$
 12928.27
18.47
 13462.21
46.35
 129.66
0.57
weather
+26
Кечаси   +14°

Oʻzbekistonda ilk bor: Elmakon halol nasiyani taklif qilmoqda

f 2

Oʻzbekistondagi eng yirik chakana elektronika savdo tarmoqlaridan biri boʻlgan Elmakon oʻz mijozlariga qoʻshimcha qulaylik yaratish maqsadida mamlakatda birinchilardan boʻlib halol nasiya xizmatini taklif qilmoqda. Bunda mijoz istalgan mahsulotni oʻz narxida muddatli toʻlovga xarid qilishi mumkin. Ahamiyatli jihati, jarayon toʻliq Islom shariati talablari asosida amalga oshadi.

Elmakon savdo tarmogʻi 2017-yildan buyon Oʻzbekistonda zamonaviy formatda elektronika mahsulotlari savdosi bilan shugʻullanib kelmoqda. Tarmoq barcha texnika buyumlarini distribyutorlik asosida bevosita ishlab chiqaruvchilardan yetkazib kelgani bois bu yerda smartfon, elektronika, kichik maishiy texnika, kompyuterlar va elektron aksessuarlarni keng assortimentda va choʻntakbop narxlarda topish mumkin.

Savdo tarmogʻi asoschisi Elyor Bozorov BM Electronics, BMBOX.com kabi platformalarda tajribaga ega boʻlib, Elmakon orqali Oʻzbekistonda distribyutorlik faoliyatini yangi bosqichga olib chiqishni maqsad qilgan. Tadbirkor salkam ikki yil ichida respublika boʻyicha 11 ta doʻkon ochib, oylik savdo hajmini 2 mln dollarga olib chiqishga muvaffaq boʻldi.

Yagona savdo maydoni koʻrinishidagi doʻkonlarda mijoz texnika vositalari bilan bevosita tanishishi – nafaqat ushlab koʻrishi, balki shaxsan sinovdan oʻtkazib koʻrishi ham mumkin.

Shuningdek, Elmakon har bir mijozga individual tarzda yondashgan holda, professional konsultantlar xizmatini taklif qiladi. Ular mijozning istak va talablaridan kelib chiqib, eng maqbul tanlovni amalga oshirishda koʻmak berishadi.

Savdo tarmogʻi rahbari mijozlar uchun yaratilgan koʻplab qulayliklar qatorida halol nasiya xizmatiga alohida urgʻu beradi:

Turli gadjet va texnika vositalariga talab shiddat bilan oʻsib borayotgan bir vaqtda muddatli toʻlovga ham zarurat oshmoqda. Shuni inobatga olgan holda, Elmakonda birinchilardan boʻlib halol nasiya savdoni yoʻlga qoʻydik. Bu Oʻzbekiston uchun oʻziga xos yangilik. Boshqa savdo tarmoqlarida boʻlib toʻlash (rassrochka) xizmati bank byudjetiga asoslanib, ular ishlab chiqqan model asosida amalga oshirilsa, Elmakon bu borada oʻz tizimini yoʻlga qoʻygan. Bunda mahsulotni muddatli toʻlovga sotishning barcha shartlari Islom shariatida koʻrsatilgan hukmlarga muvofiq ravishda belgilanadi. Yaʼni halol nasiyaning boshqa muddatli toʻlov xizmatlaridan asosiy farqi – mahsulot narxining oddiy toʻlov shakliga nisbatan oʻzgarmasligi hamda boʻlib toʻlash kechikkanda undiriladigan pul – penyaning joriy etilmasligidir. Mazkur tizimning barcha detallari Islom ulamolarining koʻrsatma va tavsiyalariga asoslangan holda ishlab chiqilgan.

Elmakon mijozlari halol nasiya asosida 6 oy va 1 yil muddatga mahsulotni boʻlib toʻlash uchun xarid qilishlari mumkin. Hozirda savdo tarmogʻidagi umumiy savdo hajmining 20 foizgacha boʻlgan qismi nasiyaga toʻgʻri kelmoqda.

Elyor Bozorov bu tizimni amalga oshirishning oʻziga xos murakkabliklariga ham toʻxtalib oʻtdi.

Bu tizim Oʻzbekiston uchun yangilik boʻlgani bois, tabiiyki, oʻziga yarasha qiyinchiliklar ham kuzatilyapti. Mohiyatan, biz birgina pasport va ishonchga asoslanib, odamlarga nasiyaga tovar beryapmiz. Xaridorlarga toʻlov muddati haqida eslatib turish, toʻlov kechikkan taqdirda uy manziliga borib, rasmiy xat orqali yoki mahalla yigʻini yordamida ogohlantirish berishga toʻgʻri kelayotgan holatlar ham yoʻq emas.

Shularni inobatga olgan holda, tizimni takomillashtirish ustida ish olib bormoqdamiz. Xususan, algoritmlarga asoslangan holda mijozning toʻlov qobiliyatini baholash uchun skoring tizimini yoʻlga qoʻyish niyatidamiz. Bozorda bunga ehtiyoj boʻlsa-da, hali bank tizimida bunday xizmatlar taklif qilinmaydi. Shuningdek, mijoz oyma-oy toʻlovni qulay tarzda va oʻz vaqtida amalga oshirishini taʼminlovchi toʻlov tizimlarini ishlab chiqishni rejalashtirganmiz.

Bora-bora texnologiyalar rivoji va odamlarda toʻlov madaniyatining shakllanib borishi natijasida halol nasiya ham barqaror ishlovchi tizimga aylana oladi.