$
 11899.09
1.19
€
 13298.42
-37.94
₽
 141.53
1.35
weather
+26
Кечаси   +14°

Chirchiqda ikki narkosavdogar qiz qo‘lga tushdi: Ulardan biri voyaga yetmagan

Narko Videodan kadr

Chirchiq shahri va Qibray tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda giyohvandlik vositalarini sotish va tarqatish bilan shug‘ullanganlikda gumon qilinayotgan shaxslar ushlandi. Ularning yashash joylari va yashirin tarqatish manzillaridan katta miqdordagi narkotik moddalar topildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.

Chirchiqda voyaga yetmaganlar narkotik tarqatayotgan vaqtda ushlandi

Chirchiq shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirlardan birida 2006-yilda tug‘ilgan qiz va uning 2008-yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan sherigi qo‘lga olindi. Ular 41 dona skotch bo‘lagiga o‘ralgan sintetik giyohvandlik vositalarini tarqatayotgan bo‘lgan.

Shuningdek, voyaga yetmagan qiz ijarada yashayotgan uyda sotish maqsadida saqlangan 1 kilogramm 259 gramm sintetik giyohvandlik vositasi aniqlandi.

Boshqa bir tezkor tadbir davomida esa 2009-yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan qizni narkotik savdosiga jalb qilgan shaxs fosh etildi. 1988-yilda tug‘ilgan ayol voyaga yetmagan qiz bilan birga sintetik giyohvandlik vositalarini yashirin joylarga qoldirish orqali tarqatayotgan vaqtda ushlandi. Ulardan 150 gramm sintetik narkotik modda topildi.

Tezkor tadbir davomida ayolning uyida ham tintuv o‘tkazildi. Natijada 2 kilogramm 850 gramm mefedron, 200 gramm alfa-PVP va 200 gramm geroin aniqlandi. Bundan tashqari, narkotik moddalarni qadoqlashda ishlatilishi mumkin bo‘lgan zip-paketlar, izolyatsion lenta va tarozilar ham olib qo‘yildi.

Qibrayda internet orqali ishlagan narkodo‘kon faoliyati fosh etildi

Qibray tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida internet orqali faoliyat yurituvchi narkodo‘kon bilan bog‘liq shaxslar ham ushlandi. Ular to‘rtta manzilga jami 200 dona o‘ramdagi giyohvandlik vositalarini yashirishga uringan vaqtda qo‘lga olingan.

Tergovga oid ma’lumotlarga ko‘ra, gumonlanuvchilar Sirdaryo, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida yashagan. Ular orasida talabalar ham bo‘lgan. Gumonlanuvchilar Toshkent viloyatiga kelib, giyohvandlik vositalarini tarqatish bilan shug‘ullangan.

245 ming dozadagi narkotikning noqonuniy savdosi oldi olindi

Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Chirchiq shahri va Qibray tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida jami 4 kilogramm 700 gramm giyohvandlik vositasi musodara qilingan.

Vazirlik ushbu tadbirlar orqali 245 ming dona bir martalik dozadagi narkotik moddaning noqonuniy muomalaga chiqarilishining oldi olinganini ma’lum qildi.

Hozirda internet orqali faoliyat yuritgan narkodo‘kon bilan bog‘liq boshqa shaxslarni aniqlash, shuningdek, ushbu faoliyatga aloqador jinoiy guruhlarni fosh etish bo‘yicha tezkor tadbirlar davom ettirilmoqda.

Теги :
Jamiyat