$
 11960.18
-46.21
 13761.38
-3.95
 150.42
-0.02
weather
+26
Кечаси   +14°

Me’yordan 80 km/soat oshirganlar “prava”dan mahrum bo‘ladi: O‘zbekistonda yangi jarima turi taklif qilindi

Radar

O‘zbekiston qonunchiligiga yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash hamda fuqarolar hayoti va salomatligini muhofaza qilishni kuchaytirishga qaratilgan muhim o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish ko‘rib chiqilmoqda. Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston LiDeP fraksiyasi deputatlari ushbu yo‘nalishdagi yangi qonun loyihasini muhokama qildi. Partiya matbuot xizmati bergan ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur hujjat yo‘llardagi tartib-intizomni yangi bosqichga olib chiqishni maqsad qilgan.

Transport vositasini vaqtincha olib qo‘yish jazosi

Qonun loyihasining asosiy yangiliklaridan biri — Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga yangi ta’sir chorasining kiritilishidir. Unga ko‘ra, avtomototransport vositasini vaqtincha olib qo‘yish ma’muriy jazo sifatida belgilanishi taklif etilmoqda. Qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ygan shaxsning avtomobili yoki mototsikli sud qaroriga binoan 6 oydan 1 yilgacha bo‘lgan muddatga jarima maydonchasiga joylashtirilishi ko‘zda tutilgan.

Qo‘pol qoidabuzarliklar uchun javobgarlik kuchaytiriladi

Ushbu qat’iy chora yo‘l harakati qoidalarini o‘ta qo‘pol tarzda buzgan haydovchilarga nisbatan qo‘llaniladi. Qonun loyihasida bir qator og‘ir qoidabuzarliklar, xususan:

  • Transport vositasini boshqarishni voyaga yetmagan shaxsga topshirish;
  • Noqonuniy ko‘cha poygalarida ishtirok etish;
  • Belgilangan harakat tezligini keskin oshirish;
  • Transport vositasini mast holatda boshqarish kabi holatlar uchun chora va javobgarlikni sezilarli darajada oshirish nazarda tutilmoqda.

Yuqori tezlik va noqonuniy poygalarga qarshi choralar

Xususan, belgilangan me’yordan 80 km/soatdan ortiq tezlikda harakatlangan haydovchilarga nisbatan transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etish hamda 26,8 million so‘mgacha jarima solish jazosi taklif qilinmoqda.

Shuningdek, transport vositasini boshqarish voyaga yetmagan shaxsga topshirilishi oqibatida og‘ir oqibatlar kelib chiqsa, buning uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri jinoiy javobgarlik belgilanishi ko‘zda tutilgan.

Hujjatda poyga musobaqalarini o‘tkazish tartibi ham aniq belgilangan. Unga ko‘ra, poygalar faqat tegishli xavfsizlik talablariga to‘liq rioya qilingan holda, maxsus ajratilgan hududlarda va rasmiy sport tadbiri sifatida o‘tkazilishiga ruxsat beriladi.

Muhokama jarayoni davom etmoqda

Partiya vakillarining ta’kidlashicha, ushbu o‘zgartirishlardan ko‘zlangan bosh maqsad yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlash hamda insonlar hayoti va salomatligini ishonchli muhofaza qilishdan iborat. Hozirgi vaqtda ushbu qonun loyihasi vakolatli organlar va deputatlar tomonidan muhokama qilinmoqda.

Теги :
Jamiyat
Avto