$
 12175.53
-4.28
 14151.62
12.08
 155.08
-1.65
weather
+26
Кечаси   +14°

Tavakkal ustidagi taqdirlar: Noqonuniy migratsiya ortidagi dahshatli raqamlar va xavfli marshrutlar

noqonuniy migratsiya

2025-yilda qariyb 8 ming migrant o‘z manziliga yetolmay, yo‘llarda halok bo‘ldi. Ularning aksariyati maqsadli davlatlarga noqonuniy yo‘llar orqali yoki bevosita kontrabandachilar yordamida harakatlangan shaxslar edi.

Dunyodagi o'zbekistonlik migrantlar statistikasi

Migratsiya oqimida O'zbekiston fuqarolarining ishtiroki ham so'nggi yillarda o'ziga xos raqamlar bilan qayd etilmoqda:

  • Fox News nashrining AQSH Bojxona va chegara xizmatiga tayanib xabar berishicha, 2023-yilning oktabridan 2024-yilning may oyigacha 2900 nafar o‘zbekistonlik AQSHning shimoliy chegarasini noqonuniy ravishda kesib o‘tgan.
  • Dunyo axborot agentligi ma'lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda 700 ga yaqin o‘zbekistonlik AQSHdan orqaga qaytarilgan.
  • Kommersant.ru nashri 2024-yilda Rossiyadagi eng ko‘p noqonuniy migrantlar orasida o‘zbeklar borligini ta'kidlagan.
  • Xalqaro Migratsiya Tashkiloti (IMO) hisobotlariga ko'ra, 2025-yil yanvar-aprel oylarida Turkiyada 3746 nafar o‘zbekistonlik noqonuniy migrant sifatida qayd etilgan.
  • 2024-yilda Meksikada 4179 nafar, Yevropa Ittifoqi davlatlarida 4065 nafar o'zbekistonlik, 2023-yilda esa Koreyada 8812 nafar shaxs shu maqomda ro'yxatga olingan.

“Illegal” emas, “Irregular”: Atamalar ortidagi ma'no

BMT va Xalqaro Mehnat Tashkiloti (XMT) noqonuniy migrantlar uchun “illegal” atamasi o‘rniga “irregular” (noodatiy) yoki “undocumented” (hujjatsiz) atamalarini ishlatishni taklif qilgan. Buning sababi, “illegal” so‘zi insonning shaxsiyatiga, uning statusiga qaratilgan bo‘lsa, “irregular” so'zi uning qilgan hatti-harakatini belgilaydi.

Xo‘sh, qanday holatlar noqonuniy migratsiyaga misol bo‘ladi?

  • Mamlakat hududiga soxta hujjatlar bilan yoki rasmiy chegara punktini chetlab o‘tgan holda kirish.
  • Yashash ruxsatisiz yoki muddati o‘tgan viza bilan qolish.
  • Tegishli ruxsatnomasiz noqonuniy mehnat qilish.
  • Noqonuniy migrant maqomida bo'lgan ota-onadan tug‘ilish.

Kinematografiyada ham bu mavzu keng yoritilgan. Hindistonlik kinoijodkorlar 2023-yilda ishlagan “Dunki” filmida Angliyaga qonuniy ketish qimmatlik qilgani sababli, kontrabandachilar orqali "dunki flight" marshrutini tanlagan insonlarning fojiali taqdiri, yo'lda halok bo'lishi va qochoq maqomini olishga majburligi ko'rsatib berilgan. Shuningdek, mavzuga oid “Human Flow”, “Sin Nombre”, “Mediterranea”, “Fire at Sea” va “The Golden Dream” kabi filmlar mavjud bo'lib, ular dunyodagi real marshrutlarni tasvirlagan.

Eng mashhur va xavfli 5 ta migratsiya yo‘lagi

Markaziy O‘rta Yer dengizi yo‘li:

Shimoliy Afrikadan (asosan Liviya va Tunis) Italiya hamda Malta qirg‘oqlariga olib boruvchi ushbu dengiz yo‘nalishi dunyodagi eng xavfli va eng ko‘p o‘lim qayd etiladigan yo‘l hisoblanadi. Yaroqsiz qayiqlar, dengizdagi bo'ronlar, vaqtinchalik lagerlardagi zo'ravonlik, majburiy mehnat va odam savdosi eng katta xavflar sirasiga kiradi. Sudan va Sahroyi Kabir davlatlaridagi siyosiy beqarorlik, urushlar va inqiroz insonlarni aynan shu o'lim yo'lini tanlashga majbur qilmoqda.

G‘arbiy O‘rta Yer dengizi yo‘li:

Shimoliy Afrikadan Ispaniyaga olib boruvchi dengiz va quruqlik yo‘lidir. Garchi Ispaniya va Yevropa Ittifoqi dronlar hamda sun'iy yo'ldosh orqali nazoratni kuchaytirgan bo'lsa-da, Sahel mintaqasidagi inqiroz odamlarni Marokash qirg'oqlariga boshlamoqda.

Sharqiy O‘rta Yer dengizi yo‘li:

Yaqin Sharq davlatlari (Suriya, Iroq), shuningdek Pokiston, Afg‘oniston va Afrikadan Kipr va Bolgariya orqali Yevropaga o‘tish koridori. 2015-yilgi inqiroz davrida eng ommabop bo'lgan bu yo'l bugun ham ahamiyatini yo'qotmagan.

Bolqon yo‘li:

Gretsiya orqali Markaziy va G‘arbiy Yevropaga yetib olishni ko'zlovchi asosiy koridor. Bu yerda migrantlar chegarachilar tomonidan qaytarilsa ham yana qayta urinadigan "The Game" (O'yin) deb ataluvchi mashaqqatga, Vengriya va Serbiya o‘rtasidagi tikanli devorlarga hamda Bolqon qishining qahratoniga duch kelishadi. Hozirda chegara va viza nazoratining keskinlashuvi tufayli oqim birmuncha jilovlangan.

Markaziy Amerika yo‘li:

Bu yo'l orqali o‘zbek migrantlarining ko‘p qismi Janubiy va Markaziy Amerika bo'ylab AQSH hamda Kanadaga harakatlanadi. Kolumbiya va Panama o‘rtasidagi o'tib bo'lmas Darien bo‘shlig‘i changalzorlaridagi o‘limlar, “La Bestia” (Yirtqich) poyezdi va mafiya kartellari qo‘liga tushib majburiy mehnatga mahkum etilish xavfi ushbu yo'lning qanchalik dahshatli ekanini ko'rsatadi.

Qonuniy ogohlantirish va javobgarlik

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 223-moddasiga binoan, belgilangan tartibni buzgan holda chet elga chiqish, O‘zbekistonga kirish yoki Davlat chegarasidan o‘tish jinoiy javobgarlikka sabab bo'ladi. Ushbu jinoyat bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravaridan 400 baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.


Surayyo Jo‘rayeva,

UZ24.uz uchun tayyorlandi.

Теги :
Jamiyat
Iqtisodiyot
Siyosat