Elektr energiyasi uchun onlayn to‘lovlar 5 kun qabul qilinmaydi
“Hududiy elektr tarmoqlari“ AJ matbuot kotibining xabariga ko‘ra, shaxsiy hisob raqamdagi mavjud maʼlumotlarni olishda texnik uzilishlar ham bo‘lishi mumkin.
1 daqiqa o‘qiladi

2024-yil 31-iyul, soat 23:50 dan 5-avgust, soat 22:00 gacha elektr energiyasi uchun onlayn to‘lovlar qabul qilinmaydi. Bu haqda “Hududiy elektr tarmoqlari“ AJ matbuot kotibi xabar berdi.
Sabab nima?
Qayd etilishicha, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan yangi “HET BILLING” dasturiy kompleksi ishga tushirilmoqda. Shu munosabat bilan qariyb to‘liq besh kun davomida Ma’lumotlarni qayta ishlash markazida profilaktik ishlar olib boriladi. Mazkur vaqt oralig‘ida elektr energiyasi uchun onlayn to‘lovlarni amalga oshirib bo‘lmaydi. Shuningdek, shaxsiy hisob raqamdagi mavjud ma’lumotlarni olishda texnik uzilishlar ham bo‘lishi mumkin. Biroq oy oxirida hisobi tugaydigan iste’molchilar ayni muddatda qarzdorlikka chiqsa ham avtomatik tarzda tarmoqdan ajratilmaydi.



