesini rivojlantirish uchun xorijiy tajribani o‘rganish zarurligini anglardi. Shu sabab Turkiyaning Istanbul shahriga borib, mebel sanoatidagi ilg‘or ishlab chiqarish usullari bilan tanishdi va turk dizaynerlari bilan hamkorlik o‘rnatdi. U har yili Turkiyada o‘tkaziladigan xalqaro mebel ko‘rgazmalarida ishtirok etib, eng yangi texnologiyalarni o‘z korxonasiga joriy qilib bordi.

Shuningdek, uning mebellari qator qo‘shni davlatlarga eksport qilina boshlandi, bu O‘zbekiston mebel bozorining xalqaro darajada kengayib borayotganini anglatardi.

Xalqaro tanlovlar va e’tiroflar

Rustamjon Iskanderovning mehnati samarasi o‘zini uzoq kuttirmadi. 2016-yilda u O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoniga binoan ta’sis etilgan “O‘zbekiston Mustaqilligiga 25 yil” ko‘krak nishoni bilan mukofotlandi. Qahramonimiz biznes va ilmiy yutuqlarni uyg‘unlashtira olgan kam sonli tadbirkorlardan. U faqat foyda ortidan quvgani yo‘q, qayerda yangilik bo‘lsa, borib o‘rgandi va ishlab chiqarishga joriy qildi. O‘z mehnati va biznesiga innovatsion yondashuvi ortidan nafaqat mamlakatimizda, balki xalqaro miqyosda ham bir necha bor e’tirof etilgan.

Jumladan:

2020-yilda Jahon hunarmandlar kengashi (WCC-APR) tomonidan o‘tkazilgan xalqaro hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmasida faol ishtiroki uchun mukofot bilan taqdirlangan.

2021-yilda Toshkentda “Uchinchi Renessans bunyodkorligi” shiori ostida o‘tkazilgan “O‘zbekiston Yoshlar va Talabalar forumi”dagi faol ishtiroki uchun taqdirlangan.

Shuningdek, Rustamjon xalqaro tadbirlarga tez-tez borib turishni kanda qilmaydi. Bugunga qadar MDH mamlakatlari, xususan, Belarus, Rossiya, Qozog‘iston kabi davlatlarda o‘tkazilgan ko‘rgazmalardagi faol ishtiroki uchun mukofotlangan.

Bu kabi yutuqlar uning mashaqqatli mehnatining natijasi bo‘lib, Rustamjonning biznes va hunarmandchilik sohasidagi sa’y-harakatlari xalqaro miqyosda ham tan olinayotganidan dalolatdir. Muhimi, uning tajribasi bo‘lajak yosh tadbirkorlar uchun namuna bo‘la oladi. Shu maqsadda uni turli biznes-treninglarga ham taklif qilib turishadi. Ularda qatnashish orqali Rustamjon shaxsiy tajribasini yoshlar bilan baham ko‘rib kelyapti.

Rustamjon Iskanderov nafaqat muvaffaqiyatli tadbirkor, balki jamiyat rivojiga o‘z hissasini qo‘shib kelayotgan tashabbuskorlardan. Xususan, Covid-19 pandemiyasi davrida Toshkent viloyatining Zangiota tumanida ixtisoslashtirilgan “Zangiota-1” kasalxonasi qurilishi vaqtida uning korxonasi kasalxona uchun zarur bo‘lgan jihozlarni yetkazib turdi. U kabi tadbirkorlar boshlagan bunday tashabbuslar pandemiya bilan kurashda muhim o‘rin tutdi​.

Rustamjonning biznesdan tashqari ham qiziqishlari bor. U har doim sayohat qilish, dunyoqarashini kengaytirish va yangi tajribalar orttirishga intiladi. Hozirga qadar u Buyuk Britaniya, Fransiya, Niderlandiya, Belgiya kabi mamlakatlarda bo‘lib, u yerdagi tadbirkorlik madaniyati va biznes yuritish tajribasini o‘rgangan.

“Hozirda 3 nafar farzandning otasiman. Bolalarimning ta’limi va tarbiyasiga alohida e’tibor qarataman. Ularni yoshlikdan bilim va izlanishga yo‘naltirish, tadbirkorlik hamda ijodiy fikrlash qobiliyatlarini rivojlantirishga harakat qilaman. Bular bilan farzandlarim kelajakda o‘z yo‘lini topib ketishiga ishonaman”, deydi Rustamjon.

Kelajak rejalari

Rustamjon Iskanderov O‘zbekistonda erishgan yutuqlari bilan to‘xtab qolmoqchi emas. U hozirda o‘z brendini xalqaro miqyosga olib chiqish, xorijda ham o‘zining mebel ishlab chiqarish korxonalariga asos solish rejasi ustida ishlamoqda.

“Har safar biron davlatga sayohat qilsam, albatta, o‘zim bilan nimadir foydali tajriba olib qaytishga urinaman, ulardagi mebel do‘konlari, ko‘rgazmalarini borib ko‘raman. Chet mamlakatlardagi bozorlarni o‘rganish asnosida faoliyatimni xorijda ham yo‘lga qo‘yish fikri paydo bo‘ldi, hozir shu ustida ishlayapman”, deydi u.

Albatta, hali oldinda qilinadigan ishlar ko‘p. Uning shu kungacha erishgan yutuqlari, muvaffaqiyat hikoyasi esa yosh tadbirkorlar uchun katta saboq bo‘lib xizmat qiladi. Chunki u har qanday qiyinchiliklarni imkoniyatga aylantirish, mehnat bilan rivojlanish va doim o‘z ustida ishlash orqali katta natijalarga erishish mumkinligini isbotlay oldi. O‘zining bolalikdagi oddiy qiziqishini bugunning taniqli brendlaridan biriga aylantira oldi. Umidli tadbirkor, Rustamjon Iskanderovga uning kelgusi faoliyati, xorijdagi rejalarida ulkan muvaffaqiyatlar tilab qolamiz.

 © Ruxshona O‘lmasova