$
 11899.09
1.19
€
 13298.42
-37.94
₽
 141.53
1.35
weather
+26
Кечаси   +14°

Issiqlik ta’minoti sohasiga xorijiy mutaxassislar jalb qilinadi, ehtiyojmand oilalarga 1 mln so‘mdan yordam beriladi

Issitish mavsumi

Yangi isitish mavsumida ehtiyojmand oilalarga bir martalik moddiy yordam ajratish, issiqlik va issiq suv tariflarini bosqichma-bosqich o‘zgartirish hamda sohani boshqarishga xorijiy mutaxassislarni jalb etish rejalashtirilmoqda. Bu choralar Prezident farmoni va Vazirlar Mahkamasi qarori loyihalarida nazarda tutilgan.

Ehtiyojmand oilalarga 1 mln so‘mdan beriladi

Jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan Prezident farmoni loyihasiga ko‘ra, 2026/2027-yilgi isitish mavsumida aholini, xususan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash choralari kuchaytiriladi.

Jumladan, 2026-yil noyabr oyida belgilangan mezonlarga mos oilalarga 1 mln so‘mdan bir martalik moddiy yordam ajratish ko‘zda tutilgan. Mablag‘lar 2026-yil 30-noyabrga qadar fuqarolarning ijtimoiy yoki bank kartalariga o‘tkaziladi.

Yordam, birinchi navbatda, Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga beriladi. Shuningdek, ushbu reyestrga kiritilmagan bo‘lsa-da, oiladagi har bir kishiga to‘g‘ri keladigan daromadi minimal iste’mol xarajatlarining ikki baravaridan oshmaydigan oilalar ham moddiy yordam olishi mumkin. Bunda oilaning daromadi “mahalla yettiligi” xulosasi va tegishli idoralarning axborot tizimlaridagi ma’lumotlar asosida aniqlanadi.

Markazlashgan isitish tizimiga ulangan ko‘p qavatli uylarda yashovchi oilalar uchun daromad mezoni alohida belgilanmoqda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromad MIXning ikki baravaridan, Toshkent shahrida esa uch baravaridan oshmasligi kerak.

Bundan tashqari, Yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar reyestriga kiritilgan fuqarolar, shuningdek, yetim bolalar hamda ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar yashayotgan oilalar ham ushbu yordam bilan qamrab olinadi.

Isitish va issiq suv tariflari o‘zgaradi

Vazirlar Mahkamasi tomonidan jamoatchilik muhokamasiga chiqarilgan qaror loyihasida aholiga ko‘rsatiladigan markazlashgan isitish va issiq suv xizmatlari tariflarini yangilash ham nazarda tutilgan.

Unga ko‘ra, 2026-yil 1-noyabrdan boshlab ushbu xizmatlar uchun yangi tariflar joriy etilishi kutilmoqda. Issiqlik ta’minoti xizmatlari narxlarini 2030-yilga qadar bosqichma-bosqich tannarx darajasiga yetkazish rejalashtirilgan.

Tariflarni o‘zgartirish bilan bir qatorda, issiqlik ta’minoti korxonalarining faoliyatini takomillashtirish, xarajatlarni kamaytirish va tizim samaradorligini oshirishga qaratilgan choralar ham belgilangan.

“Issiqlik ta’minoti” AJga xorijiy mutaxassislar keladi

Rejaga ko‘ra, 2026-yil yakuniga qadar “Issiqlik ta’minoti” aksiyadorlik jamiyatining moliyaviy masalalar bo‘yicha rais o‘rinbosari va texnik masalalar bo‘yicha rais maslahatchisi lavozimlariga xorijiy malakali mutaxassislar jalb etiladi.

Shuningdek, jamiyat kuzatuv kengashidagi mustaqil a’zolar ulushini bir oy muddatda 75 foizgacha oshirish ko‘zda tutilgan.

Issiqlik energiyasini ishlab chiqarish va yetkazib berish xarajatlarini qisqartirish maqsadida bir oy ichida uning tannarxini 15 foizgacha kamaytirish dasturi ishlab chiqiladi. Bundan tashqari, issiqlik ta’minoti korxonalarini 2026-yil yakuniga qadar “Billing” dasturi bilan to‘liq qamrab olish rejalashtirilmoqda.

Tarmoqlardagi issiqlik yo‘qotishlarini 2027-yil yakuniga qadar 25 foizga kamaytirish uchun jamiyat ijro organi faoliyatiga samaradorlikning asosiy ko‘rsatkichlari — KPI tizimi joriy etiladi.

Tizim to‘liq texnik auditdan o‘tkaziladi

Issiqlik ta’minoti infratuzilmasining texnik holatini baholash va uni yangilash bo‘yicha ham alohida vazifalar belgilangan.

2027-yil yakuniga qadar issiqlik ta’minoti tizimlarini to‘liq texnik auditdan o‘tkazish va uning natijalari asosida modernizatsiya dasturini ishlab chiqish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, 2027-yil 1-mayga qadar xalqaro konsultantlar bilan hamkorlikda issiqlik ta’minoti sohasini 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasi tayyorlanishi ko‘zda tutilgan.

Shunday qilib, taklif etilayotgan choralar bir tomondan isitish mavsumida ehtiyojmand oilalarga moddiy yordam ko‘rsatishni, ikkinchi tomondan esa issiqlik ta’minoti tizimining xarajatlari, texnik holati va boshqaruv samaradorligini yaxshilashni nazarda tutadi.

Теги :
Jamiyat