$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekistonda OIV infeksiyasi ko‘proq 25 yoshdan 45 yoshgacha bo‘lgan aholida aniqlanmoqda

oiv

Bugungi kunda OIV infeksiyasi yer yuzining barcha mamlakatlariga tarqalgan, shu jumladan O‘zbekistonda ham bu kasallik 1987-yildan boshlab, dastlab xorijlik fuqarolar orasida keyinchalik mahalliy aholi qayd qilindi. Hozirgi kunda respublikamizning 25 yoshdan 45 yoshgacha bo‘lgan aholisida kasallanish holatlari ko‘proq aniqlanmoqda. Bu haqda Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi xabar berdi.

OIV o‘zi qanday kasallik?

OIV — odam organizmidagi immunitet tanqisligini keltirib chiqaruvchi virus. Asosan odamning immunitet (kasalliklarga qarshi himoya) tizimiga ta’sir qiladi. OIV infeksiyasi — inson organizmiga tushgan virus keltirib chiqaradigan kasallik. Bu davrda inson virus tashuvchi hisoblanadi. 

Asosan 3 xil yo‘l bilan yuqadi

Kasallik asosan 3 xil yo‘l bilan yuqadi.

1. Jinsiy aloqa yo‘li — tartibsiz jinsiy hayot kechiruvchi shaxslar orasida ko‘proq uchraydi. 

2. Parenteral yo‘l — bu OIV infeksiyasining qon orqali yuqishidir. Kasallikning qon orqali yuqishida giyohvand moddalarni ineksiya yo‘li bilan qabul qilishda, bemorlarni davolash jarayonida zararsizlantirilmagan asbob-anjom, shpris va ignalardan foydalanganda, OIV infeksiyasi bilan zararlangan qon quyilganda, soch-soqol, manikyur, pedikyur ishlari to‘liq zararsizlantirilmagan asboblardan foydalanganda yuqishi mumkin.

3. Vertikal yuqish yo‘li — virus bilan kasallangan ayoldan homiladorlik davrida yoki tug‘ruq jarayonida onadan bolaga o‘tadi.

Qaysi holatlarda yuqmaydi?

Kasallik quyidagi hollarda yuqmaydi:

  • jarohatlanmagan teri orqali;
  • bitta idishdan ovqat yeyilganda;
  • qo‘l berib ko‘rishganda, quchoqlashganda;
  • havzalar va hojatxonadan foydalanganda;
  • qon so‘ruvchi hasharotlar (chivin, bit, kana va boshqa) chaqqanda;
  • havo orqali muloqot paytida.

Kasallikning oldini olish uchun nima qilish kerak?

Shu sababli kasallikni oldini olish choralarini ko‘rish zarurdir. Bu borada aholining barcha qatlami o‘rtasida, ayniqsa yoshlar orasida, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, tartibsiz va himoyalanmagan jinsiy aloqadan saqlanish, tibbiy muolaja olayotganda tibbiy anjomlarning zararsizlantirilganligiga ishonch hosil qilish, maishiy xizmatdan foydalanayotganda (soch va soqol oldirayotganda, manikyur, pedikyur, tatuaj) xizmatda foydalanilayotgan asboblarning gigiyenik tozaligiga e’tibor qaratish orqali OIV infeksiyasining yuqishini oldini olishga erishish mumkin.

Теги :
Salomatlik