Shanba, 24-oktabr, 2026
Havo 75 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +11° kechasi +6°

Sanepidqoʻmita reydi: Yoʻl chetida sotilayotgan muzqaymoqlarda stalifilokokk bakteriyasi aniqlandi

Muzqaymoq asosini sut mahsulotlari tashkil etgani bois, belgilangan sharoit va maxsus sanitariya talablari asosida saqlanmasa, muddati oʻtishga moyil mahsulot hisoblanadi.

3 daqiqa o‘qiladi

Sanepidqoʻmita reydi: Yoʻl chetida sotilayotgan muzqaymoqlarda stalifilokokk bakteriyasi aniqlandi

 Muzqaymoq sut mahsulotlaridan tayyorlanishi sababli tez o‘zgaruvchanlik xususiyatiga ega. Shu sababli doim sovuq haroratda saqlash talab etiladi. Lekin yoʻl chetidagi muzqaymoqlar bu talablarga javob beradimi? Sanitariya-epidemiologiya qoʻmitasi bu borada reyd oʻtkazib, natijalar bilan boʻlishdi.

Erigan muzqaymoqni qayta muzlatib iste’mol qilish mumkin emas

Shu o‘rinda eslatib o‘tish joiz agar issiqlik ta’sirida muzqaymoq erisa, qaytadan muzlatib, iste’mol qilish mumkin emas. Chunki jarayon davomida muzqaymoqning tarkibi o‘zgarib, bakteriyalarni o‘ziga jalb qilish xususiyati ortadi.

Afsuski, bugun ko‘chada ruxsat etilmagan idishlarda muzqaymoq sotish holatlari kuzatilmoqda.

Yoʻl-yoʻlakay sotiladigan muzqaymoqlardan zaharlanish potensiali katta

Tabiiyki, muzqaymoq solingan idishlar muzlatgich imkoniyatiga ega emas. Shu sababli ichidagi mahsulotni yetarli darajada salqin va sifatli saqlab berolmasligi ham bor gap. Bugungi kunda yo‘l-yo‘lakay sotilayotgan muzqaymoqlar ko‘paydi. Oxirgi paytlarda ana shu mahsulotlardan iste’molchilarning zaharlanish holatlari yuzaga kelmoqda. Ko‘cha-ko‘yda sotilayotgan muzqaymoq solingan aksariyat idishlar bugungi kunda sanitariya-gigiyena talablariga javob bermaydi. Bunday plastik idishlarni esa kimyoviy usulda zararsizlantirish imkoniyati ham mavjud emas.

Yoʻl chetidagi muzqaymoqlarda stalifilokokk bakteriyasi aniqlandi

Zaharlanish holatlarining oldini olish maqsadida Sanitariya-epidemiologiya qo’mitasi tomonidan nazorat reyd tadbirlarini olib borilmoqda. Mahsulotlardan nazorat tahlili olinganda ko‘chada sotilayotgan muzqaymoq tarkibida stalifilokokk bakteriyasi aniqlandi. Qayd etish joizki, ko‘p hollarda stafilokokk ikkilamchi infeksiyalarning rivojlanishiga sabab bo‘ladi. Patogen stafilokokk tushgan sut va sut mahsulotlari: tort, muzqaymoq va boshqa oziq-ovqatlarni iste’mol qilganda kishi zaharlanishi mumkin.

Sanitariya talablariga javob berish-bermasligi soʻroq ostida

Yo‘l-yo‘lakay sotilayotgan muzqaymoqlarning qachon va qayerda, qanday sharoitda ishlab chiqarilgani, tarkibi, saqlash muddati hamda sharoiti to‘g‘risida hech qanday ma’lumot yo‘q. Shuningdek, bu mahsulotni sotayotgan sotuvchilar maxsus kiyim-bosh bilan ta’minlanmagan va ularning tibbiy ko‘rikdan o‘tgani to‘g‘risida maxsus yuritiladigan daftari ham mavjud emas. Talabga ko‘ra, maishiy xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar, savdo shoxobchalari va oziq-ovqat mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanadigan xodimlar har olti oyda tibbiy ko‘rikdan o‘tib turishlari zarur.

Muzqaymoq tayyorlashda sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilish juda zaruriy omildir.

Avvalo, sut mahsulotining qayerdan olib kelingan, veterinariya ekspertizasidan o‘tib, ma’lumotnomaga ega bo‘lganmi, shuningdek, epidemiologik vaziyati yaxshi sigirlardan olinganmi, shularga diqqat qaratish darkor.

Ishchi xodimlarda kasallik aniqlansa, bu tayyorlanayotgan mahsulotga ham ta’sir oʻtkazmay qolmaydi

Muzqaymoqni tayyorlaganda, albatta, zarur texnologik jarayonlarga amal qilish, shaxsiy gigiyena qoidalarini qat’iy bajarish kerak. Agar ishchi-xodimlar yuqori nafas kasalliklari — tonzillit, gaymorit, stomatit bilan kasallangan bo‘lsa, bu ishchilarni vaqtinchalik ishdan ozod qilib, davolangandan keyin qabul qilish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bundan tashqari, qo‘lida teri-kasalliklari va panarisiya bo‘lsa, bunday xodimlarni ham ishdan belgilangan tartibda chetlashtirish zarur. Shu bois har bir oziq-ovqat mahsulotini tayyorlaganda xodimlar sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilishlari talab etiladi. Xususan, tozalikni saqlash bo‘yicha ishchilar orasida tez-tez profilaktika tadbirlarini o‘tkazib turish zarur. Tozalik oshqozon-ichak kasalliklarining oldini olishda eng samarali va qulay usuldir.