$
 11899.09
1.19
€
 13298.42
-37.94
₽
 141.53
1.35
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekiston yoshlari robototexnikada rekord o‘rnatdi: Kelajak kasbi rivojlanishining iqtisodiyotga qanchalik ta'siri bor?

Robototexnika

O‘zbekistonlik yoshlar Janubiy Koreyada o‘tkazilgan First Global Challenge xalqaro robototexnika musobaqasida jahon chempionligini qo‘lga kiritdi. Terma jamoa 3 ta oltin medalni qo‘lga kiritib, 16 ta o‘yinning barchasida g‘alaba qozondi va 637 ball bilan musobaqa rekordini o‘rnatdi.

13-oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev xalqaro musobaqa g‘oliblari va ularning murabbiylarini mukofotlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Unga ko‘ra, terma jamoa bosh murabbiyi “Sodiq xizmatlari uchun” medali, jamoa a’zolari esa “Kelajak bunyodkori” medali bilan taqdirlandi.

Ammo bu g‘alabaning ahamiyati mukofot va medallar bilan cheklanmaydi. Robototexnika bugun ko‘plab sohalarning rivojlanishiga ta’sir ko‘rsatmoqda. Shu sababli yoshlarning xalqaro maydondagi muvaffaqiyati O‘zbekistonning iqtisodiy, tibbiy va texnologik kelajagi bilan ham bog’liq.

 Jahon robototexnikasi qanday rivojlanmoqda?

Robotlar endi faqat ilmiy laboratoriyalar yoki fantastik filmlarda uchraydigan qurilmalar emas. Ular avtomobil ishlab chiqarishdan tortib, omborlarni boshqarish va dalalarga ishlov berishgacha bo‘lgan jarayonlarda qo‘llanmoqda.

Xalqaro robototexnika federatsiyasi (IFR) ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilda dunyo zavodlariga 542 mingta yangi sanoat roboti o‘rnatilgan. Bu tarixdagi ikkinchi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘lib, o‘n yil avvalgi yillik o‘rnatish hajmidan ikki baravardan ham ko‘proqdir. 2024-yil oxiriga kelib, dunyo bo‘ylab ishlayotgan sanoat robotlari soni qariyb 4,66 millionga yetgan.

Bu raqamlar ishlab chiqarish jarayonlarida avtomatlashtirishga bo‘lgan talab oshib borayotganini ko‘rsatadi. Korxonalar robotlardan mahsulotni tezroq ishlab chiqarish, inson xatosini kamaytirish, sifatni barqaror saqlash va xavfli ishlarni avtomatlashtirish uchun foydalanmoqda.

IFRning 2023-yil ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo sanoatida har 10 ming xodimga o‘rtacha 162 ta robot to‘g‘ri kelgan. Yetti yil avval bu ko‘rsatkich 74 tani tashkil etgan. Demak, qisqa vaqt ichida ishlab chiqarishdagi robotlar zichligi ikki baravardan ko‘proq oshgan.

Robotlashtirish bo‘yicha yetakchi mamlakatlar orasida Janubiy Koreya, Singapur, Xitoy, Germaniya va Yaponiya bor. Bu davlatlarda robotlar sanoatning raqobatbardoshligini oshirish, mahsulot tannarxini nazorat qilish va ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish vositalaridan biriga aylangan.

Biroq robotlar sonining ko‘pligi o‘z-o‘zidan iqtisodiy muvaffaqiyatni kafolatlamaydi. Texnologiyadan samarali foydalanish uchun malakali mutaxassislar, sifatli ta’lim, ilmiy tadqiqotlar va zamonaviy ishlab chiqarish infratuzilmasi ham zarur.

Robototexnika iqtisodiyotga qanday foyda keltiradi?

Robototexnikaning asosiy afzalligi ish jarayonlarini aniqroq, tezroq va xavfsizroq tashkil etish imkoniyatidir. Uning samarasi esa qaysi sohada va qanday maqsadda qo‘llanilayotganiga bog‘liq.

Masalan, sanoatda robotlar avtomobil yig‘ish, payvandlash, bo‘yash, mahsulotlarni saralash va qadoqlash kabi takroriy vazifalarni bajaradi. Ular ishlab chiqarishdagi ayrim xatolarni kamaytirib, mahsulot sifatini barqarorlashtirishga yordam beradi. Inson esa murakkab boshqaruv, nazorat va muhandislik vazifalariga ko‘proq e’tibor qaratishi mumkin. Qishloq xo‘jaligida esa avtomatlashtirilgan qurilmalar ekinlarni kuzatish, sug‘orishni boshqarish, hosilni saralash va ayrim hollarda yig‘ib olishda ishlatiladi. Dronlar va sensorlar yordamida dalalarning holatini kuzatish, suv sarfini nazorat qilish hamda zararkunandalarni erta aniqlash mumkin. Suv tanqisligi va iqlim o‘zgarishi sharoitida bunday texnologiyalar O‘zbekiston uchun ham muhim. Bundan tashqari, omborlardagi avtonom robotlar yuklarni tashish, buyurtmalarni saralash va mahsulotlarni kerakli joyga yetkazishda yordam beradi. Bu, ayniqsa katta hajmdagi tovarlar bilan ishlaydigan korxonalarda vaqtni tejash va operatsion jarayonlarni optimallashtirish imkonini beradi. Ekologiyada esa robotlar va uchuvchisiz qurilmalar o‘rmon yong‘inlarini kuzatish, tutun manbalarini aniqlash, ifloslangan hududlarni tekshirish va tabiiy resurslar holatini nazorat qilishda qo‘l keladi. Bu yilgi First Global Challenge musobaqasining o‘rmon yong‘inlarining oldini olish, ularning oqibatlarini bartaraf etish va tabiatni tiklashga bag‘ishlangani ham bejiz emas.

Va eng muhimi, tibbiyotda robotlashtirilgan tizimlar jarrohlik amaliyotlarida, reabilitatsiyada, laboratoriya tekshiruvlarida va bemorlarni parvarishlashning ayrim jarayonlarida qo‘llanadi. Ular tibbiyot xodimlarining imkoniyatlarini kengaytiradi, ammo natija texnologiyaning turi, qo‘llash usuli va mutaxassislarning tayyorgarligiga bog‘liq.

Shu bilan birga, robotlashtirish har bir korxona uchun bir xil darajada foydali bo‘lavermaydi. Uskunani sotib olish, dasturlash, texnik xizmat ko‘rsatish va xodimlarni tayyorlash xarajatlari ham hisobga olinishi kerak. Samaradorlikni baholashda faqat robotlar soni emas, balki ishlab chiqarish hajmi, mahsulot sifati, xarajatlar va mehnat xavfsizligidagi o‘zgarishlar ham muhim.

Robotlar ish o‘rinlarini qisqartiradimi?

Robototexnika rivoji bilan bog‘liq eng ko‘p muhokama qilinadigan savollardan biri – avtomatlashtirishning inson mehnatiga qanday ta’sir ko‘rsatishi.

Robotlar ayrim takroriy va jismoniy vazifalarni o‘z zimmasiga olishi mumkin. Natijada ba’zi kasblarga talab kamayadi, boshqa yo‘nalishlarda esa yangi ish imkoniyatlari paydo bo‘ladi. Jumladan, robotlarni dasturlash, sozlash, ta’mirlash, texnik nazorat va avtomatlashtirilgan tizimlarni boshqarish bo‘yicha mutaxassislarga ehtiyoj ortadi.

Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining (OECD) robotlashtirish bo‘yicha tadqiqoti ham avtomatlashtirishning mehnat bozoriga ta’siri turlicha ekanini ko‘rsatadi. OECD mamlakatlari bo‘yicha tahlilda robotlardan foydalanish past malaka talab qiladigan ayrim kasblardagi bandlikning qisqarishi, yuqori malakali mutaxassis va texnik xodimlarga talabning esa oshishi bilan bog‘liq bo‘lgan. Bu natijalar barcha mamlakatlar va kasblar uchun bir xil emas.

Shu sababli robototexnika rivojlanayotgan bir paytda kasbiy ta’lim va qayta tayyorlash masalasi ham dolzarb bo‘lib qoladi. Yangi texnologiyalarni o‘zlashtirgan xodimlar avtomatlashtirilgan ishlab chiqarishda samarali ishlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.

O‘zbekiston uchun ham asosiy vazifalardan biri yoshlarni faqat texnologiyadan foydalanishga emas, balki uni yaratish, boshqarish va takomillashtirishga tayyorlashdir.

Теги :
Jamiyat