$
 12014.48
-39.55
 13858.70
-73.35
 166.61
-0.44
weather
+26
Кечаси   +14°

Maktab uchun sumka tanlashda nimalarga e’tibor berish kerak?

edu

Yangi o‘quv yili boshlanishiga sanoqli haftalar qoldi. Hozirdanoq bozor-u do‘konlarda o‘quv qurollari va kiyim-kechaklar savdosi avjida. Bunday vaziyatda eng ko‘p xarid qilinadigan mahsulotlardan biri esa, albatta, maktab sumkalaridir. Maktab sumkasini tanlashda nimalarga ahamiyat berish kerak? Bu borada tibbiyot mutaxassisining tavsiyalari qanday?

Mutaxassis minbari

Respublika bolalar ortopediya markazi direktori Akbar Tilyakov shu mavzudagi mulohaza va xulosalari bilan o‘rtoqlashdi.

— Noto‘g‘ri tanlangan va foydalanilgan ryukzaklar maktab yoshidagi bolalarning umurtqa pog‘onasi hamda mushaklari uchun ortiqcha yuklamani keltirib chiqaradi, — deydi mutaxassis. — Bu holat kelgusida skolioz kabi kasalliklarning rivojlanish xavfini oshirishi mumkin.

Sumka tanlashda e’tibor berish kerak bo‘lgan asosiy jihat

Ko‘pchilik bolalar sumka tanlashda portfelning tashqi ko‘rinishiga, ota-onalar esa chidamliligi, qulayligi hamda bahosiga alohida e’tibor qaratishadi. Aslida esa maktab sumkasi bolaning orqa qismiga qulay joylashadigan o‘lchamda, tasmalari yelka qismiga botmaydigan keng va yumshoq yostiqchali qoplamalar bilan ta’minlangan bo‘lishi lozim.

Bu muhim

Ryukzaklarni ikki yelkaga baravar osish tavsiya etiladi. Bu og‘irlikning tana bo‘ylab muvozanatli taqsimlanishiga xizmat qiladi va umurtqa pog‘onasi egriligi bilan bog‘liq patologiyalar kelib chiqishidan asraydi.

To‘g‘ri o‘lcham va og‘irlik

Maktab sumkasi beldan pastga tushmagan holatda, lekin undan 5 santimetrdan kam bo‘lmagan uzunlikda taqib yurilishi maqsadga muvofiq.

Ryukzakning umumiy og‘irligi bola vaznining 10-15 foizidan oshmasligi kerak. Bu me’yor kichik yoshdagi o‘quvchilar uchun taxminan 3-5 kilogramm, o‘rta sinfdagi bolajonlar uchun 6-8 kilogrammga teng.

Og‘ir narsalar ryukzak o‘rtasiga, yengillari har ikki tomoniga

Sumkaga o‘quv qurollari va jihozlarini joylashtirish ham muhim jarayon. Jumladan, og‘ir narsalar ryukzak o‘rtasiga, yengillari har ikki tomoniga muvozanatli solingani ma’qul. Qolaversa, katta hajmdagi, og‘ir va noqulay ryukzaklardan foydalanish bolajonlarning zinapoya va yo‘laklarda yiqilish xavfini oshiradi.

Bundan tashqari...

Ryukzak matosi suv o‘tkazmaydigan, orqa astari esa yupqa bo‘lmasligi kerak. Aks holda, sumka ichidagi qatiq buyumlar, kitob muqovalarining burchaklari kuraklar hamda bel sohasida og‘riq va jarohatlarni keltirib chiqarishi xavfi bor.