$
 12084.95
-51.97
 14182.90
-8.8
 159.31
-0.68
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘tgan yili O‘zbekistonda o‘rtacha oylik ish haqi 6 mln 376 ming so‘mni tashkil qildi

oylik Foto: Daryo

2025-yilda O‘zbekistonda o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 6 million 376,7 ming so‘mni tashkil etdi. Rasmiy statistik ma’lumotlarga ko‘ra, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 18,9 foizga yuqori. Daromadlar o‘sishi iqtisodiy faollikning ayrim sohalarda jadallashgani va ish haqi fondining kengaygani bilan izohlanmoqda.

Eng yuqori o‘rtacha maosh qaysi hududda?

Hududlar bo‘yicha tahlil shuni ko‘rsatadiki, eng yuqori o‘rtacha ish haqi an’anaga muvofiq Toshkent shahrida qayd etilgan. Poytaxtda bir oyda o‘rtacha 10 million 753,8 ming so‘m maosh to‘lanib, yillik o‘sish 18,3 foizni tashkil etdi.

Yuqori daromadli hududlar qatorida Navoiy viloyati ham yetakchi bo‘lib qolmoqda — bu yerda o‘rtacha ish haqi 7 million 871,6 ming so‘mga yetgan.

Qashqadaryoda eng pasti

Aksincha, ijtimoiy sohalar ulushi katta bo‘lgan viloyatlarda ish haqi nisbatan past darajada shakllangan. Jumladan, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida o‘rtacha oylik daromad mos ravishda 4 million 476,7 ming va 4 million 481,8 ming so‘mni tashkil etgan. Samarqand, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida ham ish haqi 4,7–4,8 million so‘m oralig‘ida qayd etilgan.

Shu bilan birga, Namangan viloyati alohida e’tiborga loyiq — bu hududda ish haqi 22,8 foizga oshib, eng yuqori o‘sish sur’ati qayd etilgan.

Eng soqqali kasb – bankir

Iqtisodiyot tarmoqlari kesimidagi tahlil ish haqlaridagi farq hududlarga qaraganda sohalar bo‘yicha keskinroq ekanini ko‘rsatmoqda. Eng yuqori o‘rtacha daromad bank, sug‘urta, lizing va kredit vositachiligi sohasida qayd etilib, 17 million 597,5 ming so‘mni tashkil qilgan.

Shuningdek, axborot va aloqa sohasida ham ish haqi yuqori bo‘lib, bu ko‘rsatkich 15 million 298,1 ming so‘mga yetgan.

Eng tezkor o‘sish esa san’at, ko‘ngilochar va dam olish sohasida kuzatildi — bu yo‘nalishda ish haqi bir yil ichida 26,4 foizga oshib, 5 million 448,2 ming so‘mni tashkil etdi. Ta’lim sohasida ham daromadlar 20,1 foizga ko‘tarilgan.

Sog‘liqni saqlash pastki o‘rinlarni hech kimga bermayapti

Biroq, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar sohasi hanuz eng past maosh to‘lanadigan yo‘nalish bo‘lib qolmoqda — bu yerda o‘rtacha ish haqi 3 million 909,3 ming so‘mdan oshmagan. Yashash va ovqatlanish xizmatlari hamda qurilish tarmoqlarida esa ish haqi o‘sishi 9 foiz atrofida bo‘lib, boshqa sohalarga nisbatan sustroq kechgan.

Теги :
Jamiyat