$
 12010.43
14.29
 14088.23
37.15
 151.25
2.71
weather
+26
Кечаси   +14°

Nega narxlar o‘zgaradi?

Narx oshishi

So‘nggi yillarda bozorlardagi narx tebranishlari nafaqat iqtisodchilarni, balki oddiy aholining ham diqqat markazida qoldi. Inflyatsiya, talab va taklifning o‘zgarishi, xalqaro bozorlar ta’siri — bularning barchasi kundalik xarajatlarga bevosita ta’sir qilmoqda.

Har kuni bozorda yoki do‘konda qilayotgan xaridimiz aslida butun iqtisodiyotning pulsini ko‘rsatib turadi. Kecha arzon bo‘lgan mahsulot bugun nega qimmatlashdi? Yoki aksincha, narxlar qanday omillar tufayli tushishi mumkin? Oddiy iste’molchiga ko‘rinmaydigan bu jarayonlarning ortida juda iqtisodiy mexanizmlar yotadi.

Hech o‘ylab ko‘rganmisiz, nega narxlar o‘zgaradi? Pulli Gap’ga ko‘ra, mazkur jarayonga ta’sir qiluvchi asosiy omillar 7 ta. Ular quyidagilar:

1. Talab va taklif o‘zgarishi

Narxlarning eng oddiy sababi — bozordagi talab va taklif nisbatining o‘zgarishi. Mahsulotga talab ko‘paysa, narx ko‘tariladi. Bozorda mahsulot ko‘payib ketsa esa, narx arzonlashadi.

Masalan, yozda sabzavotlar ko‘p bo‘lganligi uchun narx arzon bo‘ladi. Qishda esa talab yuqori, mahsulot esa kam — natijada narx ko‘tariladi.

2. Valyuta kursi ta’siri

“Dollar oshdi, shunga narx ham qimmatlashdi” degan gaplar ko'p qulog'imizga chalinadi, shunday emasmi? Chunki ko‘plab mahsulotlar xorijdan olib kelinadi. Import mahsulotlari narxi dollar yoki boshqa chet el valyutasi kursiga bog‘liq. Valyuta qimmatlashsa — import mahsulotlari ham qimmatlashadi. U tushsa — narxlar pasayishi mumkin.

Bu jarayon kundalik hayotda texnika, kiyim-kechak, avtomobil qismlari kabi mahsulotlarda yaqqol seziladi.

3. Ishlab chiqarish xarajatlari

Mahsulot ishlab chiqarish uchun sarflanadigan xarajatlar o‘zgarsa, narx ham o‘zgaradi.

Masalan: xomashyo narxi oshsa, ishchi maoshi ko‘tarilsa, transport xarajatlari ko‘payib ketsa, u holda sotuvchilar majburan narxni oshirishi kerak bo‘ladi.

4. Yo‘l va logistika xarajatlari

Mahsulot iste’molchiga yetib kelguncha uzoq masofani bosib o‘tishi mumkin. Yo‘l puli, transport, saqlash va yetkazib berish narxga ta’sir qiladi.

Masalan, yonilg‘i narxi oshishi ko‘plab mahsulotlarga zanjirli ravishda qimmatlashish olib keladi.

5. Mavsumiylik

Yilning ayrim fasllarida mahsulotga talab oshishi narxga ta’sir qiladi. Qishda ko‘mir va kiyim narxi oshishi, yozda sovuq ichimlik va konditsioner narxi ko‘tarilishi — mavsumiy talab bilan bog‘liq oddiy holatlar.

6. Raqobat darajasi

Bozorda sotuvchilar ko‘p bo‘lsa, har biri mijozni jalb qilish uchun narxni pasaytirishga harakat qiladi. Sotuvchilar kam bo‘lsa — narx odatda yuqori bo‘ladi.

7. Soliqlar

Ba’zan narxlar davlat tomonidan belgilangan tartiblar yoki soliqlar tufayli o‘zgaradi. Soliq oshsa — mahsulot narxi ham oshadi. Aksincha, subsidiyalar berilsa — narx tushishi mumkin.

Narxlarning o‘zgarishi — bu tabiiy iqtisodiy jarayon. Eng muhimi — narx nega o‘zgarganini tushunish orqali xaridni to‘g‘ri rejalashtirish va tejamkor bo‘lish mumkin.

Теги :
Jamiyat
Iqtisodiyot