$
 11913.35
14.26
€
 13328.66
30.24
₽
 142.39
0.86
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekistonda xalqaro pochtalar arzonlashadimi? Hukumat bojxona yig‘imini kamaytiradi

2026-yil 1-noyabrdan e’tiboran O‘zbekistonda xalqaro kuryerlik jo‘natmalarini rasmiylashtirish uchun amaldagi bojxona yig‘imi stavkasi 20 foizga pasaytiriladi. Bu Prezident Shavkat Mirziyoyevning transport-logistika tizimini rivojlantirishga oid qarorida ko‘zda tutilgan.

O‘zbekistonda logistika markazlari quvvati oshiriladi

Hujjatda sohani 2026–2030-yillarda rivojlantirishning asosiy maqsadlari belgilab berilgan. Xususan, transport-logistika markazlarining yillik quvvatini kamida 40 million tonnaga, transport va logistika xizmatlari eksportini 3,5 milliard dollarga, mamlakat orqali tranzit yuk tashish hajmini esa 18,5 million tonnaga yetkazish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, belgilangan talablarga javob beradigan xalqaro quruqlikdagi portlar soni 24 tadan 30 taga ko‘paytiriladi. Davlat chegarasidagi o‘tkazish punktlarining yuk tashish o‘tkazuvchanligi hamda konteynerlarga ishlov berish markazlari quvvatini ikki barobarga oshirish ko‘zda tutilgan.

Transport logistikasi qaysi hududlarda rivojlantiriladi?

Bir qator hududlar transport logistikasi sohasiga ixtisoslashtiriladi. Ular qatoridan Andijon viloyatining Xonobod shahri, Buxoro viloyatining Olot tumani, Surxondaryo viloyatining Termiz tumani, shuningdek, Toshkent viloyatining Yangiyo‘l va Ohangaron tumanlari o‘rin olgan.

Bundan tashqari, transport-logistika markazlarida terminallarni boshqarish bo‘yicha TOS va ombor majmualarini boshqarish bo‘yicha WMS tizimlari joriy etiladi. 2030-yil yakuniga qadar ushbu tizimlar Transport vazirligining “E-logistika” platformasiga integratsiya qilinadi.

Logistika markazlari uchun soliq imtiyozlari beriladi

2040-yilga qadar transport-logistika markazlari belgilangan talablarga javob bergan taqdirda yer solig‘i va mol-mulk solig‘ini to‘lashdan ozod etilishi mumkin. Buning uchun markaz BMTning ESCATO bitimiga ko‘ra “quruq portlar” ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lishi, tegishli boshqaruv tizimlarini joriy etgani hamda “E-logistika” platformasida kamida “BB” reytingiga ega bo‘lishi talab etiladi.

2029-yil 1-avgustga qadar maxsus reyestrga kiritilgan markazlar O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan uskunalar va ehtiyot qismlarni olib kirishda bojxona bojlari hamda majburiy sertifikatlashtirishdan ozod qilinadi.

Transport ishlab chiqaruvchilari butlovchi qismlarni bojsiz olib kirishi mumkin

2027-yil 31-dekabrga qadar M2, M3 va N toifasidagi transport vositalarini ishlab chiqaruvchi korxonalar mamlakatda ishlab chiqarilmaydigan butlovchi qismlarni bojxona bojlarisiz import qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Теги :
Jamiyat