Maktablarda o‘qituvchilar uchun “Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlantirish soati” o‘tiladi
Ushbu tadbirlarda mentor-o‘qituvchi sifatida faoliyat yuritadigan fan o‘qituvchilariga maoshining 20 foizi miqdorida qo‘shimcha har oylik ustama haq to‘lanadi.
2 daqiqa o‘qiladi

2024-2025-o‘quv yilidan boshlab umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘qituvchilari uchun fanlar kesimida “Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlantirish soati” tadbirlari bosqichma-bosqich joriy etiladi. Bu haqda AOKAda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda vazirlik huzuridagi Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti rahbariyati ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Hafta kunlari kesimida
Unga ko‘ra:
- Dushanba kuni — Ijtimoiy fanlar (tarix, davlat va huquq asoslari, tarbiya) o‘qituvchilari uchun;
- Seshanba kuni — Filologiya fanlari (ona tili va adabiyot, o‘zbek tili/rus tili) o‘qituvchilari uchun;
- Chorshanba kuni — Tabiiy fanlar (fizika va astronomiya, kimyo, biologiya, geografiya va iqtisodiyot, tabiiy fan — Sciyence) o‘qituvchilari uchun;
- Payshanba kuni — Aniq fanlar (matematika, informatika va axborot texnologiyalari) o‘qituvchilari uchun;
- Juma kuni — Xorijiy tillar o‘qituvchilari uchun;
- Shanba kuni — Amaliy fanlar (tasviriy san’at, chizmachilik, musiqa madaniyati, texnologiya, jismoniy tarbiya, chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik) va boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilari uchun “Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlantirish soati” tadbirlari tashkil etiladi.
20 foizlik ustama
Ushbu tadbirlarda mentor-o‘qituvchi sifatida faoliyat yuritadigan fan o‘qituvchilariga asosiy ish joyi bo‘lgan umumiy o‘rta ta’lim muassasasi direktor jamg‘armasi hisobidan lavozim maoshining 20 foizi miqdorida qo‘shimcha har oylik ustama haq to‘lanadi.
“Kasbiy rivojlanish kuni” tadbirlariga fanlar kesimida umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining yetakchi o‘qituvchilari jalb qilinadi.
Ish kuni hisoblanadi
Kasbiy rivojlanish kunlari tegishli fan o‘qituvchilari uchun asosan kasbiy rivojlantirish tadbirlarida ishtirok etadigan ish kuni hisoblanadi.
“Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlantirish soati” tadbirlari o‘tkaziladigan vaqtda tegishli fan o‘qituvchilari maktablardagi dars mashg‘ulotlari va boshqa tadbirlarga jalb qilinmaydi.



