$
 11899.09
1.19
€
 13298.42
-37.94
₽
 141.53
1.35
weather
+26
Кечаси   +14°

Oʻzbekiston Vazirlar Mahkamasida yangi kotibiyat tashkil etiladi: unga kim mas’ul boʻladi?

Davlat xodimi

Oʻzbekiston Hukumatining tuzilmasida taʼlim, fan va sogʻliqni saqlash sohalaridagi ishlarni muvofiqlashtiruvchi yangi kotibiyat tashkil etiladi. Bu haqda Prezident farmonida koʻzda tutilgan.

Bosh vazirning birinchi oʻrinbosari — taʼlim va fan vaziriga tegishli vazirlik hamda idoralar, shuningdek, oʻquvchilar xavfsizligini taʼminlash va yoshlar rivojiga oid qator qoʻshimcha yoʻnalishlar biriktiriladi.

Yangi kotibiyat tarkibiga kimlar kiradi?

Kotibiyat shtati 12 nafar xodimdan iborat boʻladi. Ularning 5 nafari Vazirlar Mahkamasining Ijtimoiy rivojlanish masalalari boʻlimidan oʻtkaziladi. Qolgan 7 ta shtat birligi esa qayta tashkil etilgan Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi shtatlarini maqbullashtirish hisobidan shakllantiriladi.

IIV va Yoshlar ishlari agentligi nimaga mas’ul boʻladi?

Taʼlim, fan va sogʻliqni saqlashga mas’ul idoralardan tashqari, ushbu jarayonga Ichki ishlar vazirligi hamda Yoshlar ishlari agentligi ham jalb etiladi.

IIV taʼlim muassasalarida giyohvandlik va psixotrop moddalar tarqalishining oldini olish, shuningdek, tazyiq hamda zoʻravonlik bilan bogʻliq jinoyatlar profilaktikasi bilan shugʻullanadi.

Yoshlar ishlari agentligi esa maktab oʻquvchilari va talabalarning zamonaviy bilim hamda kasb-hunarlarni egallash imkoniyatlarini kengaytirishga eʼtibor qaratadi. Shuningdek, yoshlarni Vatanga sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashga alohida urgʻu beriladi.

Boshqaruvda nimalar oʻzgaradi?

Bosh vazirning birinchi oʻrinbosari taʼlim, fan va sogʻliqni saqlash sohalaridagi vazifalarni amalga oshirish doirasida vazirliklar, qoʻmitalar, agentliklar va inspeksiyalar, shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hamda Toshkent shahar hokimliklari faoliyatini muvofiqlashtirib boradi.

Vazirlar Mahkamasiga ikki hafta muddatda Bosh vazirning birinchi oʻrinbosari — taʼlim va fan vazirining funksional vazifalarini belgilash hamda yangi kotibiyat toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash boʻyicha qaror qabul qilish topshirildi.

Теги :
Jamiyat