Rossiyaga Onix’ning norasmiy eksporti ortib bormoqda
Ta’kidlanishicha, Onix avtomobillari Kia Rio, Hyundai Solaris yoki Lada Vesta uchun muqobil bo‘lishi mumkin.
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaga bir partiya Chevrolet Onix olib kelindi va 1,9 million rubldan boshlanuvchi narxlarda importi davom etmoqda, deb yozmoqda Avtonovostidnya.ru nashri.
Kia Rio, Hyundai Solaris yoki Lada Vesta uchun muqobil
Unga ko‘ra, Rossiyada Chevrolet Onix yangi budjet sedanlarining norasmiy importi davom etmoqda. Ta’kidlanishicha, Onix avtomobillari Kia Rio, Hyundai Solaris yoki Lada Vesta uchun muqobil bo‘lishi mumkin.
O‘rtacha 1,9 million rubl
Narx masalasiga to‘xtaladigan bo‘lsak, bugungi kunda avtomobilga belgilangan narxlar o‘rtacha 1,9 million rubldan boshlanadi. Kuzatuvlarga ko‘ra, yangi utilizatsiya yig‘imi joriy etilganiga qaramay yoz oylaridan buyon Onixga qo‘yilgan minimal narx 60 ming rublga o‘sgan. Ushbu narxda mashinani Rossiyaning Sverdlovsk viloyati Asbest shahridan “norasmiy diller” va Omskdagi ko‘p brendli avtosalon taklif qilmoqda.
Boshqa viloyatlarda narx balandroq
Moskvada Chevrolet Onix uchun kamida 1,98 million rubl so‘ralmoqda, Voronejda esa yangi olib kelingan Chevrolet Onix partiyasi 2 milliondan 2,1 million rublgacha bo‘lgan narxlarda mavjud.
Ta’kidlanishicha, partiyadagi mashinalar 132 ot kuchiga ega 1,2 litrli benzinli turbo-dvigatel va klassik oltita tezlikdagi “avtomat” transmissiya bilan jihozlangan.
Ishlab chiqarish
Statistika agentligi taqdim qilgan ochiq ma’lumotlarga tayanadigan bo‘lsak, O‘zbekistonda 9 oy ya’ni yanvar-sentyabr oylarida ishlab chiqarilgan Onix’lar soni 24 753 tani tashkil qilgan. Yuqoridagi Rossiyaga yetkazilgan avtomobillar soni esa ochiqlanmagan.
O‘zbekiston va Rossiyadagi narxlar
Bugungi kunda O‘zbekistonda Onix’ning birinchi bozordagi narxi avtomobil pozitsiyasiga qarab o‘rtacha 170 milliondan 215 million so‘mgacha. UzAuto Motors Onixga chegirma e’lon qilganini inobatga olsak, mashinani zavoddan 160 million so‘m atrofida olib chiqish mumkin. Rossiya rublini so‘mga aylantiradigan bo‘lsak, 1,9 million bugungi valyuta kursi bilan 248 million so‘mga to‘g‘ri kelmoqda. O‘rtadagi tafovvut – 70 million so‘m.



